23:12 / 17.09.2021
3 024

Afg‘oniston yangiliklari: Hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, vizalar qora bozori gullab-yashnamoqda

Afg‘oniston yangiliklari: Hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, vizalar qora bozori gullab-yashnamoqda
Foto: EPA
Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olgan «Tolibon» harakati o‘zlari tuzgan muvaqqat Vazirlar Mahkamasining birinchi majlisini o‘tkazdi.

Muvaqqat hukumat rahbari mulla Muhammad Hasan Ohund raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat muhokama qilindi. Bundan tashqari, mas’ul idoralarga Afg‘onistonda, ayniqsa, Kobulda xavfsizlik ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Shu bilan birga, majlis ishtirokchilari mamlakatda moliyaviy inqiroz yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch iqtisodiy choralar ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi a’zolari avvalroq «Tolibon»ga qarshilik milliy fronti tashkil qilingan shimoliy Panjsher viloyati aholisiga yordam berish muhimligini qayd etdi. Ushbu hududga gumanitar yordam yuborish haqida qaror qabul qilindi, shuningdek, OAV vakillari uchun viloyatdagi vaziyatni yoritishga qo‘yilgan taqiq olib tashlandi.

Afg‘onistonda vizalar savdosi bo‘yicha qora bozor gullab-yashnamoqda
Afg‘oniston hududi «Tolibon» tomonidan bosib olingach, mamlakatda chet el elchixonalarining ko‘pchiligi o‘z faoliyatini to‘xtatdi, oqibatda bu yerda xorijga ketish imkoniyatini beradigan vizalarning noqonuniy savdosi gullab-yashnamoqda.

Kobuldagi sayyohlik agentligi direktori Shafi Samim so‘zlariga ko‘ra, odamlar Pokistonga vizani 350 dollarga, Tojikistonga — 400 dollarga, O‘zbekistonga — 1350 dollarga sotib olmoqda, Turkiyaga viza narxi esa 5 ming dollargacha bo‘lishi mumkin. Afg‘onistonda hokimiyat qulashidan avval Pokistonga viza 15 dollar, Tojikiston yoki O‘zbekistonga — 60 dollar, Turkiyaga esa 120 dollar qiymatida bo‘lgan.

Ayni paytda yuqorida tilga olingan mamlakatlar orasidan faqat Pokistonga qonuniy viza olish mumkin. Ammo so‘nggi vaqtlarda afg‘onistonliklar, qo‘lida Pokistonga vizasi bo‘lsa ham, nazorat-o‘tkazish punktida to‘xtatilib, ulardan yana bir hujjat uchun pul talab qilinmoqda. Bunday «ruxsatnoma» narxi 350-400 dollar atrofida bo‘lishi mumkin.

Afg‘onistonliklar uchun noqonuniy vizalar kim tomonidan va qanday tayyorlanishi noma’lum. Shuningdek, bunday hujjatlar orqali odamlar chet elga ketishga muvaffaq bo‘layotgani yoki yo‘qligiga ham aniqlik kiritilmayapti.

Xitoy Rossiya, Eron va Pokistonga Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlik rejasini taklif qildi
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Rossiya, Eron va Pokistonga Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish hamda, xususan, mahalliy aholiga yordam ko‘rsatish va xavfsizlik tahdidlarining oldini olish bilan shug‘ullanishni taklif qildi. Vazir, shuningdek, AQSHni Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib ketganidan keyin mamlakatning qayta tiklanishi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga chaqirdi.

O‘z tashabbusini Van I Dushanbeda Rossiya, Eron va Pokiston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda e’lon qildi.

Si Szinpin dunyo hamjamiyatini Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Dushanbedagi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida yo‘llagan videomurojaatida tashkilotga a’zo mamlakatlar Afg‘onistonga tinch yo‘l bilan qayta tiklanishda yordam berishi va terrorizmning har qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lishiga qarshi kurashishi kerakligini ta’kidladi.

«Afg‘onistonda juda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashi kerak», — dedi u.

Xitoy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlik qilishdagi asosiy vazifa u yerda tinchlik, barqarorlikka erishish hamda izchil rivojlanish jarayonini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Si Szinpin SHHTga a’zo mamlakatlar o‘z siyosiy yo‘lida qat’iy turishi va tashqi aralashuvlarga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini aytdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston yangiliklari: Hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, vizalar qora bozori gullab-yashnamoqda