17:04 / 23.09.2021
2 538

Rossiya: patriarxning maxfiy daromadlari yoxud jazolangan ruhoniy

Rossiya: patriarxning maxfiy daromadlari yoxud jazolangan ruhoniy
Chuvashiya cherkovining yosh ruhoniysi patriarx Kirill va boshqa oliy ruhoniylarga daromad va mol-mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilganidan keyin cherkov xizmatidan chetlatildi.

Hashamat, boylikka ruju qo‘yganlik uchun tavba qilish fikrini aytgan ruhoniy ishdan haydaldi. Uning tashabbusini yashiradigan narsasi bor bo‘lgan rus pravoslav cherkovi rahbariyati tushuna olmadi. Qimmatbaho soatlar, yaxtalar, biznes samolyotlar, hashamatli kvartiralar sohibi bo‘lgan, biroq doim kamtarlik haqida gapiradigan Kirill Gundyayevning hayoti haqida quyidagi maqolada o‘qiysiz.

Ridus nashri xabar berganidek, Novocheboksarskdagi Sankt -Peterburg Kseniya cherkovining ruhoniysi Roman Stepanov Patriarx va Rossiya pravoslav cherkovining barcha ruhoniylariga daromad deklaratsiyasini e’lon qilish va tavba qilish uchun murojaat qilganidan keyin ruhoniylikdan haydalish bilan jazolandi.

"Ruhoniylarning cherkovdagi zo‘ravonliklarini oshkor qilganim va “Dojd” telekanaliga intervyu berganimdan keyin meni taqiqlashdi. Bunga dalil sifatida ular ilgari tavba qilgan va javob bergan narsalarimni ro‘kach qilishdi”, degan haydalgan ruhoniy Roman Stepanov.

Shu bilan birga, Stepanov unga ruhoniylar tomonidan qo‘yilgan ayblari – birinchi xotini bilan ajrashgani va boshqa ayol bilan birga yashayotgani, shuningdek, ilgari giyohvand moddalarni iste’mol qilgani, tavba qilib cherkov ishiga o‘tgani ilgaridan barchaga ma’lum bo‘lganini aytgan.

"Men chindan ham giyohvandlikka moyil edim, giyohvand moddalarni iste’mol qilganman... Shundan so‘ng men yepiskopim oldiga borib, cherkov jazosini oldim. Men noto‘g‘ri xatti-harakatlarim uchun allaqachon jazolanganman va cherkov huquqining tamoyillaridan biri shundaki, bitta jinoyat uchun ikki marta jazolanmaydi”, degan iyerey Roman Stepanov.

Ma’lumki, haqiqiy ismi Vladimir Mixaylovich Gundyayev bo‘lgan Moskva va Butunrossiya patriarxi Kirill hashamatli hayoti, boyliklari bilan ajralib turadi. Rasman uning bir yillik daromadi yarim million rubl deb e’lon qilinsa-da, uning boyliklari 10 milliardga teng deb hisoblanadi. Bu ishi unchalik insonlar sog‘ligiga yumshoq qilib aytganda foydasi bo‘lmasa ham Kirill Rus cherkoviga berilgan imtiyozlardan foydalanib 1993 yildan boshlab Rossiyaga soliqsiz gumanitar yordam maqomidagi tamaki mahsulotlarini olib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik ularni muntazam tarqatish punktlari orqali sotib katta boylik to‘plagan. Uni boshqarish uchun "Nika" moliyaviy-savdo tashkiloti ham tuzilgan.

Patriarx Kirillning hozirgi daromadi va mol-mulki asosan o‘sha yillardagi tamaki biznesidan tushgan daromadga qurilgan. Ekspertlarning fikricha, patriarx bu biznesini to‘xtatgan, biroq hozirgacha bojxona omborlarida qariyb 50 million dollarlik "muqaddas" sigareta zaxiralari qolgan.

Patriarx Kirill faqat bitta mashinada sayohat qilish bilan chegaralanmaydi: uning maqomi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Shunday qilib, uning ixtiyorida quyidagi avtoulovlar bor:
- Mercedes-Benz S-Class Pullman-500 ming dollar
- Toyota Land Cruiser - 80 ming dollar
- Cadillac Escalade - 75 ming dollar
- Limuzin – 55 ming dollar
- "Pobeda" avtomobili - 30 ming dollar.

Temir yo‘l orqali sayohat qilish uchun Patriarx Kirill o‘zining zirhli vagonidan foydalanadi. Yillik maoshi 480 ming rubl bo‘lgan odam uchun yomon kolleksiya emas.

Patriarxning uy-joylariga kelsak, Moskva va atrofidagi apartament va saroylardan tashqari Gelenjikda bahosi 1 milliard dollarlik koshona ham uning mulki hisoblanadi.

2021 yilning yozida odamlar rasman rus pravoslav cherkovining mulki hisoblangan “Pallada” yaxtasida dam olayotgan noma’lum yarim yalang‘och odamlarni suratga olishgani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Rus pravoslav cherkovi vakillari patriarx yaxtasida suratlarga izoh bera olishmadi.

Ilgari patriarxni tanqid qilib ishdan haydalgan ruhoniy Andrey Kurayev ham Roman Stepanovni qo‘llab-quvvatlagan.

«Bizda cherkov tuzilmalarining moliyaviy hisobotlari bilan qiziqishganda cherkov "biz davlatdan ajraganmiz" deb javob beradi. Xo‘sh, nima bo‘pti, davlatdan ajralgan jamg‘armalar juda ko‘p. Ammo qonunga ko‘ra, ular har yili qancha mablag‘ qolgani, kimdan olingani va nimaga sarflagani haqida hisobot berishlari shart. Hisobotlar faqat seyfdagi changni yig‘ibgina qolmay, balki ommaviy axborot vositalarida ham e’lon qilinishi kerak», degan Kurayev.

Internet saytlari asosida Yoqub Umar tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya: patriarxning maxfiy daromadlari yoxud jazolangan ruhoniy