14:35 / 20.09.2021
3 275

Permdagi hujumni uyushtirgan o‘smir otishmaga qanday tayyorlanganini aytdi

Permdagi hujumni uyushtirgan o‘smir otishmaga qanday tayyorlanganini aytdi
20 sentabr kuni ertalab Rossiyaning Perm davlat milliy tadqiqot universitetiga qurollangan shaxs hujum qildi, deb yozadi Meduza.

Taxminan soat 11 larda avtomat ko‘targan harbiy kiyimdagi shaxs kampusda o‘t ochgan, shundan so‘ng u universitetning sakkizinchi korpusiga kirgan. Hujumchi kamida 30 marta o‘q uzgan, taxminlarga ko‘ra, o‘qlar Huglu 12 kalibrli silliq stvolli quroldan otilgan. Universitetda barcha darslar bekor qilindi.

Hodisa tufayli talabalar derazalardan tashqariga sakragan. Ko‘pchilik o‘z sinfxonasida barrikadalar qurib o‘ralib olgan. Shu bilan birga, talabalarning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilardan kamida bittasi, otishma boshlanganidan so‘ng, darsni to‘xtatib, kirish yo‘lini to‘sib qo‘yishdan bosh tortgan va ma’ruza materiallarini tekshirishini aytgan. O‘qituvchining ismi oshkor qilinmadi.

Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, otishmada sakkiz kishi halok bo‘lgan. Dastlab, besh kishi halok bo‘lgani, yana olti kishi jarohatlangani xabar qilingandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 19 kishi jarohat olganini aytmoqda («112» ma’lumotlariga ko‘ra, 20 kishi yaralangan). Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, boshqalar qatorida, universitet soqchilari ham jarohat olgan, ulardan biri halok bo‘lgani haqida xabar berilgan. Jabrlanganlarning yetti nafari kasalxonaga yotqizildi: ulardan biri og‘ir ahvolda, qolganlari — o‘rtacha og‘irlikdagi holatda.

Universitetga hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi, deya ma’lum qildi Tergov qo‘mitasi. Dastlab uning o‘ldirilgani haqida xabar berilgan, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmagan. Hibsga olish paytida o‘q otuvchi qurolli qarshilik ko‘rsatgan va yaralangan. Keyinchalik, universitet «VKontakte»da hujumchi o‘ldirilgani haqida xabar berdi, ammo biroz o‘tib bu xabar universitet sahifasidan g‘oyib bo‘ldi.

«112» va Baza yozishicha, o‘t ochgan shaxs — 18 yoshli Timur Bekmansurov. Tergov qo‘mitasi ma’lum qilishicha, otishma universitet talabasi tomonidan uyushtirilgan. Mash xabariga ko‘ra, u universitetning yuridik fakultetida «Sud ekspertizasi» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.

Perm universitetiga miltiq bilan hujum qilgan 18 yoshli o‘smir ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bunga uzoq tayyorlanganini yozdi.
"Bu sodir bo‘lgan voqea terrorchilik hujumi emas (hech bo‘lmaganda yuridik nuqtai nazardan). Men hech qanday ekstremistik tashkilotlarda ro‘yxatdan o‘tmaganman. Hech kimni aldash niyatim yo‘q, bularning barchasini o‘zim rejalashtirdim.

Tergov qo‘mitasiga oson bo‘lishi uchun men bularni yozmoqdaman. Hozir sizlarga barchasi qanday boshlangani haqida aytib beraman.

Bu haqda ancha oldindan reja tuzgandim. 10-sinfdalik paytimdan qurol sotib olish uchun pul yig‘a boshladim. O‘qotar qurol yoki V1 haydovchilik guvohnomasi olishni maqsad qilgandim. Ikki maqsadimdan tashqari yana portlovchi qurilma yasashni ham rejamga kiritgan edim. Merganlik qobiliyatim yomon emasligini ikki yillar oldin sinfdoshlarim bilan otish mashqlarida qatnashganimizdayoq sezganman.

Xullas, qurol sotib olish uchun shu yilning mart oyida yetarli mablag‘ to‘plandi. 18 ga to‘lgan kunim esa tezroq qurol uchun ruxsatnoma olishga kirishdim. Psixologik testlardan o‘tib, qurol uchun ruxsatnomaga ega bo‘ldim", deb yozgan Temur Bekmansurov VKontakte sahifasida.

Uning postida yana shunday jumlalar bor: «Men o‘zimdan nafratlanaman, lekin yo‘limga to‘siq bo‘ladiganlarning barchasiga alam keltirishni xohlayman».

Universitet binolarining xavfsizligini Arsenal-Region kompaniyasi ta’minlaydi. Kompaniya ilgari litsenziyasiz ishlagani uchun javobgarlikka tortilgan, deb yozadi «Mojem obyasnit» Telegram-kanali. Joriy yilning boshida universitet firma bilan oliygohni yanvar fevral oylarida qo‘riqlash bo‘yicha shartnoma tuzgan, ammo, kompaniyaning o‘zi jurnalistlarga ma’lum qilishicha, u universitetni qo‘riqlashda davom etmoqda. 2019 yilda kompaniyaga litsenziyasiz ishlagani uchun ogohlantirish berilgandi.

«Arsenal-Region»dagilar da’vo qilishicha, qo‘riqchilar hujumdan keyin favqulodda xizmatlarni chaqirgan, ammo u yerda qo‘ng‘iroqqa hech kim javob bermagan. Hujum chog‘ida uchta trevoga tugmasini bosishgan. Guvohlar aytishicha, 20 sentabr kungi otishma chog‘ida universitetda trevoga ishga tushmagan, mahalliy radio orqali ham hech qanday e’lon aytilmagan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ikki va undan ortiq odamning o‘ldirilishi moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Perm o‘lkasi gubernatori Dmitriy Maxonin universitetga jo‘nab ketdi. Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Mixail Mishustin topshirig‘i bilan sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko hamda fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov Permga uchib ketmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Permdagi hujumni uyushtirgan o‘smir otishmaga qanday tayyorlanganini aytdi