
AQShning Kaliforniya universiteti olimlari tomonidan JAMA Network Open ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqotlar shunday xulosa bermoqda, deb yozdi Health nashri.
“Shakar oʻz-oʻzidan yalligʻlanish keltirib chiqaruvchi mahsulot boʻlib, organizmda oksidlanish stressini ham yuzaga keltiradi”, — deb ta'kidladi tadqiqot hammuallifi Doroti Chu.
Oksidlanish stressi hujayralarning shikastlanishiga olib keladi. U va yalligʻlanish jarayonlari biologik qarishni tezlashtirishi mumkin.
Olimlar AQSh Milliy yurak, oʻpka va qon instituti (NGHS) tomonidan 1987–1997 yillarda olib borilgan tadqiqot doirasida toʻplangan ma'lumotlarni tahlil qildi. Ushbu ma'lumotlar 9 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan oq tanli va qora tanli qizlarning yurak-qon tomir salomatligi haqidagi axborotlarni oʻz ichiga oladi.
2015–2019 yillar davomida tadqiqotchilar Shimoliy Kaliforniyada yashovchi 350 ga yaqin ishtirokchilarni kuzatdi. Bu vaqt davomida ayollar oʻz ovqatlanish ratsionlari haqida ma'lumot bergan, shuningdek, ularning biologik yoshini tahlil qilish uchun zarur boʻlgan soʻlak namunalarini taqdim etgan.
Dastlab, tadqiqotchilar ishtirokchilarning ovqatlanish tartibini oʻrganib chiqdi. Ular buni Oʻrta Er dengizi parhezi va surunkali kasalliklar xavfini kamaytiradigan ovqatlanish rejasi bilan solishtirdi.
Ma'lum boʻlishicha, parhezga rioya qilgan ishtirokchilar odatda pastroq biologik yoshga ega boʻlgan.
Soʻng olimlar shakar iste'molini tahlil qilib, ayollar kuniga oʻrtacha 60 grammdan ortiq shakar iste'mol qilishini aniqladi. Ular eydigan yoki ichadigan qandning kunlik ortiqcha miqdori 3 grammdan 316 grammgacha boʻlgan.
AQSh Oziq-ovqat va dori-darmonlar boshqarmasi kuniga taxminan 2000 kaloriyali egulik iste'mol qiladigan kishilarning ratsionida ovqat va ichimliklarga qoʻshimcha shakar miqdorini 50 grammdan oshirmaslikni tavsiya etadi — gap odamlar ovqat yoki ichimlikka oʻzi qoʻshadigan har qanday turdagi shakar haqida ketmoqda.
Shuningdek, tadqiqotchilar qoʻshimcha shakar iste'moli tufayli hujayralar yoshga nisbatan tezroq qarishini aniqladi — hatto sogʻlom ovqatlanishga rioya qilgan ishtirokchilarda ham. Ya'ni, vaqt oʻtishi bilan ularning hujayralari yoshi biologik yoshdan kattaroq boʻlishi ehtimoli yuqori.
Olimlarning taxminiga koʻra, qand miqdorining me'yordan ortib ketishi epigenetika — hayot tarzi va atrof-muhitning genlarga ta'sir qiladigan oʻzgarishlar keltirib chiqarishida muhim rol oʻynaydi.
Bundan tashqari, shakar orqali glikirlanish jarayoni (qondagi shakarning oqsillarga birikishi, uning natijasida zararli moddalar hosil boʻladi) tezlashadi. Bu moddalar yalligʻlanish va hujayralarning qarishini tezlashtiradigan oksidlanish stressini keltirib chiqarishi mumkin.
Ammo yaxshi xabar ham bor. Epigenetik jarayonlar tufayli yuzaga kelgan oʻzgarishlarni ortga qaytarish mumkin. Kunlik iste'mol qilinadigan qoʻshimcha shakarni 10 grammga kamaytirish vaqt oʻtishi bilan insonning biologik soatini taxminan 2,4 oyga orqaga suradi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar