Tongga yaqin kimningdir qattiq turtkisidan uyg‘onib ketdim. Kuzatuvchi ekan.
— Tur, yetding manzilga! — dedi u sal dag‘alroq ohangda. — Qani, yo‘l haqini cho‘zib qo‘y!
Shosha-pisha cho‘ntagimdan pul chiqarib unga tutqazdim-da, paltomni egnimga ilib pastga tushdim.
Shahardan chetroqda joylashgan bu vokzalda yo‘lovchilar juda kam edi. Burchak-burchaklarda ikki-uch kishilashib poyezd kutayotganlarnigina uchratdim.
Xo‘sh, endi qayerga boraman? Hademay tong butkul yorishadi. Xudo ko‘rsatmasin, turma shu shaharda bo‘lib chiqsa-yu, kimdir meni tanib qolsa-chi? Yo‘q, yaxshisi, odamlar ko‘p yig‘ilgan joylarga boraman. Shunday joylar har holda xavfsizroq. Birov birovni kuzatib o‘tirmaydi.
Vokzalni aylanib o‘tib, katta yo‘l bo‘yiga chiqib oldim va tavakkal oldinga qarab keta boshladim.
Chamasi, ikki chaqirimcha yo‘l bosganimdan so‘ng non do‘konini ko‘rib qoldim. Qornim och edi. Bitta non sotib olish ilinjida do‘kon ichkarisiga kirdim. Past bo‘yli, do‘mboqqina, yigirma-yigirma besh yoshlar oralig‘idagi qiz bug‘i chiqib turgan bo‘lka non solingan xaltachasini bilagiga ilgancha tashqariga chiqayotgan ekan. Eshik oldida menga urilib ketdi.
Shoshib qoldim. Darrov egilib, qo‘lidan tushib ketgan non solingan xaltachani yerdan ko‘tarib oldim-da, xuddi ayb ish qilib qo‘ygan boladek shivirlab uzr so‘radim.
— Kechiring, bilmay qoldim!..
Qiz menga nafrat aralash boqib, qo‘limdagi xaltachani zarda bilan tortib oldi va ketish asnosida ovoz chiqarib so‘kindi:
— Ko‘zingga qarasang, o‘lasanmi, kelgindi?.. Basharang qursin, iflos!..
Qizga javoban hech nima deyolmasdim. Haqoratlardan dilim og‘rigan bo‘lsa-da, tilimni tishlagancha do‘konga kirib ketdim.
* * *
Eng asosiysi, milisalarning nazariga tushmasam bas. Nonni kavshay-kavshay shahar markaziga yetib oldim. Tong ham yorishib, ko‘chalarda, yo‘laklarda o‘tkinchilar ko‘paygan, hammayoqni mashina, avtobuslar shovqini tutgandi. Havo esa baribir sovuq. Izg‘irin etni junjiktirib, paltoga qattiqroq o‘ralishga majbur etardi.
Shu ko‘yi kunni shahar aylanib o‘tkazdim. Hech kimda shubha uyg‘otmadim chog‘i, oshxonalarda bemalol ovqatlana oldim. Do‘konlarni tomosha qilib, o‘zimga issiq jempr ham sotib oldim.
Afsus, kech tushib, shahar ko‘chalarini simyog‘ochlardagi rang-barang chiroqlar yorita boshladi.
Endi qayerga boraman? Qayerda tunayman? Mehmonxonaga kira olmayman. Hujjatim yo‘q. Qolaversa, qo‘rqaman. Kim qayerda ijaraga odam qo‘yadi?..
Shunday xayollar girdobida qandaydir notanish ko‘chaga kirib qolibman. Ko‘cha yuzida qiz-juvonlar to‘p-to‘p bo‘lib olgancha turishardi. Ba’zilari shimda, ba’zilarining kiyimi kalta bo‘lib, oppoq sonlari o‘zini ko‘z-ko‘z qilib turardi.
— Nahotki, suyuqoyoqlar orasiga kelib qolgan bo‘lsam? — ko‘nglimdan o‘tkazdim men. — Ha, aniq o‘shalar. Bundaylarni Nina xolanikida yashab yurgan paytlarimda ham ko‘p ko‘rganman.
Shu tobda xayolimga bir fikr kelib qoldi.
— Biror suyuqoyoqnikiga kirib tunasam-chi? Ham tunda ko‘chada qolmayman, ham…
Shunday xayollar bilan suyuqoyoqlarga yaqinroq bordim.
Kutdirishmadi. Chetda turgan past bo‘ylisi yugurgancha oldimga keldi.
— Sen?..
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qarshimda ertalab non do‘koni yonida menga urilib ketgan qiz turardi.
Oldiniga nima deyishni bilmadim. Xijolat tortgan ko‘yi yerga boqdim.
— Nega jim bo‘p qolding? — qizning o‘zi meni gapirishga undardi. — Mayli, tongdagi voqeani unut! Men ham allaqachon esdan chiqarganman.
— Rahmat! — dedim qizga jilmayish qilib.
— Xo‘sh, dam olamizmi?
— Albatta. Biroq… Joyim yo‘q.
Qiz kulib yubordi va battarroq suzildi.
— Sendan joy so‘ramadim-ku!.. Menikiga boramiz. Tun bo‘yimi, yo bir-ikki soatgami?
— Tun bo‘yi. — javob qildim labimni tishlab.
— Yaxshi, ellik so‘m berasan.
Meni hozir pul qiziqtirmasdi. Manavi sovuqdan himoya etadigan uy bo‘lsa bas. Bu qizning bag‘rida yotmasam ham mayli. Faqat tinch, xotirjam tunash nasib etsa kifoya qilardi.
— Roziman, — dedim dangal. — Ketdikmi?
— Puling bormi o‘zi? — sal ishonqiramay so‘radi qiz.
— Pulim bo‘lmasa bu yerga kelmasdim. — dedim men ham undan balandroq kelib. — Boshlayqol tezroq!
— Xo‘p, ketdik. Faqat aytib qo‘yay, taksida olib ketasiz!..
Qizning birdaniga «siz»lashga o‘tgani ko‘nglimni bo‘shatib yubordi va uni mahkam quchib katta yo‘ldan g‘iz-g‘iz o‘tib turgan mashinalarga qo‘l ko‘tara boshladim.
* * *
Yo‘l-yo‘lakay tanishdik. Qizning ismi Tamara ekan. O‘n besh yoshida ota-onasi avtofalokatga yo‘liqqach, tirikchilik o‘tkazish maqsadida yomon yo‘llarga kiribdi.
Yarim soatda Tamara yashaydigan kvartiraga yetib keldik. Kvartira ikki xonali, deyarli jihozlanmagan. Lekin ozoda edi.
— Tez vannaxonaga kirib cho‘milib chiq! — dedi Tamara buyruq ohangida. — Ungacha men tuxum qovurib turaman.
Vannaxonada cho‘milarkanman, miyamda «Qaniydi mana shu uyda uzoq vaqt yashab qolsam!» degan o‘y g‘ujg‘on o‘ynardi.
— Yo tavakkal aytib ko‘rsammikan? — o‘ylardim o‘zimcha. — Nima qipti? Pulini to‘lasam bo‘ldi-da! Ko‘nmasa-chi? Unda nima qilaman? Ertaga boshqa bir suyuqoyoqni ilintiramanmi? Bir jihatdan yaxshi. Cho‘ntakda pul qappayib turgandan keyin mening o‘rnimda boshqa bo‘lsa ham shunday yo‘l tutardi. Aysh qilardi, yallo qilardi. Baribir bir kun milisalarning qo‘liga tushishini, qaytadan turma azobiga giriftor bo‘lishini bilardi. Ha, men ham xuddi shunday qilaman. Basharti ko‘nmasa, boshqasini topaman-u, yashab yuraveraman.
Vannaxonadan chiqqanimda Tamara allaqachon dasturxon tuzab qo‘ygan, o‘zi esa balkonda turgancha sigaret chekardi.
U meni ko‘rdi-yu, sigaretini kuldonda qoldirib oshxonaga kirdi.
— Namuncha devdaysan? — kulib so‘radi u mening bo‘y-bastimga hayrat aralash boqarkan. — Odam shunchalik ham novcha bo‘ladimi?
— Senga yoqmaydimi novchalar? — sekin qizga yaqin bordim-da, bo‘ynidan quchib o‘zimga tortdim.
— Yo‘q, oldin ovqatlanishing kerak. — o‘zini nari tortdi Tamara. — Aks holda…
— Buyog‘ini aytmasang ham o‘zim yaxshi bilaman. — dedim unga ma’noli ko‘z qisib. — Lekin bilib qo‘y, men juda yomonman.
— Voy-voy-voy… Maqtanishi qaranglar… Sendaqa yomonlarning ko‘pini ko‘rganman, yigit!.. Xo‘sh, qorning to‘ydimi?
— To‘ydi. — choydan ho‘plab o‘rnimdan turishga chog‘landim.
— Shoshilma, — bilagimdan mahkam tutib oldi Tamara. — Oldin haqini cho‘zib qo‘y. Ana undan keyin turasan.
— Uf-f!.. Hammang bir go‘rsan-a! Xo‘sh, qancha bo‘ladi o‘zi?
— Esingdan chiqdimi? Aytdim-ku o‘sha yoqda. Ellik bo‘ladi, ellik!..
Men cho‘ntagimni kovlab bir dona elliktalik chiqardim.
— Ma, ol!..
— Mana bu boshqa gap. Hamma erkak ham sendaqangi dangalchi bo‘lsaydi.
— Nima, boshqalar oldin berib qo‘ymaydimi?
— E, o‘lib ketsin unaqalar!.. — dedi Tamara o‘ng kaftimni yuziga bosib. — Seni uchratganim yaxshi bo‘ldi.
Biz qo‘ltiqlashgancha yotoqqa kirdik.
To‘g‘risini aytsam, Tamara Mariyadan butkul farq qilardi. Undan anqigan atir-upa hidi meni eritib borar, bo‘salar olib, guldek badanini siypalab to‘ymasdim…
* * *
— Sen juda yoqimtoy ekansan! — dedim erta tongda shirin uyquda yotgan Tamarani turtib. — Eshityapsanmi?
Tamara istar-istamas ko‘zlarini ochdi-da, ko‘ksimga bosh qo‘ydi.
— Yomon ekansan! — erkalangan ohangda shivirladi u. — Jonim chiqib ketayozdi. Shunchalik ham qiynaydimi?..
— Men hamma ayolniyam qiynayvermayman. Demak, sen menga yoqib tushding.
— Unda bugun ham qolaqol! — menga umidvor termuldi Tamara. — Seni umuman qo‘yvorgim kelmayapti.
— Qolishim mumkin. Ammo bir shartim bor.
— Shart? Qiziq bo‘ldi-ku! — Tamara dast o‘rnidan turib lablarimga barmoq bosdi. — Hali menga hech kim shart qo‘ymagandi.
— Men qo‘yaman-da! — jilmayib Tamarani quchdim. — Bu shartim sengayam yoqib tushishi aniq.
— Ayt! Namuncha chaynalasan? Ichim qizib ketyapti.
— Agar qolishimni xohlasang, anavi joyga chiqmaysan. Faqat menminan birga bo‘lasan. Puliga gap yo‘q.
— O‘, zo‘r-ku! — kulib yubordi Tamara. — Shunchalik boymisan?
— Senga nima farqi bor? Boshqalardan ham o‘sha pulni olasan-ku! Yaxshi emasmi?
— Umuman… Yomon fikr emas. Ammo… Boshliq nima derkin?
— Boshliq?
— Ha, bizdayam boshliq bor. U juda badjahl erkak. Mijozlar meni qidirsa-yu, topa olishmasa, tutoqib ketadi.
— Uyog‘idan ko‘ngling to‘q bo‘lsin! Boshlig‘ing bilan kerak bo‘lganda o‘zim gaplashaman.
— Unda senam eshitib qo‘y, — o‘rnidan turib ketdi Tamara. — Bir kecha-kunduzga yuz so‘mdan berasan. Har kuni ertalab qo‘lingdan o‘sha pulni sanab olaman.
— Shu xolosmi? Xo‘p, hozir beraymi?
— Tez!..
Men karavot chetiga ilingan paltom cho‘ntagidan ikkita elliktalik olib Tamaraga uzatdim. Va pulni qo‘liga olib og‘zining tanobi qochgan «suyukligim»ni qaytadan karavotga bosdim.
* * *
So‘nggi uch kun hayotimdagi eng totli lahzalar bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmas. Yoqimtoy, oq-sariqdan kelgan, malla sochi yelkasini o‘pgan Tamarani faqat ovqatlanish pallasidagina bag‘rimdan bo‘shatardim. Qolgan lahzalarda muhabbat mevasini birgalashib baham ko‘rardik. Charchab uyquga ketsak-da, qo‘llarimiz bir-birimizning bo‘ynimizga chirmashgancha qolardi.
Tan olmay ilojim yo‘q. Tamarani suyuqoyoq deyishga sira tilim bormay qolgandi. Chunki, u saranjom-sarishtalik bilan ish tutar, har bir harakatida pokizalik balqib turardi.
Uchinchi kun. Erta tong. Alang-jalang tushlar ko‘rdim shekilli, uyg‘onib ketdim. Yuragim g‘ash tortib sekin o‘rnimdan qo‘zg‘aldim va deraza qarshisiga borib sigaret tutatdim.
Shu payt tashqari eshik bezovta taqilladi. Avvaliga jim turib eshitdim. Pod’ezdda kimningdir so‘kingani qulog‘imga chalingach, hushyor tortib qo‘limdagi sigaret qoldig‘ini kuldonga bosdim.
Bu orada Tamara ham uyg‘onib ketdi.
— Kim ekan tong saharlab baqirgan? — norozi g‘udrangancha xalatini egniga ildi u. — Chiq-chi!.. Tag‘in boshlig‘imiz bo‘lmasin!
Sekin yo‘lakka chiqib tashqari eshikni ochdim. Ro‘paramda o‘rta bo‘yli, qorindor, taxminan qirqlarga kirgan erkak turardi.
— Toma!.. — baqirdi erkak salom-alikni ham nasya qilib. — Qayerdasan? Tez chiq buyoqqa!..
— Ha, nima bo‘ldi? — Tamara orqamdan kelib ostonada to‘xtadi. — Tinchlikmi, Vanya?..
— Sendan so‘ramoqchiydim buni! — dag‘dag‘a qila ketdi erkak. — «Tochka»ga chiqmay qand yeb o‘tiribsanmi? Mendan yashiriqcha mijoz qabul qiladigan bo‘ldingmi hali?..
Jahlim chiqib ketdi.
— Vey, namuncha kekkaymasang? Kimsan o‘zi?
— Nima? Toma, bu nusxa qayerdan kep qoldi? Nega menga iyagini ko‘taryapti?
— Baqiravermasdan ichkariga kirsang-chi! — erkakning yoqasidan tutib yo‘lakka sudrakladim. — Mana, endi gapir!
— Yo‘ldan qoch, yigit! — menga alam bilan boqdi erkak. — Men Tomani olib ketgani kelganman. U ishga chiqishi kerak.
— Hech qayerga bormaydi! — dedim cho‘rt kesib. — Men Tomani sotib olganman. Nima qilarding? Urasanmi?
— Ursam abjag‘ingni chiqarib qo‘yaman! Qani, yo‘lni bo‘shat!
— Ur! Nimaga qarab turibsan? Urmaysanmi?
Erkak aftini bujmaytirdi-da, Tamaraga bir qarab olgach, mushtini og‘zimga tiradi. Men bo‘lsam, epchillik bilan qo‘lini qayirib oldim-u, tomog‘iga chang soldim.
— Qo‘yvor, hezalak! Hozir senga…
Erkak kutilmaganda qo‘lini bo‘shatib olib chotimga yopishdi. Mana shu qilig‘i meni battar g‘azablantirib yubordi.
Uni bor kuchimni ishga solib itarib yubordim va yugurib borib duch kelgan yeriga tepa boshladim.
— Voy-dod! O‘ldirib qo‘yasan! Bas qil! — qichqirib atrofimda zir yugurardi Tamara. — Uni kaltaklashga haqing yo‘q! Qo‘yvor!
Oradan sal o‘tib erkak jim bo‘lib qoldi.
— O‘ldirib qo‘yding-ku, nomard! — polda cho‘zilib yotgan erkakning ustiga o‘zini otdi Tamara. — Nima qilib qo‘yding? Endi nima bo‘ladi?..
— Jim bo‘l! Namuncha uyni boshingga ko‘tarasan? Hushidan ketgandir.
— Ana, ko‘karib ketdi!.. Ko‘rmayapsanmi?..
Bu gapdan so‘ng egilib erkakning nafas olishini tekshirgan bo‘ldim. U zo‘rg‘a nafas olar, yurak urishi tobora sekinlashib borardi.
— «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qil! — buyurdim Tamaraga. — Tez bo‘l! Hozircha tirik!
Biz erkakni to balkonga sudraklab chiqib, telefonga yetgunimizcha, oradan besh-o‘n daqiqa o‘tib qoldi.
Bir mahal tashqari eshikni kimlardir tepa boshladi. Tamara chopib borib eshikni ochdi-yu, shu zahoti rangi oqarib ortga qaytdi.
Men hayron bo‘lib yo‘lakka chiqdim-u… Qotib qoldim.
Ro‘paramda to‘rt nafar militsioner turardi.
(davomi bor
Manba: "Hordiq"
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”