14:23 / 10.04.2021
2 891

Bishkekda olib qochilgan qizning jasadi topildi. Ichki ishlar vaziridan iste’fo talab qilinmoqda

Bishkekda olib qochilgan qizning jasadi topildi. Ichki ishlar vaziridan iste’fo talab qilinmoqda
Foto: Vyacheslav Oseledko / AFP / East News
Qirg‘iziston poytaxtida olib qochilgan 27 yoshli qiz ikki kun o‘tib o‘lik holda topildi. Fojia bishkekliklarni junbushga keltirdi, bir necha yuz fuqaro IIV rahbariyatidan iste’fo talab qilib namoyishga yig‘ildi.

Qirg‘izistonlik 27 yoshli Ayzada Kanatbekova 5 aprel kuni Bishkek shahrida o‘g‘irlab ketilgan.

Mahalliy OAVning yozishicha, uch nafar erkak qizni majburan mashinaga o‘tqazib, olib ketayotgani kameralarga tushib qolgan.

Garchi qiz olib qochib ketilgan mashinaning davlat raqami ma’lum bo‘lsa-da, ichki ishlar organlari zudlik bilan uni topish, jinoyatning oldini olish payida bo‘lmagani aytilmoqda. Qolaversa, hodisa guvohi bo‘lgan qizning odam o‘g‘irlangani haqidagi xabari ham mas’ullarni harakatga keltira olmagan.

Faqatgina qizning onasi mahalliy vaqt bilan soat 13:38da farzandining o‘g‘irlab ketilgani bo‘yicha rasman arz qilganidan keyingina qidiruv ishlari boshlangan.

Foto: Qirg‘iziston IIV axborot xizmati
Ikki kundan so‘ng Bishkek yaqinidagi Chuy viloyatidagi dalada turgan avtomobil salonida qizni zo‘rlik ishlatib o‘ldirish alomatlari bo‘lgan va 36 yoshli erkakning pichoq bilan jarohatlar yetkazilgan holatdagi jasadlari topilgan. Ularni mahalliy cho‘pon ko‘rib qolgan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, 36 yashar erkak qizni turmush qurishga ko‘ndirolmagach, uni bo‘g‘ib o‘ldirgan. So‘ngra o‘z joniga qasd qilgan.

8 aprel kuni Bishkekda 27 yoshli Ayzada Kanatbekovaning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishi holati yuzasidan uch yuzga yaqin kishi Ichki ishlar vazirligi hamda hukumat binolari oldiga namoyishga chiqdi.

Foto: AKIpress
Eslatib o‘tamiz, «qiz (bo‘lg‘usi kelin)ni olib qochish»ga Qirg‘izistonda milliy an’ana sifatida yondashiladi. Mamlakat Jinoyat kodeksida buning uchun jazo bor, ammo u og‘ir emas. Miting ishtirokchilari ushbu qarashni o‘zgartirish kerakligini, «qiz o‘g‘irlash» insonning qadr-qimmati va huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri poymol qilish hisoblanishini, bu milliy urf-odat emas, balki og‘ir jinoyat ekani qonun darajasida tan olinishi va ushbu jinoyat uchun jazo kuchaytirilishini so‘rashmoqda.

Namoyishchilar, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari bu borada faol emasligini ta’kidlab, ichki ishlar vaziri Ulan Niyozbekovning iste’foga chiqishini talab qilishgan.

Hodisa yuzasidan mamlakat parlamentida hisob bergan vazir Niyozbekov javobgarlikdan qochmoqchi emasligini, bu jinoyatning sodir etilishida ma’nan aybdor ekanliklarini ta’kidlagan. U ayni paytda voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotgani, uning natijasi bugun va ertaga ma’lum qilinishini aytgan.

Kanatbekovani olib qochishda ishtirok etgan ilk gumonlanuvchi 7 aprelda, yana uch nafari 8 aprelda qo‘lga olingan.

Vaziyatga dastavval Qirg‘iziston bosh vaziri aralashgan bo‘lsa, so‘ngra prezident Sadir Japarov ham munosabat bildirdi.

Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov
Foto: 24.kg

Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov namoyishchilar oldiga chiqib, ushbu ish prezident va o‘zining nazoratida ekanini aytgan, shuningdek tergov-surishtiruv ishlari uchun vaqt so‘ragan.

«Men Ayzada Kanatbekova ishini shaxsiy nazoratimga olaman. Bu ishni oxiriga yetkazish kerak, jazo esa muqarrar bo‘ladi», – deb yozgan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Facebook'dagi sahifasida.

Ayzada Kanatbekova
Foto: Sputnik

Ma’lumot uchun, 2018 yili nikohga majburlash maqsadida o‘g‘irlab ketilgan 19 yashar Burulay Turdialiyeva ham o‘ldirilgan, uni olib qochib, so‘ng o‘ldirgan shaxs esa 20 yilgan ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Mahalliy OAVda qizlarni nikohga majburlash uchun olib qochilgani haqidagi xabarlar ko‘p uchraydi. Aksar hollarda olib qochilgan qizlar o‘zi istamagan shaxs bilan birga turmush qurishga majbur bo‘lishadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qirg‘izistondagi vakolatxonasi Ayzada Kanatbekovani o‘g‘irlash va o‘ldirish ishiga munosabat bildirib, uning vafoti jamiyatni ayollarni o‘g‘irlash va majburiy nikohni to‘xtatishga chaqiriq ekanini, bu g‘ayriinsoniy amaliyotga chek qo‘yish kerakligini ta’kidlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bishkekda olib qochilgan qizning jasadi topildi. Ichki ishlar vaziridan iste’fo talab qilinmoqda