Ayiq sayyohlarning ovqatini yeb qo‘ydi

Turkiyada tabiat qo‘ynida dam olayotgan sayyohlar kutilmagan holatga duch keldi — ularning dasturxoniga ayiq “mehmon” bo‘ldi. Bu haqda Hurriyet nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Tunjeli viloyatidagi Munzur vodiysi milliy bog‘ida sodir bo‘lgan. Sayyohlar ochiq havoda piknik uyushtirib, dasturxon yozishgan. Ammo ovqat hidini sezgan qo‘ng‘ir ayiq to‘satdan ularning yoniga kelib qolgan.
Vaziyatdan cho‘chigan dam oluvchilar yeguliklarni o‘sha joyning o‘zida qoldirib, xavfsizlik uchun tezda uzoqlashishga majbur bo‘lishgan. Shundan so‘ng ayiq bemalol dasturxonga yaqinlashib, ovqatlarni yeya boshlagan.
Qiziq tomoni, voqea ishtirokchilari uzoqdan turib ayiqning harakatlarini videoga olishga muvaffaq bo‘lishgan. Ushbu lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalib, foydalanuvchilar orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassislar esa bunday holatlar tabiat qo‘ynida dam olayotganda ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligini yana bir bor eslatishini ta’kidlashmoqda.






























Izohlar 0
…