17:35 / 05.08.2021
2 560

Olimlar COVID-19’ga qarshi vaksinalarning samaradorligi pasayganini ma’lum qildi


Foto: AP Photo
COVID-19’ga qarshi emlash kampaniyasini tadqiq qilib borayotgan bir guruh britaniyalik olimlar tez orada delta («hindcha») shtammning yuqori intensivligiga qarshi kurashadigan vaksinalar zarur bo‘lishi mumkinligini aniqladi.

Olimlarning fikricha, emlanmagan odamlar, ayniqsa, 12 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlar va ayrim emlangan britaniyaliklar orasida delta shtammning avj olishi qirollikda koronavirusning uchinchi to‘lqinini keltirib chiqargan. Tadqiqotchilar hammasi bo‘lib 98 ming kishidan namunalar olgan.

Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, bir oy avval 64 foiz bo‘lgan vaksina samaradorligi endilikda 49 foizgacha pasaygan. Shu bilan birga, vaksinaning COVID-19 alomatlaridan himoya qilish qobiliyati o‘tgan oyda 83 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 59 foizni tashkil etmoqda.

Tadqiqot mualliflarining fikriga ko‘ra, delta shtammga qarshi yangi vaksinalarni yaratish shtamm mutatsiyaga uchragani, mavjud vaksinalarni olgan bemorlarda ishlab chiqilgan antitanalar samaradorligi pasaygani haqidagi dalillar asosida oqlanishi mumkin.

Biroq olimlarning fikricha, hozirgi vaksinalar hali ham nisbatan yuqori darajada himoya qiladi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘liq emlangan odamlarda delta shtammga chalinish ehtimoli emlanmaganlarga qaraganda uch baravar kam bo‘lgan va ularda COVID-19 alomatlari ham kamroq kuzatilgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, to‘liq emlangan odamlarning qayta kasallanishi vaksinatsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda tobora jiddiy muammoga aylanmoqda. Tadqiqotda qayd etilishicha, Buyuk Britaniyada koronavirusning uchinchi to‘lqini mobaynida ko‘plab bolalar va yoshlar infeksiyaga chalindi: testdan ijobiy natijalarning qariyb yarmi 5 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan britaniyaliklarda qayd etilgan, ushbu yosh toifasi qirollik aholisining chorak qismini tashkil qiladi.

Olimlarning fikricha, bu ma’lumotlar voyaga yetmaganlarni emlash zarurligidan dalolat beradi. Ta’kidlanishicha, agar 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan yoshlar emlansa, bu «ijtimoiy aralashuv darajasi» oshadigan kuz faslida virusning tarqalish tezligini sezilarli darajada kamaytiradi.

Avvalroq britaniyalik olimlar o‘lim darajasi 35 foiz bo‘lgan yangi koronavirus shtammi paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, vaksinaning qo‘shimcha dozalari bilan emlash, shuningdek, koronavirus tarqalishi va chet eldan yangi shtammlarning kirib kelishi xavfini minimallashtirish yo‘li bilan ushbu ssenariyning oldini olish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar COVID-19’ga qarshi vaksinalarning samaradorligi pasayganini ma’lum qildi