17:17 / 15.11.2021
1 689

Donald Trampga tegishli mehmonxona 375 mln dollarga sotilmoqda

Donald Trampga tegishli mehmonxona 375 mln dollarga sotilmoqda
Foto: Politico
AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga tegishli Trump Organization kompaniyasi Vashingtondagi Trump International Hotel mehmonxonasini CGI Merchant Group’ga sotish bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda The Wall Street Journal’ga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Nashr manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, bitim qiymati 375 million dollarni tashkil etadi. CGI Merchant Group Trampning nomini olib tashlash niyatida va hozirda Hilton Worldwide Holdings bilan brending va mulkni boshqarish bo‘yicha kelishib olgan.

Mehmonxona Oq uy yaqinidagi Pensilvaniya-avenyuda, sobiq pochta bo‘linmasida joylashgan. Mehmonxonaning o‘zi Amerika hukumatiga tegishli, ammo u uzaytirish imkoniyati bilan 100 yil muddatga ijaraga beriladi.

Trampning kompaniyasi esa uch yil ichida 150 million dollar foyda ko‘rgani to‘g‘risida hisobot taqdim etganiga qaramay, Vakillar palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, mehmonxona 2016 yildan buyon zarariga ishlamoqda. Bundan tashqari, mehmonxonada Trampning prezidentlik davrida respublikachilar partiyasining a’zolari tez-tez to‘planib, lobbichilar va qonun chiqaruvchilar bilan uchrashib turgan.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, bitim 2022 yilning birinchi choragida yakunlanadi. Shu bilan birga, Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi Trampning 2016—2021 yillardagi prezidentlik davrida manfaatlar to‘qnashuvi yuz bergan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan tergov o‘tkazmoqda. Qo‘mita matbuot kotibining ma’lum qilishicha, Vakillar palatasi savdolar amalga oshirilganiga qaramay, tergovni to‘xtatmaydi. «Manfaatlar to‘qnashuvi masalasi mehmonxonaning sotib yuborilish yo‘li bilan to‘liq hal etilmaydi», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, oktabr boshida Forbes AQSHning eng badavlat insonlari ro‘yxatini e’lon qilgan va Tramp 25 yil ichida birinchi bor unga kiritilmagan edi. Uning reytingga kirishi uchun 400 million dollar yetmagan. Tahlilchilarning baholashicha, sobiq prezidentning boyligi 2,5 milliard dollarni tashkil etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Trampga tegishli mehmonxona 375 mln dollarga sotilmoqda