Qarshida usta uy egasining mashinasini olib qochib, YTH sodir etdi: bir ayol halok bo‘ldi

Qarshi shahrida ta’mirlash ishlarini bajarish uchun borgan erkak uy egasining “Cobalt” rusumli avtomobilini olib qochib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Oqibatda bir ayol halok bo‘lgan, yana bir kishi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak sherigi bilan Rog‘uzar mahallasidagi ko‘p qavatli uyga ta’mirlash ishlari uchun borgan. U deraza tokchasida turgan avtomobil kalitini ko‘rib, sherigiga bildirmasdan “Cobalt”ni olib qochgan.
Shundan so‘ng u yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va “Spark” bilan to‘qnashgan. Natijada “Spark”da yo‘lovchi sifatida ketayotgan ayol voqea joyida vafot etgan. Avtomobil haydovchisi esa og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan. Halok bo‘lgan ayol “Spark” haydovchisining onasi ekani aniqlangan.
YTH oqibatida “Cobalt”ga 39,8 million so‘m, “Spark”ka esa 27 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining hukmi bilan erkakka olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.






























Izohlar 0
…