12:08 / 16.09.2021
3 422

Olimlar COVID-19 ga qarshi ommaviy qayta emlash foydasiz ekanini ma’lum qildi

Olimlar COVID-19 ga qarshi ommaviy qayta emlash foydasiz ekanini ma’lum qildi
Foto: Getty Images
COVID-19 ga qarshi ommaviy qayta emlash hozir foyda bermaydi, aksincha nojo‘ya ta’sirga olib kelishi mumkin. Xalqaro olimlar guruhi shunday xulosaga keldi. Guruh tarkibida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatan va JSST sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi ijrochi direktori Maykl Rayan singari mutaxassislar bor. Ularning maqolasi The Lancet jurnalida chop etilgan.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, koronavirusga qarshi qayta vaksinatsiyani bunchalik erta o‘tkazish ikkilamchi ta’sirlarga olib kelishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu xulosa mRNK vaksinalariga ham, adenovirusga asoslangan preparatlarga ham taalluqli.

Hisobotda aytilishicha, qo‘shimcha dozalar tanaga juda erta yoki tez-tez yuborilgan taqdirda, bu bemorda miokarditni (bunda gap mRNK vaksinalarini, ya’ni Pfizer va Moderna bilan emlash haqida ketmoqda), shuningdek, Giyen-Barre sindromini («Sputnik V» va AstraZeneca singari adenovirusga asoslangan vaksinalar) keltirib chiqarishi mumkin.

«COVID-19 ga qarshi birlamchi emlashning foydasi virus bilan kasallanish xavfidan ustun ekaniga qaramay, qo‘shimcha vaksinalar juda erta yoki tez-tez yuborilsa, immunitet vositachiligidagi nojo‘ya ta’sirga ega boshqa xavflar paydo bo‘lishi mumkin» — deyiladi maqolada.

Olimlarning ta’kidlashicha, delta shtammi keltirib chiqargan yangi COVID-19 to‘lqini sog‘liqni saqlash sohasidagi global inqirozni yanada kuchaytirdi va ko‘pchilik mamlakatlar hukumatlarini emlangan aholining qo‘shimcha dozalarga ehtiyoji borligi haqida o‘ylashga majbur qildi. «Emlangan odamlarning immunitetini oshirish orqali COVID-19 bilan kasallanish holatlarini kamaytirish g‘oyasi oqilona ko‘rinsa-da, har qanday qaror dalillarga asoslangan bo‘lishi hamda shaxs va jamiyat uchun foyda va xavflarni hisobga olishi kerak».

Ularning fikricha, yaqin kelajakda qo‘shimcha emlash talab qilinishi mumkin, degan da’volar, agar ishonchli ma’lumotlar va tahlillar bilan qo‘llab-quvvatlanmasa, bu vaksinalarga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va birlamchi emlash harakatlariga putur yetkazishi mumkin.

«Agar baribir qo‘shimcha vaksinalar ishlatiladigan bo‘lsa, uning haqiqatan ham bevosita va bilvosita foyda keltirishini ko‘rsatib beruvchi muayyan holatlarni aniqlash kerak bo‘ladi. Qo‘shimcha tadqiqotlar bu holatlarni aniqlashga yordam beradi», — deb yozadi tadqiqot mualliflari.

Ularning qo‘shimcha qilishicha, immuniteti zaif odamlar, shuningdek, asosiy emlashdan keyin zarur himoyaga ega bo‘lmaganlarni qayta emlashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shu bilan birga, agar odamda birinchi emlashdan keyin immunitet rivojlanmagan bo‘lsa, unga qo‘shimcha vaksinaning ham ta’siri bo‘lmasligi mumkin, deya ta’kidladi olimlar.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar COVID-19 ga qarshi ommaviy qayta emlash foydasiz ekanini ma’lum qildi