09:35 / 06.04.2021
1 716

Turkiyada 104 nafar iste’fodagi admiralga nisbatan tergov harakatlari boshlandi

Turkiyada 104 nafar iste’fodagi admiralga nisbatan tergov harakatlari boshlandi
Foto: Anadolu Agency
Turkiyada yangi Istanbul kanali qurilishiga qarshi va u bilan bog‘liq holda Turkiyaning Montryo konvensiyasidan chiqishi mumkinligidan tashvish bildirgan 104 nafar iste’fodagi admiralga nisbatan tergov harakatlari boshlandi. Ular o‘z xavotirlarini ochiq maktubda bildirishgan.

NTV nashrining xabar berishicha, Anqarada ularning maktubi hukumatning ishiga aralashuvga urinish deb qabul qilingan. Anqara ushbu tergov doirasida dalillar yo‘q qilib yuborilishi oldini olish va ushbu voqeaga aloqador boshqa gumonlanuvchilarni aniqlash maqsadida 10 nafar sobiq admiralni hibsga olgan. Yana 4 nafar gumonlanuvchining keksa yoshini hisobga olib, hibsga olmaslikka qaror qilingan, biroq ularga 3 kun ichida politsiyaga kelish tayinlangan.

Ta’kidlanishicha, bosh prokuratura ushbu maktubni kim tayyorlagani va unga kimlar aloqadorligini aniqlamoqchi.

Maktubni imzolagan sobiq admirallar Istanbul kanali qurilishi va Montryo konvensiyasi muhokamasi va buning ortida xalqaro kelishuvlar bekor qilinishi mumkinligidan xavotir bildirishgan.

Ushbu konvensiya Turkiyaga urushayotgan tomonlardan biri tarafida urushga kirishmaslik huquqini beradi. Bu unga Ikkinchi jahon urushida daxlsizlikni saqlashga imkon bergandi. Montryo konvensiyasi Qora dengiz davlatlari xavfsizligini ta’minlovchi asosiy hujjat va Qora dengizni tinchlik dengizi qiluvchi konvensiyadir”, deb yozishgan iste’fodagi admirallar maktubda. Shuningdek, ularning ta’kidlashicha, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yangi konstitutsiyani ishlab chiqish tashabbusini bildirayotgani ortida amaldagi konstitutsiyani saqlab qolish kerak.

Ta’kidlanishicha, hibsga olingan admirallar orasida Turkiyaning yangi dengiz doktrinasi - “Moviy vatan” asoschilaridan biri Jam Gyurdeniz ham bor. Ushbu doktrinaga ko‘ra, Turkiyada katta ko‘lamdagi dengiz hududlari, jumladan ba’zi grek orollari suv hududlariga egalik qilish huquqi bor.

Bu orada Turkiyaning asosiy muxolif Xalq-respublikasi partiyasi rahbari o‘rinbosari Engin O‘zko‘ch va “Vatan” partiyasi yetakchisi Muharram Inje admirallarning hibsga olinishini qoralab chiqishdi. “Montryo mavzusi – admirallar, dengizchilar mavzusidir. Agar ular bu mavzu bo‘yicha bayonot bermasa, unda kim beradi? Ayo Sofiya masjidi imomimi? So‘z erkinligi haqida bong uruvchilar admirallarni mamlakat manfaati uchun o‘z xavotirini bildirayotgani uchun hibsga olib, ularni davlat to‘ntaruviga urinishda ayblashmoqda”, deb yozgan Injde tvitterda.

Turkiyaning Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlariga egalik qilish huquqini tiklagan Montryo konvensiyasi 1936 yilda Qora dengiz bo‘g‘ozlari rejimi bo‘yicha anjumanda qabul qilingan. U ikki bo‘g‘oz orqali harbiy kemalar o‘tishi tartibini belgilaydi. Konvensiya bo‘g‘ozlar orqali faqat savdo kemalariga erkin o‘tish huquqini beradi. Bo‘g‘ozlar orqali harbiy kemalarning o‘tishi cheklangan. Ular orqali tinch vaqtda Qora dengiz bo‘yida joylashgan davlatlar istalgan sinfdagi o‘z harbiy kemalarini olib o‘ta oladi. Biroq boshqa davlatlar kemalarining bo‘g‘ozlar orqali o‘tishida ularning sinfi, tonnaji va Qora dengizda qolishi bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilgan.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Montryo konvensiyasi Istanbulda Bosfor bo‘g‘oziga parallel tarzda quriladigan yangi Istanbul kanaliga joriy qilinmasligini aytgandi. Shu bilan birga, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu ushbu kanal loyihasi Turkiyaning Montryo konvensiyasidan voz kechishiga qaratilmaganini aytgan.

Biroq ko‘plab siyosatshunoslar yangi kanal Qora dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqa olmaydigan davlatlar harbiy kemalarining Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlaridan o‘tishini cheklovchi Montryo konvensiyasi ta’siri ostidan chiqarilishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

Erdo‘g‘an Istanbul kanalini qurish g‘oyasini ilk bor 2011 yilgi saylovlar oldidan bildirgandi. Yangi kanal orqali kuniga 160ta kema, jumladan 300 ming tonnagacha yuk tashiydigan tankerlar o‘tishi taxmin qilinmoqda. Dastlabki rejaga ko‘ra, uning qurilishini Turkiya Respublikasi tashkil etilganining 100 yilligi nishonlanadigan 2023 yilda yakunlash ko‘zda tutilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyada 104 nafar iste’fodagi admiralga nisbatan tergov harakatlari boshlandi