01:03 / 26.02.2022
2 082

Urushning ikkinchi kuni: Zelenskiy muzokaralardan bosh tortdi

Urushning ikkinchi kuni: Zelenskiy muzokaralardan bosh tortdi
Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA
Ukrainada urushning ikkinchi kunida ayrim hududlarda birinchi kundagiga qaraganda ancha shiddatli to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Rossiya bosqinining birinchi bosqichi kulminatsiyasiga chiqdi: rus harbiylari Kiyev ko‘chalarida paydo bo‘la boshladi.

«Meduza» joylardagi guvohlar tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan video va fotolar orqali frontdagi vaziyatni tahlil qildi.

24 fevral kuni kechqurungi vaziyat qanday edi?
Rossiya armiyasi vertolyotlar orqali Kiyev yaqinidagi Gostomel posyolkasida joylashgan «Antonov» aerodromiga desant tushirdi (keyinroq amaliyotda 200 vertolyot ishtirok etgani ma’lum qilindi). Desantchilar aeroportni egallab, shu yerda o‘rnashib olishdi. Bu desant Belarus orqali shimoldan bostirib kirgan rus qo‘shinlariga aloqador emas. Ukraina qo‘mondonligi Kiyevga tahdid solayotgan ushbu qismni yo‘q qilishni asosiy vazifalardan biri sifatida belgiladi. Aeroport hududida tun bo‘yi og‘ir janglar olib borildi.

Quruqlik orqali ushbu desant guruhiga qo‘shilishi kerak bo‘lgan guruh Chernobil atom elektrostansiyasi (u shu harakat yo‘nalishida joylashgan) yetib bordi, AES Kiyevdan 110 kilometr, Gostomeldan 90 kilometr masofada joylashgan.

Yana bir guruh Kursk oblastidan Chernigov orqali Kiyevga kirib kelish harakatini boshladi.

Ukrainaga Belgorod oblasti orqali kirgan rus qo‘shinlari Sumi oblasti markaziga hujum qildi. Shahar uchun tun bo‘yi janglar davom etdi, bu guruh keyinroq janubga yo‘l olib Xarkovni qamal qilishi mumkin.

Belgorod oblasti tomondan kirib kelgan yana bir guruh urushning ilk soatlarida Xarkov atrofiga yetib kelgan. Ammo yana bir necha soatdan keyin tanklar qarshi hujumidan keyin bu guruh ortga chekintirilgan. Bu to‘qnashuvda rossiyalik harbiylar katta yo‘qotishlarga uchragan, bir necha harbiy asirga tushgan.

Voronej oblastidan chiqqan rus harbiylari Lugansk oblastidagi Starobelsk tomon yurgan. Bu yerda ular Donbassdagi respublikalarga qarshi jang qilayotgan ukrain harbiylarini qurshovga olishga harakat qilishdi.

Qrimdan qilingan hujum nisbatan muvaffaqiyatli chiqdi. Rus bo‘linmalaridan biri Novaya Kaxovka va Xersonga yetib keldi, bu guruh Dneprni ko‘priklar orqali kesib o‘tdi va daryoning g‘arbiy sohilida ikkita platsdarmda joylashdi. Rossiya tanklari Xersonda paydo bo‘ldi va shiddatli janglar boshlandi.

Qrimdan kelgan ikkinchi guruh (yarimorol shimolidagi Perekopdan) sharq tomon harakatlandi — katta ehtimol bilan, Qrim va Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar o‘rtasida quruqlik aloqasini ta’minlash uchun. Bu yerda rus qo‘shinlari Genichesk shahrini egalladi va Melitopol tomon yurish qildi.

Donbassdagi «tutashuv chizig‘i»da Ukrainaning eng yirik armiyasi turibdi va pozitsion janglar olib bormoqda. Shu kuni kechqurun Mariupolga hujum boshlangan.

25 fevral kungi janglar
Tunni Chernobil atrofida o‘tkazgan rus qo‘shini Kiyev shimolidagi hududga yetib bordi.

«Antonov» aeroportidagi rus desanti Ukraina harbiylarining ketma-ket hujumlariga qaramay Gostomel va Bucha posyolkalaridagi pozitsiyalarini tutib turishdi. Katta ehtimol bilan desantga Chernobilda joylashgan harbiylar yordam berib turgan. Bu hududdagi vaziyat hamon tushunarsiz bo‘lib qolmoqda. RF mudofaa vazirligi ob’ekt to‘liq nazoratda ekanini aytmoqda, ukrainlar janglar davom etayotganini ma’lum qilgan.

Tongda Rossiya armiyasining ilg‘or otryadlari Kiyev shahridagi rayonlardan biri Obolonga kirishdi — shahar ko‘chalarida otishmalar boshlandi. Shahar shimolida ham rus qo‘shinlari joylashgandi, jumladan Rosgvardiya bo‘linmalari.

Kiyevga shimoli-g‘arbdan va g‘arbdan ham ruslarning yana ikki guruhi yaqinlashib kelgan. Sumi hududida ruslar yirik aholi punktlarini o‘rab olishgan, mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, rossiyaliklar artilleriya maktabini vayron qilishgan, Sumi oblasti markazini tark etib, Kiyev tomon harakatlanishgan. Shuningdek Konotop shahri qurshab olingan.

Ukraina hukumati Chernigov rayonidagi janglar haqida xabar bergan, bu yerga Kursk oblastidan bostirib kirgan ruslar hujum qilgan.

Xarkov va janubda Lugansk hamda Donetsk oblastlariga qadar bo‘lgan hududda artilleriya duellari davom etgan. Ukraina raketa artilleriyasi joylashgan Xarkovda rossiyaliklarning «Smerch» baravar o‘t ochish tizimlari yakson qilingan. Umuman olganda, Ukrainaning sharqdagi qo‘shinlari o‘z pozitsiyalarida mustahkam turmoqda.

Ukraina harbiylari «Tochka-U» ballistik raketalari bilan Rossiya hududiga - Rostov oblastidagi Millerovo aerodromiga hujum qilgan, shuningdek Donetsk bo‘ylab dushman pozitsiyalari o‘qqa tutilgan.

Ukraina janubida, rossiyalik harbiylar 24 fevral kuni ancha oldinga yurib bir necha shaharlarni qo‘lga kiritgan yo‘nalishda (Novaya Kaxovka, Genichevsk va boshqalar) bugun Ukrainaning zaxiradan qo‘shilgan kuchlari bilan eng qaqshatqich janglar bo‘lib o‘tdi. Rossiya armiyasi ham Qrimdan qo‘shimcha kuch tashlamoqda: yo‘llarda yuzlab harbiy texnikalardan iborat kolonnalarni ko‘rishgan.

25 fevral kuni kunduzi Melitopol markazi ruslar qo‘liga o‘tdi. Katta ehtimol bilan, ular endi shimoli-sharq yo‘nalishida harakatlanishmoqda — Energodar va Zaporojega borish uchun.

Bugun shuningdek Dnepr orqali Xersonga o‘tiladigan ko‘prik atrofida shiddatli janglar bo‘lib o‘tdi. Rossiya harbiylari Ukraina aviatsiyasi zarbalaridan keyin ko‘prik ustidan nazoratni yo‘qotgan. Rossiya armiyasining ortdan kelayotgan zaxira kuchlari Novaya Kaxovka tomon yo‘naltirilgan.

Mahalliy hukumat Xerson oblastining janubiy qismida mudofaa yorib o‘tilgani va ruslar oblast markaziga yaqinlashganini xabar qilishgan. Shuningdek, janubdagi Odessa va Nikolayeva shaharlarida otishmalar ketmoqda.

Ukraina armiyasi daryolar ustidagi ko‘priklarni portlatish orqali dushman hujumini to‘xtatishga harakat qilmoqda. Jumladan, Rossiya nazoratida qolayotgan Chernobil hududidagi ko‘prik ham portlatilgan, shu tufayli stansiyaga Slavutichdan navbatchi smena kela olmagan va kechagi smena ishlashda davom etmoqda. Shuningdek Desna ustidan Vishgorodga olib o‘tuvchi (Chernigovdan kelishda) ko‘prik ham portlatildi.

Kiyev mudofaasi

Kiyevda fuqarolarga qurol tarqatilmoqda. GETTY IMAGES
Juma kungi voqealarning asosiy syujeti Kiyevdagi bo‘ldi. Avvaliga Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina poytaxti g‘arbdan qamal qilinganini ma’lum qildi. Vazirlik Rossiya havo-desant kuchlari Kiyev yaqinidagi Gostomeldagi aeroportga tushirilgani va avvalroq aeroportni egallagan desantchilarga qo‘shilganini ma’lum qildi.

Shundan ko‘p o‘tmay Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko Ukraina poytaxti mudofaa bosqichiga o‘tganini e’lon qildi va shahar aholisidan uylaridan yoki boshpanalardan chiqmaslikni so‘radi. «Hozir ayrim rayonlarda o‘q va portlash ovozlari yangramoqda. Ukrainalik harbiylar rossiyalik qo‘poruvchi guruhlarni yo‘q qilmoqda. Afsuski, ayrim qo‘poruvchi guruhlar, poytaxtga kirishga erishdi va dushman poytaxtni hamda siz bilan bizni yo‘q qilmoqchi. Ukraina armiyasi shahar atrofini qo‘riqlamoqda. Vaziyat murakkab. Ammo biz qurolli kuchlarimizga ishonamiz. Ularni qo‘llab-quvvatlaymiz va yordam beramiz», dedi u.

Juma kuni Rossiya mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar shaharga shimoli-sharqdan kelish yo‘li - Chernigovni to‘sib qo‘yganini ma’lum qilgandi, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmadi.

Rossiya harbiylari aholi turar joylarini o‘qqa tutmayotganini aytayotgan bo‘lsa-da, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi harbiy harakatlar davomida tinch aholi vakillaridan kamida 25 kishi halok bo‘lgan, kamida 127 kishi artilleriya zarbalari va havo zarbalari oqibatida jabrlangan.

Kutilgan muzokaralar o‘tkazilmadi
Juma kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan «yuqori daraja»da muzokara o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. Kreml Minskka delegatsiya yuborishga tayyorligi, delegatsiyaga Mudofaa vazirligi, TIV va prezident ma’muriyati vakillari kirishini aytdi. Undan oldinroq TIV rahbari Sergey Lavrov faqat Ukraina qurolli kuchlari qurollarini topshirgan taqdirda muzokaralar o‘tkazilishini aytgandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy murojaatlaridan birida Vladimir Putinga ham yuzlanib, «odamlar halok bo‘lishini to‘xtatish uchun muzokaralar stoliga o‘tirish» taklifini bildirgandi. Ukraina prezidenti ma’muriyati ham mamlakat hukumati betaraflik maqomi haqida gaplashishdan qo‘rqmasligi, ammo buning uchun kelishuvlar bajarilishi ta’minlanishi kerakligini bildirgandi.

Ammo Vladimir Zelenskiy kun oxiriga qadar Putinning muzokaralar bo‘yicha taklifiga munosabat bildirmadi. Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Ukraina uchrashuv joyi sifatida Minsk tanlanganiga rozi bo‘lmaganini ma’lum qilib, Varshavada muzokara o‘tkazishni taklif qilgan, keyin esa «yo‘qolib qolgan».

«Zelenskiy neytral maqomni muhokama qilishga tayyorligi bo‘yicha bayonot berdi. Shu taklifdan kelib chiqib prezident Putin muzokaralar tashkillashtirishga rozilik berdi va biz bu haqda ukrainlarni xabardor qildik. Muzokaralar Minskda o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Rossiya tomonidan delegatsiya shakllantirildi, bu ma’lumotlarning barchasi Ukraina tomoniga yetkazildi. Kichik tanaffusdan keyin ukrainlar Minskda uchrashishga qarshi ekanliklarini va muzokaralar Varshavada bo‘lishini istashlarini aytishdi, keyin aloqa yo‘qoldi», dedi Kreml rasmiysi.

U Kiyev muzokaralar uchun tanaffus olgan vaqtda aholi yashash kvartallarida, jumladan Kiyevda baravar o‘t ochish tizimlari joylashtirilganiga urg‘u qaratdi.

Ko‘p o‘tmay Rossiya TIV muzokaralar ehtimoli bo‘lganiga qaramay, rossiyaliklarning harbiy amaliyoti hamon dolzarb ekanini ma’lum qildi. Vladimir Putin esa ukrain harbiylariga murojaat qildi: «Neonatsistlar va benderovchilar sizlarning bolalaringiz, rafiqalaringiz va qariyalardan jonli qalqon sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymang. Hokimiyatni o‘z qo‘lingizga oling! Aftidan, Kiyevda o‘tirib olib, Ukraina xalqini garovga olgan bu narkoman va neonatsistlar to‘dasidan ko‘ra, sizlar bilan kelishish osonroqqa o‘xshaydi».

Vladimir Zelenskiy esa Kiyevda o‘z ma’muriyati vakillari - bosh vazir Denis Shmigal, prezident ofisi rahbari Andrey Yermak, prezident ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak qurshovida turib videomurojaat qildi hamda hech qayerga ketmagani, shahar mudofaasida turganini aytdi.

Ko‘p o‘tmay u AQSH prezidenti Jo Bayden bilan suhbatlashganini ma’lum qildi.

Prezidentlar Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish, konkret mudofaa yordami va urushga qarshi koalitsiya masalasini muhokama qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urushning ikkinchi kuni: Zelenskiy muzokaralardan bosh tortdi