07:06 / 21.01.2018
6 560

Uch insonni baxtsiz qilgan to‘y...

Uch insonni baxtsiz qilgan to‘y...
Yangi yil arafasi bo‘lgani uchunmi, tamaddixonada odam gavjum. Mitti archalarda yal-yal yonayotgan o‘yinchoqlarga odamlar o‘zgacha zavq bilan qarab qo‘yishar, so‘ng nigohlarini uchib-uchib yog‘ayotgan qor parchalariga burishardi. Atrof bayram shukuhiga to‘lgan, ko‘zlarda esa shodlik. Yorqin chiroqlar yog‘dusi bir guruh qizlarning ham ko‘zini qamashtirar, ular bayram oldi yig‘ilishganidan shod edi.

— Iye, bu Nilufar-ku! — dedi birdan hammani o‘ziga qaratib, boyadan beri jag‘itinmasdan gapirlayotgan Zaynab. U oynaning narigi tarafida to‘xtagan mashina va undan tushgan tanishiga angrayib qolgandi.

— Qaysi Nilufar?

— Voy, anavi qizmi, egnidagi palto, juda qimmat!

— Mashinasiga ham gap yo‘q!

— Zaynab, sen bu qizni taniysanmi?!

Zaynab dugonalarining ichini kuydirish maqsadida biroz ma’noli sukut saqladi. Biroq ayni dam uni bu kichik, oddiy odamlar yashaydigan ko‘chada tentirab yurgan Nilufar qiziqtirardi. Zaynab Nilufarni garchi faqat xolasining qizi orqaligina tanisa-da, hozir xuddi yaqin dugonasini ko‘rib qolganday hayratga tushgandi.

— H-ha bir dugonam, — dedi Zaynab o‘zini beparvo ko‘rsatishga urinib.

Ko‘chada esa Nilufar allaqanday xaroba ustaxona tomon odimlayotgan edi.

— Chindan-a?!

— Eh, bilmaysizlar-da, to‘yigacha u bilan juda qalin dugona edik, — dedi Zaynab yolg‘on ishlatgani uchun ko‘zlarini olib qochishga urinib, sharbatdan icharkan.

— To‘yigacha? U turmush qurganmi? — dedi qizlardan biri.

— Ha, — Zaynab nigohi ila Nilufarni ustaxona ichkarisigacha kuzatib qo‘ydi-da, dugonalariga ishtiyoq bilan yuzlandi. — Tasavvur qilinglar, a, to‘yning dabdabasi o‘shanda butun shaharga ovoza bo‘lgan edi. Umrim davomida bundan-da ajoyib, bundan-da og‘izga tushadigan to‘y ko‘rgan emasman!

Zaynab anchadan buyon ko‘rmagan dugonalariga og‘zini to‘ldirib ertakona hikoya so‘zlay boshladi. Umuman olganda, qizning gaplari rost edi, faqat unda chaqirilmagan mehmon sifatida qatnashganini, xolasining qizi uni ham olib ketishga ming yalinib-yolvorishlardan keyingina ko‘nganini aytmaganda.

— Voy-bo‘! — dedi qizlar orasidagi ensasi qotib o‘tirgani burnini jiyirib. — Gapni ham olasan-da. Bu to‘y butun shaharga ovoza bo‘lgan emish, xo‘sh, nega unda men eshitmaganman sen aytayotgan o‘sha dabdabali to‘y haqida?

— Tabiiy! — dedi Zaynab ham bo‘sh kelmay kinoya bilan. — Axir men badavlat odamlarning to‘yi haqida gapiryapman. Sen unday davralarni qayerdan ham bilarding va ular to‘g‘risidagi bu kabi yangiliklarni qanday eshitarding? Azizam, kuldirmasang-chi bizni.

O‘n sakkiz yoshlar chamasidagi bir gala qiz uncha qimmat bo‘lmagan tamaddixonada ovqatlanishar, ammo o‘zlarini go‘yo oliynasab xonimlardek tutishardi. Ha, ularning hali orzu va umid so‘nmagan ko‘zlari porlab, Zaynabning gaplari ta’sirida xayollar og‘ushiga cho‘mishgan edi go‘yo…
* * *
Yozning ilk oyi. Odatdagi to‘ylardan farqli ravishda bezatilgan katta bog‘ nihoyatda sarishta. Atrofga kelinning ko‘ylagi misol oppoq mato va yangi ochilgan gullardan bezaklar o‘rnatilgan, sun’iy hovuz uchun rosmana oqqushlar ham olib keltirilgandi. Dasturxon shu qadar mukammal yozilganki, unda birorta ortiqcha hamda qo‘pol buyumni ko‘rmaysiz. Taomlar uchun alohida, shirinlik va ichimliklar uchun alohida mutaxassislar taklif qilingan, sahnadagi sozandalar esa allaqachon shay. Mehmonlar birin-ketin to‘y uchun hozirlangan bog‘ hovliga kirib kelishar, ularning kiyim-kechagidan tortib, taqinchoqlarigacha hammasi me’yorida. Mehmonlar, ayniqsa, bog‘ning o‘rtasida kelin-kuyov uchun yasalgan ko‘shkdan hayratda. Hayratdan og‘zi lang ochilganlar orasida Zaynab bilan va xolavachchasi ham bor. Zaynab qayerga kelib qolganini hamon anglamas, egnidagi libosidan uyalib, qimtinib yurardi.

— Voy, Xudoyim! — Zaynab san’at asari misol bezatilgan dasturxonga boqdi. — Opa, jannatga tushib qoldikmi?!

— Zaynab, og‘zingni yopsang-chi! — dedi unga tanbeh bergan qiz mezbonga salom berarkan. — Bari juda go‘zal, dugonam baxtli bo‘lsin!

— Aytganing kelsin, senga ham nasib qilsin, qizim!

Zaynabning ko‘zlari aftidan kelinning onasi bo‘lmish ayolga qadaldi, aniqrog‘i, ayolning taqinchoqlariga.

— Men lolman, opa, lol! — dedi Zaynab atrofni suratga tushirishni boshlab yuborarkan.

— Xudo haqi, singiljon, seni bu yerga olib kelganimga pushaymon qildirmasang-chi! Yig‘ishtir telefoningni!

— Sizning shunaqa boy dugonangiz bor deb hech o‘ylamasdim, opajon! — dedi Zaynab xolavachchasini quchib. — O‘ziyam rosa soddasiz-da, agar o‘rningizda bo‘lsam, shunday dugonam bor deb…

— Bo‘ldi, jim!

Zaynabning gapi og‘zida qoldi. Kelin-kuyov kelganiga ishora berib, an’anaviy musiqa yangradi va davraning egalari ko‘rinishdi. Ularning yuzidan baxtdan sarmast ekanligi shundoqqina sezilib turar, mehmonlar orasiga qo‘l ushlashgancha xursand kirishardi.

— Voh, buncha chiroyli!

— Chiroyli, lekin ibo bilan boshqa kelinchaklardek boshini egib kirganida yana-da chiroyli ko‘rinardi.

— Ey, opajon, qo‘ysangiz-chi eskicha gaplarni, — xolavachchasining gapiga ensa qotirgan Zaynab boshini baland ko‘tarib, mamnun jilmaydi. — Men ham to‘yimda erim bilan qo‘l ushlashgancha yengil harakatlar ila mehmonlarga peshvoz chiqaman.

— Keyin men o‘sha yerning o‘zidayoq, — dedi xolavachchasi Zaynabning boshiga barmog‘ini tirab, — mana bu qovoq kallangga bir tushiraman. Baxtni ko‘z-ko‘z qilish yaramaydi, ko‘z tegadi.

Zaynab «uf» dedi-yu, ortiq indamadi. Shohona to‘y avvaldan yozilgan ssenariy bo‘yicha risoladagiday o‘tar, kelin-kuyov valsidan tortib, gul otish marosimagacha bari Zaynab uchun beqiyos ertak edi go‘yo. Turli sahna ko‘rinishlari, raqqosayu eng oldi san’atkorlar, ular ustidan sochilgan pullar, bahaybat tort, hatto oppoq atirgullar bilan bezatilgan hovuz ham Zaynabning tushlariga haligacha kiradi. Qiz o‘sha yerning o‘zidayoq xolavachchasining ortidan borib, Nilufar bilan quyuq ko‘rishdi, tanishib oldi. Hatto yaqin dugonalardek suratga tushishni ham unutmadi. Va keyinchalik o‘sha surat bilan kimlarga maqtanmadi, deysiz. Xullas, Zaynab hayotida uchratgan eng zo‘r to‘yni hech qachon unutmaydigan bo‘ldi.
* * *
— Men hozir, — dedi Zaynab dugonalariga Nilufar ustaxonadan chiqqanini ko‘riboq — dugonam bilan salomlashib kelay, axir ming qilsa ham yaqinim edi!

Qiz «yaqinim edi» so‘zini o‘zgacha faxr bilan aytgandi. U oyog‘ini qo‘liga oldi-yu, Nilufar tomon oshiqdi.

— Nilufar opa, to‘xtasangiz-chi!

— Menga gapiryapsizmi?! — dedi Nilufar Zaynabga sinchkov tikilib.

Negadir uning ko‘zlari yig‘idan shishgandi.

— Men Zaynabman, to‘yingizda tanishgandik-ku, opamning dugonasi edingiz, eslayapsizmi? — dedi Zaynab va oyna ortida uni kuzatib turgan dugonalariga bir qarab qo‘ydi-da, Nilufarni sir boy bermay quchoqlab oldi. — Voy, opajon, sizni ko‘rganimdan biram xursandmanki.

— E-ha, esladim, — dedi Nilufar bu qizni elas-elas tanirkan jilmayishga urinib. — Opang qalay?

— Yaxshi. Bu yerlarda nima qilib yuribsiz?

— M-men…

— Ha-a, bu yerda tanishingiz bormi?

— M-meni tanishim, y-yo‘q, men shunchaki, h-haligi! — dovdiradi Nilufar.

Uning xayoli boshqa joydaligi ko‘rinib turardi.

Zaynab esa Nilufar bilan suhbatlashishni, unga singil tutinishni istardi. Hatto dugonalarining yonida mana shu kichik suhbatning o‘zidayoq obro‘si oshib ketadiganday edi go‘yo.

— Mayli, men ketishim kerak edi!

— Ha-ha, albatta, biz ham ketamiz, men bu yerga dugonalarim bilan kelgandim, — Zaynab tamaddixonaga ishora qildi. — Ana ular, darvoqe, men sizning olamshumul to‘yingiz haqida ularga aytib berayotgandim! Sizning to‘yingiz men ko‘rgan to‘ylar orasida eng yaxshisi, bebahosi!

— Ha, bebaho! — dedi Nilufar, so‘ng ko‘zlariga qalqigan ko‘z yoshni to‘kmaslik uchun darhol xayrlashdi. — Yaxshi qol, opangga salom ayt, men shoshyapman.

— Opajon, biroz shoshmang!

Zaynab Nilufarning orqasidan gapirgancha qolaverdi. Lablarini bir tishladi-yu, ichkariga kirib, dugonalariga aytadigan navbatdagi yolg‘onlarini o‘yladi. Nilufar esa bu qiz undan nima istashiga aslo qiziqmas, u hozir faqat ustaxonada qolgan, hech qachon yetisholmaydigan va hatto o‘ylash ham taqiqlangan sobiq sevgisini yodga olardi. Shuncha yigitlar orasidan uning ishqi mana shu kosib yigitga tushgani uchun taqdirini la’natlar, o‘tayotgan baxtsiz kunlaridan norozi bo‘lardi. Zaynab aytgan o‘sha dabdaba, o‘sha shov-shuvlarga boy to‘y hozir Nilufarning yodida ham qolmagan. U paytlar qo‘g‘irchoq misol davrada rol ijro etib bergani, ota-onasining qistovi bilan bu to‘yga rozilik bergani uchun o‘zini aslo kechirolmaydi. U mashinaga chiqib, yum-yum yig‘larkan, titrab ketdi va o‘ziga-o‘zi dedi: «Eng yaxshi to‘y emish, bu eng yaxshi uyushtirilgan to‘y, uch insonni baxtsiz etgan to‘y, shohona qafasning ibtidosi bu to‘y! Eh, ahmoq qiz, sen nimani ham bilarding?!»
Mohigul DIYoRXO‘JAYeVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Uch insonni baxtsiz qilgan to‘y...