Lionel Messi oilasida ogʻir damlar: Futbolchi otasining sogʻligʻi haqida bayonot berdi

Lionel Messi oilasida ogʻir damlar: Futbolchi otasining sogʻligʻi haqida bayonot berdi

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi va uning oilasi futbolchining otasi Xorxe Messi bilan bogʻliq vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Soʻnggi vaqtlarda OAVda tarqalgan turli mish-mishlarga chek qoʻyish maqsadida berilgan ushbu xabarda Xorxe Messining sogʻligʻida muammolar borligi tasdiqlandi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

ESPN nashri xabariga koʻra, Messi oilasi Xorxe ayni damda shifokorlar nazorati ostida ekanligini, biroq uning ahvoli ijobiy tomonga oʻzgarayotganini maʼlum qilgan. Bayonotda oila aʼzolari ushbu shaxsiy masalaning ommaviy axborot vositalarida asossiz va masʼuliyatsizlik bilan yoritilayotganidan chuqur norozilik bildirgan.

Mish-mishlar va oilaviy maxfiylik

Messi oilasi baʼzi nashrlarning vaziyatga nisbatan sezgirlik va hurmat koʻrsatmaganini tanqid ostiga oldi. "Hozirgi vaqtda Xorxe Messi tibbiy nazorat ostida va sogʻligʻi tiklanish jarayonida. Biz baʼzi odamlarning oilaviy shaxsiy masalaga nisbatan koʻrsatgan masʼuliyatsizligi va hurmatsizligidan qattiq ranjidik", — deyiladi rasmiy xabarda.

Shuningdek, bayonotda faqatgina eng yaqin qarindoshlar aniq maʼlumotga egaligi, oilaning rasmiy kanallaridan chiqmagan har qanday xabar yolgʻon deb hisoblanishi kerakligi uqtirilgan. Oila aʼzolari bunday nozik pallada insoniylik va vazminlikni saqlashni, Xorxe hamda uning yaqinlari tinchligini buzmaslikni soʻrashgan.

Jahon chempionatidagi hissiy holat

Lionel Messi AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan 2026-yilgi Jahon chempionatini juda koʻtarinki ruhda boshladi. Argentina terma jamoasi Jazoir ustidan 3:0 hisobida gʻalaba qozongan oʻyinda sardor xet-trik qayd etdi. Biroq, birinchi goldan soʻng Messining koʻz yoshlarini tutib tura olmagani koʻpchilikning eʼtiborini tortgan edi.

Keyinchalik futbolchi bu koʻz yoshlar futbol bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy qiyinchiliklar va ogʻir kunlar natijasi ekanligini tushuntirgan. U oʻz jamoadoshlariga va delegatsiya aʼzolariga unga kuch bergani uchun minnatdorchilik bildirdi. Ayni paytda Messining otasi bilan bogʻliq vaziyat uning maydondagi hissiyotlariga bevosita taʼsir koʻrsatgani oydinlashmoqda.

Eslatib oʻtamiz, ushbu oʻyindagi uchta gol Lionel Messiga Miroslav Klozening tarixiy rekordini yangilash imkonini berdi. Endilikda argentinalik yulduz hisobida Jahon chempionatlari tarixidagi 16-gol mavjud boʻlib, u turnir tarixidagi eng yaxshi toʻpurarlar roʻyxatida peshqadamlikka sherik boʻlib oldi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar