12:00 / 02.07.2021
3 199

Kim Chen In Covid-19 bilan bog‘liq «fojiali hodisa» uchun qo‘l ostidagilarga g‘azabini sochdi. Bu nimani anglatadi?


Avvalroq rasmiy shaxslar ko‘rilgan samarali choralar tufayli pandemiya ushbu mamlakatga ta’sir qilmaganini aytishgandi. Ammo Kim Chen Inning bayonoti shuni anglatadiki, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat juda yaxshi emas.
Koreya Markaziy telegraf agentligi Kim Chen Inning Koreya Mehnat partiyasi rahbariyatining maxsus chaqirilgan yig‘ilishida aytgan so‘zlaridan iqtiboslar keltirgan.

U fuqarolar va milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan qandaydir fojiali hodisaga sabab bo‘lgani uchun nomi aytilmagan amaldorlarni qobiliyatsizlik va mas’uliyatsizlikda ayblagan.

Markaziy telegraf agentligi bir necha yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olingani haqida xabar bergan, jumladan, Koreya Mehnat partiyasi siyosiy byurosining doimiy a’zolaridan biri (doimiy a’zolar soni 5 nafar, Kim Chen In ulardan biri) va partiya Markaziy qo‘mitasi kotiblari almashtirilgan.

Aynan qanday hodisa haqida gap ketayotgani va ishdan olinganlar aynan kimlar bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan. Pandemiya boshlangach, 2020 yil yanvarida KXDR o‘z chegaralarini butunlay yopib olgandi.

Rasmiy Pxenyan mamlakatda koronavirus yo‘qligi haqida bir necha bor xabar bergan. Biroq 2020 yil iyul oyida Kim Chen In koronavirus gumon qilinayotgan birinchi holatni e’lon qilib, partiya siyosiy byurosining favqulodda yig‘ilishini chaqirgandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2021 yil iyun oyi oxiridagi ma’lumotlarida ham KXDR shu paytgacha koronavirus yuqtirish yoki infeksiyadan o‘lim holatlari haqida hisobot bermagani aks etgan.
Chegaralar yopilishi shusiz ham xalqaro sanksiyalar tufayli og‘ir ahvolda bo‘lgan iqtisodiyotni butkul inqirozga uchratib, oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligiga olib kelgandi.

Aprel oyida partiya konferensiyasida Kim Chen In mamlakatga ochlik xavf solayotganini tan olgan va fuqarolarni yangi «Og‘ir safar»ga (KXDRda 1990-yillar boshidagi iqtisodiy inqiroz va yuzaga kelgan ochlik davri shunday ataladi) tayyorlanishga chaqirgandi.

Bu nimani anglatadi?
O‘z vaqtida Shimoliy Koreyadan qochib ketgan va hozirda KXDR bo‘yicha ekspert hisoblangan An Chan Irning taxmin qilishicha, bu Pxenyan tashqaridan keladigan yordamga muhtojligi haqidagi signal hisoblanadi.

«Aks holda ular epidemiyaga qarshi kurashda rejimning muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olmagan bo‘lishardi», deb hisoblaydi u.
Seuldagi Ihva ayollar universiteti professori Oeyf-Erik Islining ishonch bilan aytishicha, agentlik xabari KXDR aholisining salomatligida jiddiy muammolar yuzaga kelganini anglatadi.

«U barchasiga balogardon odamlarni topadi - yetarlicha sodiq bo‘lmagan amaldorlarni mafkuradan chetga chiqishda va yomon ishlashda ayblab yo‘qotadi», deya taxmin qiladi professor.

«Bu xabar kamarlarni yanada qattiqroq tortish uchun talablarning asoslantirilishi ham, xorijdan vaksina olish uchun siyosiy tayyorgarlik ko‘rish ham bo‘lishi mumkin», deya qo‘shimcha qilgan doktor Isli.

Vaziyat qanchalar yomon?
Shimoliy Koreya qat’iy karantin choralari e’lon qilgan, davlat nashrlari doimiy ravishda fuqarolarni ogohlikka chorlab keladi.
O‘tgan yilda shimollik koreyslar Xitoydan kirib kelgan «sariq qum» tufayli trevoga ko‘tarishgandi. Fanga sahro qumlarini uchirib yuruvchi mavsumiy shamollar va Covid-19 tarqalishi o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik borligi ma’lum emas.

KXDRning asosiy iqtisodiy hamkori Xitoy bilan savdo hajmi keskin qisqarib ketgan. Ko‘plab turdagi oziq-ovqat vositalari va dori-darmonlar bozorda mavjud emas.

So‘nggi oylarda Shimoliy Koreyadan oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshgani, ochlikdan o‘lim holatlari va shahar ko‘chalarida tilanchilar ko‘paygani haqida xabarlar kelib tusha boshlagan. Xalqaro tashkilotlar jiddiy inqiroz haqida ogohlantirishmoqda.

Kim Chen In ozib ketdimi?
So‘nggi kunlarda Kim Chen In vaznini yo‘qotgani haqida ko‘p gapirildi. Avvalroq Shimoliy Koreya televideniyesi Kim Chen Inning sog‘ligidan xavotirda ekanini bildirgan pxenyanlik bilan intervyuni namoyish etgandi.

«Janob Kim qanchalik ozganini ko‘rib, biz qattiq qayg‘uga botdik. Barchamiz yig‘ladik», degan u Markaziy televideniye muxbiriga.
Bunday chiqishlar davlat nashrlari uchun xos emas, bu davlatda rahbar imiji qat’iy nazorat qilinadi, uning sog‘ligini muhokama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, teleefirda Kim Chen In konsertga tashrif buyurgani aks etgan lavhalar berilgan, kadrlarda u chindan ham avvalgi yillardagiga qaraganda ancha ozgani ko‘rinadi. Buni partiya yig‘ilishidan olingan kadrlar ham tasdiqlaydi.

Kim Chen In ishtirokidagi kadrlarni sinchkovlik bilan o‘rgangan kuzatuvchilar uning qo‘lidagi soat kamari ham endi boshqa teshikka mahkamlanayotganiga e’tibor qaratishgan. Shunday ekan, u katta vazn tashlaganiga shubha yo‘q.

Ammo shu vaqtgacha telekanal nima uchun Pxenyan aholisi vakili bilan bunday intervyuni namoyish etgani ma’lum emas.
«Faqat bir narsa haqida ishonch bilan gapirish mumkin - Shimoliy Koreyadagi rejim hech qachon Kim Chen Inni salbiy tomondan tasvirlovchi yangilikni e’lon qilishga ruxsat bermaydi», deya eslatadi One Korea Center sayti rahbari Kvak Gil Seob.

«Bu yangiliklar, ko‘p ehtimol bilan mamlakat chindan qiyin davrda yashayotgani, mamlakatda yeyish uchun hech vaqo qolmagani, rahbar esa xalq uchun tun-u kun qattiq mehnat qilayotganini ko‘rsatishga qaratilgan», deya qayd etadi ekspert.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kim Chen In Covid-19 bilan bog‘liq «fojiali hodisa» uchun qo‘l ostidagilarga g‘azabini sochdi. Bu nimani anglatadi?