09:30 / 09.04.2021
2 199

Zelenskiy Donbassdagi nizolar avj olayotgan bir paytda frontga jo‘nab ketdi

Zelenskiy Donbassdagi nizolar avj olayotgan bir paytda frontga jo‘nab ketdi
Foto: gomel.today
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy frontoldi harbiylari bilan uchrashish va «himoyachilarning ruhiyatini ko‘tarish» uchun xizmat safari bilan Donbassga jo‘nab ketdi. Bu haqda Ukraina rahbari matbuot xizmatiga tayanib, Meduza xabar berdi.

«Davlat rahbari keng ko‘lamli va barqaror sulh muntazam ravishda buzib kelinayotgan, shuningdek, yaqinda dushmanlarning o‘t ochishi natijasida ukrainalik himoyachilar halok bo‘lgan va jarohat olgan frontoldi pozitsiyalarga tashrif buyuradi», — deyiladi xabarda. Shuningdek, prezident idorasi Zelenskiyning Donbassga Ukraina oliy bosh qo‘mondoni sifatida borishini ta’kidladi.

Mart oyi oxirida rasmiy Kiyev va tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari o‘rtasidagi ziddiyat Ukraina harbiylariga qilingan hujumlardan so‘ng avj oldi. Shundan so‘ng Rossiya Ukraina chegaralari yaqinidagi qo‘shinlarini kuchaytira boshladi.

«RBK» xabariga ko‘ra, AQSH, Kanada, Litva, Polsha va Buyuk Britaniya vakillari virtual uchrashuv uyushtirib, Ukraina va Rossiyaning o‘z chegaralari yaqinidagi harbiy faoliyatini muhokama qildi.

«Majlis ishtirokchilari Rossiyaning mintaqadagi harbiy faolligi oshishi bilan bog‘liq o‘z xavotirlarini muhokama qildi», — deyiladi Pentagon bayonotida. Bayonotga ko‘ra, Rossiyaning harakatlari vaziyatni yomonlashtiradi va mojaroni bartaraf qilishni qiyinlashtiradi.

Uchrashuv ishtirokchilari «Ukrainaning suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi va Yevroatlantik intilishlarini qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqladi». Ular, shuningdek, Ukraina harbiy kuchlarini tayyorlash va ularning salohiyatini oshirishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Pentagon buni «mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlab qolish va NATOning o‘zaro hamkorlik tomon yanada intilishi uchun zarur», deb izohladi.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvni Buyuk Britaniya davlat kotibi Ben Uolles boshqargan. AQSH tomonidan mudofaa vazirining siyosat bo‘yicha o‘rinbosari Amanda Dori ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya qo‘shinlarining Donbassga tortilishi fonida Ukraina NATOga qo‘shilish masalasini qayta ko‘tardi. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan suhbatda Zelenskiy NATO Donbassdagi urushni to‘xtatishning yagona yo‘li ekanini aytdi. AQSH bu g‘oyani hozircha nazariy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda, Kremlning fikricha, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Donbassdagi inqirozni yanada kuchaytiradi.

Mart oyi oxirida The New York Times gazetasi 4 ming rus qo‘shini Ukraina chegaralariga, xususan, Rostov, Bryansk, Voronej viloyatlari va Qrimga yuborilgani haqida xabar berdi. Hammasi bo‘lib, Rossiya Qurolli Kuchlarining 28 ta taktik batalyon guruhi chegaralar bo‘ylab joylashtirilgan. AQSH rasmiylari Rossiyadan nima sababdan o‘zining janubi-g‘arbiy chegaralariga qo‘shin joylashtirgani haqida izoh talab qildi. Qo‘shma Shtatlar buni Ukrainaga qarshi provokatsiya deb hisoblamoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Donbassdagi nizolar avj olayotgan bir paytda frontga jo‘nab ketdi