08:57 / 23.09.2018
22 617

Duolar qabul boʻlsin desak...

Duolar qabul boʻlsin desak...
Gohida ayrimlarning yozgʻirganini eshitib qolamiz: “Duo qilaveramiz, birortasining qabulini koʻrmadik!” Axir, qonun-qoidasiga muvofiq yozilmagan birgina ariza ham qabul qilinmas ekan, shartlariga rioya etilmagan duo qanday ijobat boʻlsin?! Oddiy bandadan nimadir soʻrashning oʻziga xos yoʻli, odobi boʻlganida, olamlar Parvardigoridan soʻrashning odobi boʻlmasinmi?

Duo, taʼbir joiz boʻlsa, huzuri ilohiyga yuborilgan arznoma. Insonning oʻz ojizligini eʼtirof etishi. Odamning oʻzi-oʻziga kifoya boʻlolmasligini bilishi. Bandaning borligʻi bitta yurakka aylanib ilohiy Dargohga yukunishi. Bor kuchi, butun imkoniyatini ishga solib ham maqsadiga yetolmagan odamning Parvardigoridan madad soʻrab qilgan nidosidir.

Koʻpchilikning duolari xuddi maktubsiz xatjildga oʻxshaydi. Buni boshqachasiga ifodalasak, jasad boru, ruh yoʻq, poʻsti boru, magʻzi yoʻq.

Yoshlanmagan koʻz, qizarmagan yuz, his qilinmagan ming bir soʻz bilan aytilgan duolar ilohiy Dargohga qanday ham yuksalsin? Yonmaydigan, sirqiramaydigan, sogʻinmaydigan, ingramaydigan yurakning faryodi boʻladimi oʻzi? Tosh qotgan qalblar DUOdek ulugʻ murojaatnomani qaysi kuch bilan manziliga eltsin? Ovozini oʻz egasiga ham yetkaza olmaydigan, oʻzi sohibining sasini eshitishdan ojiz boʻlgan yurak yuksaklarni larzaga solib qanday hayqira olsin?

Buni tushungan odam, bola onasidan bir nimani oyoq tirab soʻraganidek, qatʼiyat bilan duo qiladi. Xuddi “Fotiha” surasini har kuni oʻnlab marta oʻqigani kabi qayta-qayta iltijo qiladi.

Duo bamisoli huzuri ilohiyga yuborilgan taklifnoma. Unda taklifnoma egasining manzili yozilgan boʻlishi kerakki, ijobat etuvchi uni topsin. Bu esa insonning Yaratgan huzurida qoim turishidir. Haq huzurida turish qoidasini buzgan yoki uni bilmagan kishi odamlarni uyiga taklif qilib, oʻzi uyidan ketib qolgan masʼuliyatsiz kimsaga oʻxshaydi. Shu ahvolda uning duosini samimiy deb boʻladimi?

Aytaylik, manzil ham topildi. Endi daʼvatiga javob beruvchi va inoyati bilan ijobat etuvchi Alloh taologa peshkash qilgani koʻngil kerak boʻladi. Lomakon (makoni yoʻq) Zotga yurakdan boshqa nazargoh bormi? Biroq U Zot hirsu havas dengiziga gʻarq boʻlgan, dunyoga muhabbatni oʻziga jo qilgan yurakka mehmon boʻlarmikin? Shoir aytganidek:

Sur, chiqar agʻyorni dildan Haq tajalliy aylasun,
Podishoh kirmas saroyga xona maʼmur oʻlmasa.


Bandaning bardoshi tugagan zahoti Alloh taolo yordamga yetishadi. Siz kuchingiz tugagan nuqtada ekaningizga aminmisiz? Agar hali kuchingiz boʻlsa, u bitgunicha tavakkulni tugal qilib, harakatdan toʻxtamang. Madoringiz qolmay, ilojsizlangan paytingiz esa kutmagan joyingizdan najot eshiklarini ochuvchi Egamning qudratiga guvoh boʻlasiz!

Toif safaridan qaytishda Rasulullohning (a.s.) soʻnggi umidlari ham puchga chiqib, gumrohlar otgan toshlardan pokiza vujudlari qonga belanib, horib-charchab bir devor panasiga choʻkdilar. Aqlning chorasi qolmagan, kamsitilgan, horgʻin va gʻamnok holda oʻzlarini muhabbatullohning mushfiq bagʻriga tashladilar. Keyin muborak dudoqlardan nido otilib chiqdi va ilohiy Dargohga oʻsha zahoti yuksaldi. Paygʻambarlik davrning burilish nuqtasi boʻldi bu duo:

“Ilohim! Madorim tugaganini, chorasiz qolganimni va odamlar orasida xor boʻlganimni faqat Oʻzingga arz qilaman. Ey rahmlilarning eng marhamatlisi! Sen Parvardigorimsan, ezilganlarning madadkorisan. Meni kimlarning ixtiyoriga tashlab qoʻyding? Menga gʻaddorlik qilganlar qoʻligami?..

...Mayli, Sen mendan gʻazablanmasang boʻlgani, boshqasiga parvo qilmayman. Ammo marhamatingdan umidvorman. Sening nuringga yukunaman, zulmatlarni yoritguvchi nuringga...

Kelishi mumkin boʻlgan azobing, menga yetishi ehtimoli boʻlgan qahringdan qochib qutulish imkoni boʻlgan boshpana qidirmoqdaman. Senga sigʻinaman, mendan rozi boʻlsang, bas. Barcha kuch-qudrat Sendadir, yolgʻiz Oʻzingda!..” (Ibn Hishom, “Siyra”).
Sodiq Nosir

Manba: Irfon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Duolar qabul boʻlsin desak...