12:30 / 22.10.2020
1 991

Braziliya Xitoyning koronavirusga qarshi vaksinani sotib olmaslikka qaror qildi

Braziliya Xitoyning koronavirusga qarshi vaksinani sotib olmaslikka qaror qildi
Foto: Sinovac LS
Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan imzolangan Xitoyda yaratilgan COVID-19’ga qarshi vaksinani sotib olish haqidagi shartnomani bekor qildi. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi.

«Braziliyaliklar tajriba quyoni bo‘lmaydi. Mana nima sababdan men bu vaksinani sotib olmaslikka qaror qildim», — deya ma’lum qilgan Bolsonaru.

Avvalroq Braziliya Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoyning Sinovac Biotech kompaniyasidan CoronaVac vaksinasining 46 millionta dozasi xarid qilinishini ma’lum qilgan, vaksinani yetkazib berish 2021 yilning yanvar oyida boshlanishi kerak edi.

Sinovac Biotech kompaniyasi tomonidan yaratilgan CoronaVac vaksinasi atrofida Braziliyada qizg‘in bahs kuzatilgan. Mamlakat prezidenti Oksford universiteti tomonidan yaratilgan vaksinani ma’qul ko‘rgan holda, CoronaVac vaksinasidan foydalanishga qarshi chiqqan. San-Paulu shtati gubernatori Joua Doria esa Sinovac Biotech kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvni ilgari surgan.

Kelishuvga asosan, Xitoyda yaratilgan vaksina San-Pauluda sinovdan o‘tkazilishi va ishlab chiqarilishi kerak edi. Shuningdek, Braziliya avvalroq Oksford universiteti tomonidan yaratilgan vaksinaning 100 million dozasini sotib olish haqida kelishuvga erishgan.

Braziliya dunyoda COVID-19 pandemiyasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlardan biri bo‘ldi. Mazkur mamlakatda 5,3 million kishida kasallik aniqlangan, ulardan 155 ming kishi kasallik oqibatida vafot etgan.

Ma’lumot uchun, Sinovac Xitoydagi tadqiqot kompaniyasi bo‘lib, vaksina yaratish va uni sotishga ixtisoslashgan. Kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, Sinovac Xitoyda vaksina texnologiyasi sohasida 12 ta patentga ega.

Kompaniya 2020 yilning yanvarida CoronaVac inaktiv vaksina yaratishni boshlagan. Kompaniya klinik sinovlarning birinchi va ikkinchi fazasini Szyansu provinsiyasida amalga oshirgan. 18-59 yosh oralig‘ida bo‘lgan 743 nafar sog‘lom odam 14 kun farqi bilan vaksinaning ikkita dozasini qabul qilgan.

Dastlabki tadqiqot natijalari vaksina xavfsiz ekanligini ko‘rsatgan. CoronaVac vaksinatsiya amalga oshirilganidan 14 kun o‘tib neytrallovchi antitanalar paydo bo‘lishiga olib keladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, neytrallovchi antitanalarni hosil qilish darajasi 90 foizga oshgan. Mazkur dori vositasi jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelmagan, biroq Sinovac LS bu boradagi batafsil ma’lumotlar bilan bo‘lishmagan.

Ikkinchi fazani 2020 yil oxirlarida yakunlashni taxmin qilgan kompaniya iyul oyining boshlarida klinik sinovlarning uchinchi fazasiga o‘tayotganini ma’lum qilgan.

Sinovlar Braziliyada Instituto Butantan mahalliy immunobiologik dori vositalari va vaksinalar yaratuvchi kompaniya bilan hamkorlikda 18—60 yosh oralig‘idagi 8870 nafar tibbiyot xodimlari va ko‘ngillilar o‘rtasida o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Braziliya Xitoyning koronavirusga qarshi vaksinani sotib olmaslikka qaror qildi