O‘g‘lonim, kelin kelguncha uyingdagilar uchun bola eding, uncha-munchaga sendan gina qilmasdilar. Kuyov bo‘lgan zahoting katta kishiga qanday qarasalar, seni shunday taftish eta boshlaydilar: endi sen uchun eng qaltis joy — oilang, yaqinlaring! «Ro‘zg‘or» degan xilqatning hech qayerda yozilmagan qonunlari, hukm va jazolari bor. Ko‘pincha sening xatolaring uchun ayoling javob beradi. Ehtiyotsizliging bois, bitta o‘zing bir necha kishiga ziyon yetkazasan. Bir jon senga turmushga chiqib farog‘at ko‘rmoqchi edi, ko‘rsin! Ota-onang seni uylantirib orzu-havasga erishmoqchi edilar, erishsinlar! Har bir harakating hisob-kitobda, ko‘zingni och, o‘g‘lonim!
Ko‘chadan kirarkansan, so‘zing bilan ham, ko‘zing bilan ham avval onangni izla, otangni ziyorat qil, ahvollarini so‘ra, so‘nggina ayolingni ko‘r va bolangga e’tibor qil. Bilginki, ota-onangning bitta ishi qolgan, u ham bo‘lsa, kunda sening eson-omon ishdan kelishingni kutish! Sen esa kela solib, ayolingni so‘rading yoki bolalaringni alqashga tushding. Shugina xatoingning kasrini ko‘r: ko‘zim tegmasin deb, seni hatto o‘zidan ham qizg‘anib o‘tgan ona seni butunlay egallab olgan kelindan qizg‘onmaydimi?! Muvozanat bundan tarang tortadi, qaynona-kelin mojarolari boshlanadi.
Onalar ham ikki xil bo‘lgich. Bag‘ri kengi aytadi: «Xudoga shukr, bolam ko‘chadan kelsa, kutib oladigan ahli ayoli, ovuntiradigan bolalari bor, endi xavotir olmasam ham bo‘ladi. Huzurimga uncha yugurmayaptimi, demak, bolam mensiz yashay oladi, endi mening tirgovuchligimga ehtiyoji qolmabdi», — deb o‘zini ovuntirgan bo‘ladi. Bolam meni kamroq o‘ylab qoldi degan dahshatli fikrni o‘zidan haydashga urinadi. Va g‘ash ko‘ngliga: «hadeganda kasal bo‘lib, uni ham chiqimdor, ham bezovta qilyapman. Bu bolamga jabr, asta ketib qo‘ya qolsam, unga yengilroq bo‘larmidi», — degan dilgir o‘ylar keladi! Bola-chaqasi bilan o‘ralashib, onaday g‘animatidan chetlab qolgan o‘g‘lonim, ko‘ryapsanmi, volidang ming rizolik bilan o‘ziga o‘lim so‘ray boshladi…
Bag‘ri tor ona aytadiki: «Bu kelinning ishi! Kecha kelib, bugun o‘g‘limni hushidan judo qildi-ya, o‘g‘limning og‘zidan ota tushmaydi-ya, bola tug‘ib berdim deb, bolamni egalladi qo‘ydi!» …va hokazo. Qarabsizki, kelinning hamma ishi yomonga chiqaveradi. Bu holatni tug‘dirgan san bo‘lding, sening beparvoliging bo‘ldi!
—Uylanganingdan keyin egachi-singil, aka-ukalaringga ko‘proq mulozamatda bo‘l. Ko‘rar ko‘zga o‘zingni ayolingga e’tibor bermayotganday tut.
— Hayit-arafalarda saharmardondan birinchi onangni yo‘qla, keyingina qaynonang va boshqalarga bor. Cho‘ntaging ko‘targan eng yaxshi narsani ota-onangga tortiq qil. Onang aslo sovg‘a so‘ramasa ham, sovg‘a keltirmaslikni tayinlasa ham, hech qachon huzuriga quruq borma». Bolaning qo‘li uzatgan ne’mat ota-onaga jannatiy rohat beradi.
—Ota-onang qay ahvolotda bo‘lishidan qat’i nazar, atrofdagilardan oriyat qilma, bag‘ringga bos. Bemor bo‘lsa, hech kimga ishonma, o‘zing yemak ber, o‘zing pokizala! Qo‘llaringda ko‘tarib yur, kulib gapir, kulib eshit. Ularning bu dunyoda farzandlaridan, ya’ni sendan boshqa xaridori yo‘q! Duo qilishni bilmaydigan ota-onaga ham muhabbat ko‘rsataver, seni Yaratganning o‘zi ko‘klarga ko‘taradi. Kimki kam bo‘lmapti, kimki azizu mukarramdir — ota-onasidan duo olgan insonlardir. Ota-onangni kaftingda tutganingni bolalaring ko‘rib tursin, javobiga, o‘g‘lonim, ular seni boshlarida ko‘taradilar!
Tursunoy SODIQOVA
Manba: Erk.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Qatarga qarshi qilish kerak bo‘lgan ishni qilmadik!