21:45 / 18.01.2019
4 622

Nasroniy rohib: “Islom ne’mati uchun hamd aytaman”

Nasroniy rohib: “Islom ne’mati uchun hamd aytaman”
Doktor Vadi’ Fathiy vafot etdi. U oldin rohib edi. 20 yil burun musulmon bo‘lgan edi. Alloh rahmat qilsin, nasroniylarning shubhalariga ko‘p raddiyalar bergan edi. U o‘zining internet sahifasida 2014 yil 18 dekabrda musulmon bo‘lganligi sababini quyidagicha bayon qilgan edi:

“Bismillahir Rohmanir Rohim.
Islom haqida dastlab 1978 yil Iskandariya birlashgan bosh shifoxonasining plastik amaliyot va kuyganlarni davolash bo‘limida ishlab yurganimda o‘ylab ko‘rganman. O‘sha paytda Iskandariyadagi Muharram Bek mavzesidagi “pokiza Maryam“ provaslav cherkovida dyakon, qibtiy tili o‘qituvchisi ham edim.

Bir kuni kuygan erkaklar xonasida o‘tirgan edim. “Raml“ vokzalidagi “Santa lochiya“ oshxonasiga o‘t ketgani xabari keldi. Tez yordam mashinalari kuyganlarni olib keldi. Mening bemorim eng ko‘p kuygan edi. U oshpaz ekan. Uning yuz foiz badani kuygan edi. U og‘riqdan dahshatli dod solar edi. Tajribamizga ko‘ra u 24 soat ichida vafot etishi lozim edi. Ammo men unga odatdagi tibbiy yordamni ko‘rsata boshladim. Uning badanidagi kuygan joylarni tozalash uchun unga og‘riq qoldiruvchi ukol qildim. U tinchlangach yordamni boshladim. Avval unga bavl qilishi uchun keteter o‘rnatdim. U tinchlanib menga shunday xotirjam gapirdiki, men qotib qoldim:

– Doktor, meni qo‘ying. Barcha dorilar va xizmatingizni men bilan kelgan boshqalarga bering.
Men ajablandim.

U davom etdi:
– Doktor, men armiyada sanitar edim. Urushga kirganman. Kuyganlarga yordam berishni o‘rgangan edim. Men bir necha soat ichida o‘lishimni bilaman. O‘zingizni qiynamang. Dorilarni bekorga isrof qilmang. Og‘riq kuchayganda og‘riq qoldiruvchi ukol qilib tursangiz bo‘ldi.
Qo‘ying, tinchgina o‘lay. Men o‘limdan qo‘rqmayman. Allohga Qur’on o‘qib turib yo‘liqishni xohlayman.

Shu lahzada sochlarim oqarib ketay dedi. U mendan teskari qarab Qur’on o‘qiy boshladi. Qur’on o‘qigani sari tinchlanar edi. Ertasi kuni uni ko‘rmadim. Hamshiralardan u haqida surishtirdim. Ulardan biri menga uni toki joni chiqquncha Qur’on o‘qiganini aytdi. Faqatgina bir marta suv va bir marta og‘riq qoldiruvchi ukol qilishlarini so‘rabdi.

Uning surati ko‘z o‘ngimda muhrlanib qoldi. U gavdali, yosh edi. Uning barcha badani kuygan. Eslasam doimo ko‘zimga yosh keladi.

O‘zimdan o‘zim so‘rayman: Nega u o‘limdan qo‘rqmadi. Musulmonligi uchunmi, Qur’on sabablimi? Yoki bunga sabab har ikkisimi? Bu qandayin ishonch? Bu qandayin xotirjamlik? Allohning visoliga yetishga bo‘lgan qandayin muhabbat bu?!

Bu qanday din? Bu kitobning siri nimadaki, uni tilovat qilgan kishi ustiga sakinat tushadi?

U kishi mening yodimdan chiqmadi. 15 yil o‘tib 1993 yili islomga kirdim. Uning gaplarini musulmon bo‘lganimdan bir necha yil o‘tib, sobit iymonga ega bo‘lib, Qur’on va uning tafsirini o‘rganibgina anglab yetdim.

Qachon uni eslasam uni duo qilaman: Allohim, uni rahmatingga ol. Uni mag‘firat qil, kechir. Uning qabrini jannat bog‘laridan bir bog‘ qil. Menga aytgan gaplarini qiyomatda, mezonda savoblari pallasiga qo‘y. Omin!

Men “Islom ne’mati uchun hamd aytaman“ degan gapdan hech ham charchamayman!
Ayman Yog‘iy sahifasidan
Abdulqodir POLVONOV tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nasroniy rohib: “Islom ne’mati uchun hamd aytaman”