Ko‘p uxlash ham zararmi? Olimlar 10 yillik tadqiqot natijasini e’lon qildi

Ko‘p uxlash ham zararmi? Olimlar 10 yillik tadqiqot natijasini e’lon qildi

Sleep Medicine jurnalida Xitoyda o‘tkazilgan yirik tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Olimlar China Kadoorie Biobank ma’lumotlaridan foydalanib, ishtirokchilarning uyqu odatlarini tahlil qilgan. Kuzatuv qariyb 10 yil davom etgan.

Tadqiqotchilar kuniga 7–9 soat uxlaydigan odamlarni bundan kam yoki ko‘p uxlaydiganlar bilan solishtirgan.

Natijalarga ko‘ra, kuniga 7 soatdan kam yoki 9 soatdan ko‘p uxlash birinchi kardiometabolik kasallik rivojlanish xavfini 4 foizga, ikki yoki undan ortiq shunday kasallikka chalinish xavfini 10 foizga, har qanday sabab bilan vafot etish xavfini esa 7 foizga oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Kardiometabolik kasalliklar yurak xuruji, insult, qandli diabet, buyrak kasalliklari va alkogolga bog‘liq bo‘lmagan yog‘li jigar kasalligini o‘z ichiga oladi.

Eng yuqori xavf uyqu rejimi beqaror bo‘lgan, ya’ni ba’zi kunlari juda ko‘p, boshqa kunlari esa juda kam uxlaydigan odamlarda kuzatilgan. Mualliflar aniqlangan bog‘liqlik ishtirokchilarning turli guruhlarida ham saqlanganini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, olimlar uyqu davomiyligining o‘zi kasalliklarni keltirib chiqaradi, degan xulosaga kelmagan. Uyquning juda qisqa yoki uzoq bo‘lishi kasalliklar rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omillardan biri bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Stenford universiteti neyrobiologi tungi uyg‘onishdan keyin yana tezroq uxlab qolishga yordam berishi mumkin bo‘lgan oddiy usul haqida so‘zlab bergan. Aytilishicha, bu texnika bir daqiqadan ham kam vaqt oladi va buning uchun yotoqdan turish shart emas.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar