Erini sehr bilan o‘ldirmoqchi bo‘lgan ayol ishi sudda shov-shuv bo‘ldi

Erini sehr bilan o‘ldirmoqchi bo‘lgan ayol ishi sudda shov-shuv bo‘ldi

Turkiyaning Istanbul shahrida Oila ishlari bo‘yicha sudda ko‘pchilik e’tiborini tortgan g‘aroyib ish ko‘rib chiqildi. Unda ayol tomonidan eriga nisbatan sehr-jodu qilingani haqidagi da’volar asosida juftlikning nikohi bekor qilindi. Bu haqda “Oda TV” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Istanbulda yashovchi Z.T. ismli erkak va N.T. ismli ayol 2004 yilda turmush qurishgan. Ularning bu nikohidan ikki nafar farzand dunyoga kelgan. Da’vo materiallariga ko‘ra, bir kuni Z.T. ertalab uyg‘onib, xotini N.T.ning qo‘lida qaychi bilan sochini kesayotgan holatini ko‘rib qolgan.

Er o‘z xotinidan bu harakat sababini so‘raganda, u «Sen kasal bo‘lib vafot etishing uchun senga sehr-jodu qilayapman» degan javobni bergani qayd etilgan.

Bu holatdan qattiq shokka tushgan Z.T. o‘sha kuni uyning barcha burchaklarini tekshirib chiqqan va natijada uyning turli joylaridan 5–6 ta muhrlangan tumor topib olgan. U mazkur tumorlarni olib yashirib qo‘ygan va undan keyin xotinini kuzatishni boshlagan.

Da’vo arizasida qayd etilishicha, er xotinining telefonida boshqa bir erkak bilan yozishmalarni ko‘rib qolgan. Shuningdek, u ayolning ushbu erkak bilan yashirin uchrashuvlarga borganini ham aniqlagan.

Xiyonat va sehr-joduga duch kelganini ta’kidlagan Z.T. tumorlar va yozishmalarni dalil sifatida taqdim etib, ajrashish uchun sudga murojaat qilgan. U sudga kiritgan arizasida quyidagilarni bildirgan:

“Xotinim menga xiyonat qildi. U doim menga sehr-jodu qilib kelgan. Kun bo‘yi xushtori bilan ko‘chada yuradi. Muntazam spirtli ichimliklar iste’mol qiladi, uy va farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi. U menga o‘lim sehri qilgan. Shu bois men N.T. bilan ajrashishni talab qilaman va ma’naviy zarar uchun 700 ming lira tovon undirilishini so‘rayman”.

O‘z navbatida, N.T. esa barcha ayblovlarni rad etgan. Uning aytishicha, unga qo‘yilayotgan sehr-jodu ayblovlari asossiz bo‘lib, topilgan tumorlar oddiy baraka duolari hisoblanadi.

Ayol sudga taqdim etgan qarshi da’vo arizasida esa erini ziqnalikda ayblagan. Uning ta’kidlashicha, er doimiy ravishda uning barcha xarajatlari uchun chek va hisobot talab qilgan.

“Bunday hayot men uchun og‘ir bo‘ldi. Oilamizning buzilishida asosiy aybdor — erim”, degan N.T. eriga nisbatan 200 ming lira tovon puli undirishni so‘ragan.

Sud jarayoni davomida Z.T. taqdim etgan tumorlar maxsus ekspertga yuborilgan. Arab tili tarjimoni bo‘lgan ekspert ularni o‘qishga harakat qilgan, ammo matnni aniq tarjima qila olmagani uchun masjid imomidan yordam so‘ralgan.

Imom esa tumorlarda haqiqatan ham sehr-jodu mavjudligini aytgan. Uning fikricha, agar bu matnlar qayta ko‘chirib yozilsa, jodu yana kuchayishi mumkin.

Ekspert ham o‘z xulosasida imom so‘zlarini keltirib, ushbu yozuvlar sehr-jodu ekanini bayon qilgan va ularni qayta yozish mumkin emasligini ta’kidlagan.

Sud yakunda har ikki tomonni ham nikoh muammolarida mas’ul deb topib, juftlikni rasman ajratish haqida qaror chiqargan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar