00:12 / 01.08.2018
7 810

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (20-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (20-qism)
Bugun Aleksandr menga xat orqali xabar berdi. Tungi soat o‘ndan so‘ng maxsus belgilangan uchrashuv xonasiga kirishim lozim ekan. Demak, tag‘in qotillik! Ojiza bir qizning o‘lim va hayot orasidagi talpinishlariga guvoh bo‘laman. Kim ekan o‘zi u? E, nima qizig‘i bor? Erkakni mentlarga sotgan ayol yaxshi bo‘larmidi?!. Ustiga ustak suyuqoyoq bo‘lsa! Anavi Tamara kabi betayin bir qizdir-da!..

Baribir Arsen voqeasidan keyin boshqacharoq bo‘lib qolgan edim. Kimnidir o‘ldirayotganimni tasavvur etsam, ichimda bilinar-bilinmas titroq uyg‘onar, yuragim g‘ash torta boshlardi. Afsuski… Orqaga yo‘l yo‘q! Nima bo‘lmasin, men shafqatdan yuz burishim, faqat maqsad sari intilishim lozim. O‘lsa nima bo‘pti? Nafas olishdan tiyiladi va tosh qotadi.

To nazoratchi olib ketguncha o‘zimni navbatdagi qotillikka ruhan tayyorladim. O‘ylaganim, mulohaza qilganim sari qalbim nafratga to‘lib bordi. Nihoyat xuddi ikki shisha aroq ichib mast bo‘lgan odam kabi haqiqiy sherga aylandim. Endi ko‘zlarim o‘ljadan boshqasini ko‘rmas, o‘ng qo‘lim kameradan olingan «tochilka» (qoshiqning tutqichi pichoq kabi o‘tkirlangan xili) ni mahkam qisgancha nazoratchining oldida dadil qadam tashlardim.

Mana, yetib ham keldik. Nazoratchi meni yashil eshikdan ichkariga turtkilab kiritib yubordi. Negadir xona chirog‘i o‘chirilgan edi. O‘ngdagi devorga o‘rnatilgan yoqqich tugmachasini bosdim va tosh qotdim…

Qanday baxt!.. Axir… Bu faqat tushda bo‘lishi mumkin-ku!..

Meni ko‘rib qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan Tamarani ko‘rib butkul boshqacha ahvolga tushib qolgandim. O‘zimni xuddi bir urinishda yettinchi osmonga chiqib qolgandek his etar, boyagina nafrat-u xiyonat, qasos-u intiqomdan oziq olgan yurak nuqul potirlardi.

* * *
Shu tobda eshik taqillab qoldi. Taqillatgan kimsa nazoratchi ekanini ko‘nglim sezgani bois asabiylashib zarda bilan eshikni ochdim.

— Nima kerak? — dag‘dag‘ali ohangda so‘radim undan. — Vaqt bo‘ldimi?

— Yo‘q, — dedi nazoratchi ehtiyotkorlik bilan yo‘lakni kuzatib olib. — Aleksandr so‘rayapti seni. Shoshilinch gap chiqib qolibdi.

— Bu-chi? Axir…

— Qiz o‘tirib turadi. Ustidan qulflab qo‘yaman.

— Yaxshi, ketdik!

Men hanuz titrashdan to‘xtamagan Tamaraga bir qarab qo‘ydim-da, tashqariga chiqdim.

Elliginchi kameraga kirib kelganimda, Aleksandrning kayfi ancha tarang, kamera sigaret tutuniga to‘lib ketgandi.

Aleksandr meni ko‘rdi-yu, dast o‘rnidan turib, yarimlab qolgan konyakdan qadahlarga quydi.

— Qizni ko‘rdingmi? — — so‘radi u qadahni menga uzatish asnosida. — Qalay?

— Sen menga katta yaxshilik qilding, — dedim kulib. — Ayni o‘zimning orzumdagi qiz chiqib qoldi.

— Nima? Sen uni tanirmiding?

— Taniganda qandoq! Oxirgi gal uning dastidan turmaga tushganman. Buyam kamlik qilgandek, u yaramas ancha-muncha pullarimni o‘marib qoldi.

— O‘, dardimiz bir ekan-ku! — Aleksandr menga yaqin kelib, ikki yelkamdan mahkam quchib oldi. — Unda ishimiz yengil kecharkan. Barakalla senga!

— Qanday gap bor edi? — maqsadga o‘tdim negadir toqatsizlanib. — Aybga yo‘ymagin-u, ammo endigina ish boshlamoqchi bo‘lib turganimda, beliga tepding.

Aleksandr kulib yubordi.

— Obbo sen-ey! — yelkamga qoqdi o‘zini kulgidan to‘xtata olmay. — Tushunaman, tushunaman! Turmada ancha yovvoyilashib qolgansan. Bunaqangi paytda kim xalal bersa, yeb qo‘ygisi kelib ketadi odamning! Meniyam boshimdan o‘tgan… Mayli, asosiy gapga o‘taylik…

Men Aleksandrga savol nazari bilan boqdim. U birpas bosh qashib olgandan so‘ng qaytadan kursiga cho‘kdi.

— Murod, bu qizni tez o‘ldirib qo‘ysang, oson ajal topmasmikan? Nima deysan?

— Bilmadim, — yelka qisish bilan cheklandim. — Xohlasang, bir-ikki soat jon bera olmay qiynaladigan ahvolga solishim mumkin.

— Tushunmading, — dedi Aleksandr. — Yolg‘iz o‘zing qiynasang, baribir unga kamlik qilishi mumkin.

— Unda nima maslahat berasan?

— Mundoq qilsak… Sen kayfingni qilasan… Istaganingcha qo‘yningda olib yotasan.

— Keyin-chi?

— Ana undan keyin qizni boshqa kameralarga tortiq qilamiz. Bratvalar ham badanlari qizib, qayerdan ayol topishni bilmay o‘tirishgandir?.. Xo‘sh, gapir!

— Juda aqlli fikr. Shunday qilsak, avval do‘zaxga tushadi-da, do‘zaxdan to‘ppa-to‘g‘ri uyoqqa ravona bo‘ladi.

— Juda topib gapirding. Bahonada ikkalamiz ham u manjalaqidan boplab qasd olamiz.

— Aytgancha… O‘ligi-chi?.. Murdasini…

— Buyog‘ini menga qo‘yib ber. — dedi Aleksandr sovuqqonlik bilan. — Bu turma ostida nechtalarning murdalari yotganini bilmaysan. Qizgayam joy topiladi.

— Men… Boraveraymi?..

— Tez bor, jononing zerikib qolgandir… Boraver!

* * *
Uchrashuvlar xonasiga yaqinlashib kelarkanman, qalbimni faxr tuyg‘usi qamrab olgandi. Ortimda shoshilmasdan qadam tashlayotgan nazoratchiga o‘g‘rincha qarab qo‘yar, ich-ichdan g‘ururlanardim.

Ha, men qisqa vaqt ichida Aleksandrdek xavfli va o‘ta shafqatsiz o‘g‘riboshiga yaqinlasha oldim. Uning ishonchiga kirdim. Menga kvartira ham va’da qildi. Balki turmadagi hayotim bundan-da yaxshiroq, yoqimliroq kechar…

Eshikni ochib ichkariga kirganimda, Tamara karavotning bir chetida yig‘lab o‘tirardi. Meni ko‘rdi-yu, dast o‘rnidan turib, xona burchiga o‘tib oldi.

— Menga tegma! — titroq aralash hayqirdi u qo‘llarini oldinga cho‘zib. — Haqing yo‘q!.. Bilib qo‘y, yaqin kelsang, mana shu tirnoqlarimminan so‘yib tashlayman!

— So‘yib?.. — kulib yubordim. — Tirnoq bilan odam so‘yib bo‘larkanmi? Pichoq yaxshi… Ish beradi… Beraymi pichoq?

— Ustimdan kulma!.. Pullaringni men olmaganman!

— Qo‘ysang-chi, jonidan! — dedim Tamaraga yaqin borib. — Hozir bu gaplarning mavridi emas. Kel, yaxshisi, kayf-safo qilamiz! Berilgan fursatdan foydalanib qolamiz.

— O‘ldirmaysanmi? — qo‘rquv aralash so‘radi Tamara.

— Jinni bo‘libmanmi seni o‘ldirib? Senday ofatijonni o‘ldirishga qo‘lim bormaydi.

— Rostdanmi? Rostdan o‘ldirmaysan-a?..

— Qasam ichaymi?..

Shu gapimdan so‘ng u bo‘shashib yelkamga boshini qo‘ydi.

— Mardligingni bilardim. — shivirladi Tamara o‘zini butkul ixtiyorimga topshirib. — Ba’zi yaramaslarga o‘xshamasligingga shubha qilmasdim.

— Seni menga Xudoning o‘zi yubordi. — deya Tamarani yechintira boshladim. — Qara, shunday kelishgan, jozibali qomat hech kimda yo‘q. Siynalaring har qanday erkakning jonini olishga qodir. Kel, bag‘rimga kir!.. Erit meni, erit!..

* * *
Keyingi kunlari Tamaraning taqdiri bilan umuman qiziqmadim. Asosiysi, Aleksandrning topshirig‘ini a’lo darajada ado etdim. Qolgani mening muammom emasdi.

Hayratga tushganim, ishda ham nazoratchi, soqchilarning menga nisbatan munosabatlari hiyla o‘zgargandi. Endi ular basharti qaddimni rostlab bir-ikki soniya nafas rostlasam, dag‘dag‘a qilishmas, o‘zlarini xuddi ko‘rmagandek tutishardi.

“Qonundagi o‘g‘rining turmadagi obro‘si bunchalik yuqori deb o‘ylamagandim. — xayolimdan o‘tkazdim kechki yo‘qlovdan qaytgach, karavotimga ohista cho‘karkanman. — Qiziq, boyligi qancha ekan?.. Hoynahoy, bozorlarda «tochka»lariyam yo‘q emasdir…”

Shu payt daricha ostidagi karavotda yotgan Borya degan ozg‘in, qirraburun ariston shoshib o‘rnidan turdi-da, uzun xodaga yopishdi. Bu xoda orqali SIZO da bo‘lganidek, turmadagi aristonlar bir-birlariga xat bitishadi. Ko‘pincha, Aleksandrning ko‘rsatmalarini qabul qilib olishadi.

— O‘, «paxan»dan ekan! — qo‘lida qog‘oz bilan pastga sakradi ariston.

— O‘zing o‘qi! — buyurdi Jenya yotgan yerida. — Kimga ekan o‘zi?..

Ariston xatga ko‘z tashlab olgach, mening qo‘limga tutqazdi.

— Jenya ikkovlaringga shekilli. — dedi u xijolat tortgan ko‘yi ikki qo‘lini darrov ko‘ksiga bosib. — Lekin… O‘qiganim yo‘q, ishoning!..

— Bo‘pti, bor joyingga! — qo‘l siltadim. — Buyog‘i sening ishing emas!

Xatni o‘qidim. Aleksandr negadir Jenya ikkalamizni huzuriga chorlabdi.

— Jenya, borishimiz shart ekan. — dedim egnimga turma kitelini ilib. — Zudlik bilan yetib bormasak bo‘lmas ekan elliginchi kameraga.

Jenya indamay kiyindi-da, kamera eshigi tomon yurdi.

* * *
Aleksandr odatiga ko‘ra oromkursiga yastanib olgancha konyak ichardi. Kirib kelganimizni ko‘rib hurmat uchun o‘rnidan qo‘zg‘alib qo‘ydi. Tepasida turib xizmat qilayotgan kalbosh, past bo‘yli ariston esa uning ishorasi bilan darhol eshik ro‘parasiga borib oldi.

— O‘tiringlar! — Aleksandr bizga joy ko‘rsatib o‘zi qadahlarga konk quydi. — Xo‘sh, bratvalar, kamerada nima gaplar?..

Birinchi bo‘lib Jenya tilga kirdi.

— Qiz masalasini hal qildik.

— Hech kim xitlanmadimi ishqilib? — so‘radi Aleksandr menga sirli nazar tashlab.

— Bilasiz-ku! Men bunaqa ishlarni qoyillatib tashlayman.

— Yaxshi. Endi asosiy masalaga o‘taylik.

Aleksandr lab tishlab picha o‘y surib turdi-da, davom etdi.

— Jenya, senga «toj» kiydirmasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi!

— Nima?.. — bu gapni eshitib Jenyaning chehrasi ochildi. — Rostdanmi?.. Uyoqdagilar…

— Ular bilan gaplashdim. — dedi Aleksandr. — Hammalari rozi. Faqat bir yumush qoldi.

— Tavsiyanomalarmi? — hovliqib so‘radi Jenya. — Boplaymiz!..

Men hamon gap nimada ekanini tushunmas, bir Jenyaga, bir Aleksandrga hayrat aralash tikilardim. Aleksandr holatimni payqadimi, savolga javob berish o‘rniga men tomon yuzlandi.

— Jenyaning avvalgi «unvon»ini qaytarmoqchimiz, Murod!.. Yaqinda qaytadan «Qonundagi o‘g‘ri» (vor v zakone) ga aylanadi akang. Xo‘sh, xursandmisan?..

— Albatta… xursandman… — sal tutilibroq javob qildim. — Ammo… Sen…

— Men yaqinda ozodlikka chiqaman. O‘rnimni Jenya egallaydi.

— Zo‘r ish bo‘pti. — mamnunligimni yashira olmay kaftlarimni bir-biriga ishqalay boshladim. — Jenya arziydi…

— Aytgancha, Jenya, sening shu kungacha qilgan ishlaringni yana bir karra tekshirib ko‘ramiz. Bilasan-ku, qartada qarzing qolmagan bo‘lishi kerak. Aks holda seni o‘g‘riboshilikka tayinlay olmayman.

— X-xo‘p… Xo‘p, — Jenya ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib qulluq qildi. — Men aniq bilaman. Orqamda qarz degan narsaning o‘zi qolmagan.

— Endi gap munday… Murodni sening o‘rningga ham kameraboshi, ham turma g‘aznachiligiga tayinlayman. Murod, kameraga boriboq, ishni qabul qilib ol! Harqalay, ishonchimni qozona olding. «Obщag» pullarini yaxshi saqlay olasan, kamerangda tartib o‘rnatish ham qo‘lingdan keladi. Mabodo muammo tug‘ilsa, tortinmay kelaver! Lekin… «Dolya» masalasini unutib qo‘ymalaring!

— O‘zim hammasini tushuntiraman. — gapni ilib ketdi Jenya. — Murod farosatli yigit. Hech narsani unutib qoldirmaydi.

— Unda boringlar! Jenya, tavsiyanoma yig‘ishni boshlayver! «Toj» kiydirish vaqtini o‘zim aytaman.

— Xo‘p, Aleksandr! Bu yaxshiligingizni o‘la o‘lguncha unutmayman!..

Aleksandr bu minnatdorchilikka javob berish o‘rniga menga yuzlandi.

— Murod, aytib qo‘yay, «musor»larga xizmat qila ko‘rma!

Men bosh irg‘agancha Jenyaning ortidan ergashdim.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (20-qism)