Hindistonning naqdsiz inqilobi: kuniga 1 milliard tranzaksiya markazidan reportaj

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Hindistonda naqdsiz hisob-kitoblar kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan, bu jarayon smartfonlar orqali QR-kod skanerlash bilan amalga oshirilmoqda.
- Bu muvaffaqiyatning asosida "India Stack" deb nomlangan to‘rt qatlamli raqamli infratuzilma yotadi, jumladan, 1,44 milliard fuqaroni qamrab olgan raqamli biometrik kod (Aadhaar) va 9 milliarddan ortiq rasmiy hujjatni o‘z ichiga olgan DigiLocker tizimi.
Hindiston ko‘chalaridagi oddiy ko‘cha choyxonasidan tortib, Mumbay markazidagi osmono‘par savdo majmualarigacha bir xil manzaraga guvoh bo‘lasiz: odamlar cho‘ntagidan naqd pul emas, smartfon chiqarib, QR-kodni skanerlaydi. Dunyoning eng aholisi ko‘p mamlakatida naqdsiz hisob-kitob qanday qilib odatiy turmush tarziga aylandi?
Xalqaro media-turimiz doirasida ushbu raqamli mo‘jizaning miya markazi — NPCI (Hindiston Milliy to‘lovlar korporatsiyasi) bosh qarorgohida bo‘lib, tizimning ishlash mexanizmlarini o‘rgandik.

«India Stack»: To‘rt pog‘onali raqamli poydevor
Taqdimotlar davomida ma’lum bo‘lishicha, bu muvaffaqiyat tasodifan yuz bermagan. Uning negizida to‘rtta mustahkam infratuzilma qatlami yotibdi:
Raqamli biometrik kod (Aadhaar): 1,44 milliard fuqaro elektron identifikatsiya tizimi bilan qamrab olingan. Katta yoshdagi aholining 91 foizi rasmiy bank hisob raqamiga ega va har kuni qariyb 17 million kishi elektron shaklda (eKYC) tasdiqdan o‘tadi.
Qog‘ozsiz hujjatlar (DigiLocker): 9 milliarddan ortiq rasmiy hujjat raqamlashtirilgan bo‘lib, fuqarolar davlat va bank xizmatlaridan qog‘oz ko‘tarib yurmasdan foydalanmoqda.
Yagona naqdsiz to‘lovlar tarmog‘i (UPI va RuPay): Har qanday bank va fintex ilovasini o‘zaro bog‘lovchi tezkor, arzon va ochiq arxitektura.
Qulay infratuzilma: 1,3 milliard mobil aloqa foydalanuvchisi uchun 1 GB mobil internet narxi dunyodagi eng arzon ko‘rsatkichlardan biri — taxminan 0,10 dollarni tashkil etadi.
Kuniga 1 milliard tranzaksiya: Hayratlanarli raqamlar

NPCI taqdim etgan ko‘rsatkichlar nafaqat mintaqaviy, balki global moliyaviy bozor uchun ham misli ko‘rilmagan miqyosga ega:
Sayyoramizda banklar ishtirokida amalga oshiriladigan barcha onson tezkor to‘lovlarning qariyb 49 foizi aynan Hindistonning UPI tizimi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Tizim oyiga 24,5 milliarddan ortiq tranzaksiyani qayta ishlamoqda. Oylik aylanma 315 milliard dollardan, kunlik operatsiyalar soni esa 1 milliarddan oshadi.
2021 yilda UPI tranzaksiyalari qiymati Hindiston YAIMining 18 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu ulush 87 foizga (yillik 3,6 trillion dollarga) yetdi.
Xususiy monopoliya emas, milliy manfaat
Tizimning eng o‘ziga xos jihati uning boshqaruv modelidadir. NPCI — foyda olishni ko‘zlamaydigan (not-for-profit) tashkilot bo‘lib, uni Hindiston zaxira banki (RBI) va 65 ta yirik tijorat banki konsorsium sifatida boshqaradi.
Bu yerda xususiy fintex ilovalari (Google Pay, PhonePe, Paytm) foydalanuvchilarning pulini o‘z balansida to‘plamaydi. Ular faqat qulay interfeys taqdim etadi, mablag‘ esa xaridorning bank hisobidan sotuvchining hisobiga bir soniya ichida to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tadi. Natijada xavfsizlik kafolatlanadi va tizim komissiyasiz, erkin raqobat asosida ishlaydi.
BRIKS sammiti kunlarida Hindiston tomoni ushbu milliy tajribani hamkor davlatlar to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilishga tayyorligini bildirgan edi. Markaziy Osiyo, xususan, moliyaviy texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan O‘zbekiston uchun ham naqdsiz iqtisodiyot va ochiq fintex infratuzilmasini barpo etishda Mumbaydagi ushbu model katta amaliy ahamiyatga ega.































Izohlar 0
…