Tramp Zelenskiy haqida fikrini o‘zgartirdi: «U mard inson»

AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini yana bir bor o‘zgartirib, Vladimir Zelenskiyning urush sharoitidagi harakatlariga ijobiy baho berdi.
24 iyun kuni Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Sky News muxbiri Mark Stoun Trampdan Zelenskiyning hozirgi vaziyatda ustunlikka erishayotgan-erishmayotgani haqida so‘radi.
«Uning ishlari yomon emas. Nima bo‘lganda ham, u taslim bo‘lmayapti. Ikki tomondan juda ko‘p odam halok bo‘lmoqda, ammo menimcha, u vaziyatni yaxshi uddalayapti. Uning mard inson ekanini tan olmasdan iloj yo‘q. Qurollari ham, odamlari ham ajoyib. Ular haqiqiy jangchilar», — dedi Tramp.
Ushbu bayonot AQSH prezidentining Ukrainaga nisbatan munosabatida navbatdagi sezilarli o‘zgarish sifatida baholanmoqda.
Bir kun avval Zelenskiy kechki videomurojaatida Ukrainaning Rossiya hududidagi uzoq masofali zarbalari natijalarini sarhisob qilgan edi. Uning aytishicha, neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan hujumlar tufayli Rossiyaning 60 dan ortiq hududida yoqilg‘i tanqisligi kuzatilmoqda.
Zelenskiy Rossiya hukumati havo hujumidan mudofaa tizimlarini Moskva va Valdayni himoya qilishga ko‘proq yo‘naltirayotganini, bu esa mamlakatning boshqa qismlarini zaiflashtirayotganini ta’kidladi.
Ukraina rahbari, shuningdek, Rossiyani tinchlikni tanlashga majbur qilish uchun hamkorlar ko‘magi zarurligini aytdi.
«Operatsiyalarimiz, jumladan, Qrimdagi harakatlarimiz aniq rejalashtirilgan. Agar G7 doirasida hamkorlarimiz bilan muhokama qilingan imkoniyatlar Ukrainaga taqdim etilsa, Rossiyani tez orada tinchlikni tanlashga majbur qiladigan sharoitni yaratishimiz mumkin», — dedi Zelenskiy.
Trampning Ukraina masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarayotganining dastlabki jiddiy belgilari 15–17 iyun kunlari Fransiyaning Evian shahrida o‘tkazilgan G7 sammitidan keyin ko‘rina boshladi.
Sammitdan so‘ng Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Tramp Ukrainaga nisbatan yondashuvida «haqiqiy o‘zgarish» namoyon qilganini ta’kidladi.
Financial Times manbalarining bildirishicha, Ukrainaning Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berish kampaniyasi Trampda katta taassurot qoldirgan. Kyiv Independent esa ukrainalik yuqori martabali mansabdorga tayanib, Tramp shaxsiy muloqotlarda Zelenskiyni Rossiyaga qarshi yanada dadil harakat qilishga chaqirganini yozdi.
Biroq Vashingtonning pozitsiyasi to‘liq o‘zgargan, deb aytishga hali erta. Foreign Policy nashrining qayd etishicha, Oq uy Ukrainaga nisbatan asta-sekin xayrixohroq munosabat bildirayotgan bo‘lsa-da, Moskvaga qarshi keskin bayonotlar berishdan tiyilmoqda.
Yevropalik amaldorlardan biri Oq uydan Rossiyaning urush bilan bog‘liq harakatlarini ochiq qoralash so‘ralganini, ammo AQSH ma’muriyati bu muzokaralarga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirlanib, taklifni rad etganini bildirdi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Vashington pozitsiyasidagi o‘zgarish Moskvada norozilikni kuchaytirgan.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 23 iyun kuni Moskvada o‘tkazilgan forumda AQSHning Ukraina bo‘yicha keyingi rejalari Rossiyaga tushuntirilmaganini aytdi.
«Alyaskadagi jarayon Yevropa harakatlari singari Kiyev rejimini qayta qurollantirish uchun vaqt yutishga mo‘ljallangan, deb o‘ylashni istamasdim. Lekin amalda shunday bo‘lib chiqdi», — dedi Lavrov.
Rossiya TIV rahbari Moskva G7 sammitida nimalar muhokama qilinganini va Vashingtonning kelgusi yo‘nalishi qanday bo‘lishini aniq bilmoqchi ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Shu tariqa, Trampning Zelenskiy haqidagi iliq fikrlari AQSHning Ukrainaga nisbatan siyosatida ma’lum burilish bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Biroq Oq uyning Moskva bilan munosabatlarda hali ham ehtiyotkor pozitsiyada qolayotgani vaziyatning murakkabligini saqlab turibdi.































Izohlar 0
…