16:25 / 07.02.2019
10 994

Sovchilikka majburlangan ayol joniga qasd qildi

Sovchilikka majburlangan ayol joniga qasd qildi
Ayni bugungi kunimizdan 19 yil avval Abdusalom Qalandarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Muxlisa Jumayeva bilan qonuniy nikohdan o‘tib, turmush qurdi. Avvaliga hayotlari bir maromda, tushunmovchilik-kelishmovchiliklarsiz kechdi. Bu orada xonadonni chaqaloqning “inga“si tutdi. Hamma xursand, hamma baxtiyor. Biroq bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Bolakayning umri qisqa ekan, kasallikka chalinib, yoshiga yetmay vafot etdi. Yig‘lab kelib, yig‘latib ketdi...

Oilada yana farzand dunyoga keldi. Ammo u ham kasallikka chalindi. Bu paytga kelib, er-xotin o‘rtasida gap qochib, kelishmovchiliklar avjiga chiqayotgan edi. Natijada Muxlisa bolasini olib, ota uyiga ketib qoldi. Shu bilan ularning yo‘llari ayro tomonga burildi. Aytgancha, ularning ikkinchi farzandi ham uzoq yashamadi, 7 yoshida olamdan ko‘z yumdi.

Xotini ketib qolganidan bir yil keyin, ya’ni 2005 yilda Abdusalom Madina Abduhakimovaga uylandi. Tushunib turganingizdek, shar’iy nikoh asosida. Oradan bir yil o‘tib, Avazbek, besh yildan so‘ng esa Malikabonu oila safini to‘ldirishdi. Farzandlarning kattasi maktab yoshiga yetganida Abdusalom va Madinaning nikohi qonuniylashtirildi.

Bir qarashda hammasi risoladagidek ko‘rinadi. Abdusalom Rossiya davlatiga borib ishlab kelar, Madina esa farzandlari tarbiyasi bilan mashg‘ul edi. Kunlar shunday o‘taverar, oldinda esa Madinani haqiqiy sinovlar kutardi.

Gap shundaki, Abdusalomning birinchi turmush o‘rtog‘i Muxlisa ham Rossiyada “rizqini terib yurgandi“. 2016 yilning yoz oylari boshida singlisidan sobiq xotini ham Moskvada ekanligini eshitgan Abdusalomni “birinchi muhabbati“ning sog‘inchi o‘rtadi chog‘i, darhol telefon raqamini olib, qo‘ng‘iroq qildi. Taqdirning hazilini qarangki, ayol boshi bilan pul topish maqsadida o‘zga yurtga borgan Muxlisa ishning og‘irligi, joyning sovuqligiga dosh berolmay betob bo‘lib, kimningdir ko‘magiga muhtoj bo‘lib qolgandi. Ayni shu paytda Xudo yetkazganday, sobiq eri qo‘ng‘iroq qilib qoldi va uni yoniga chorladi. Abdusalom unga ish topib berdi. Qisqasi, o‘z yurtida ayrilganlar, o‘zga yurtda topishib olishdi – shar’iy nikoh asosida birga yashay boshlashdi.

M.Jumayevaning sudda bergan ko‘rsatmasiga tayanadigan bo‘lsak, u sobiq turmush o‘rtog‘ining oilasi borligidan xabardor bo‘lgan. Shuning uchun ham O‘zbekistonga qaytgandan keyin orani ochiq qilish sharti bilan birga yashashga rozi bo‘lganligini ta’kidlaydi.

O‘sha yilning dekabr oyida har ikkovlon mamlakatimizga qaytib kelishdi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Abdusalom xotiniga sobiq turmush o‘rtog‘i Muxlisa bilan mana shu xonadonda er-xotin sifatida yashash niyati borligini oshkor qildi. Tabiiyki, Madina qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: “Keling, opajon! Uyimizning to‘ri sizniki“, deb Muxlisani kutib olishga rozi bo‘lmadi. Axir bekorga “Er bermoq, jon bermoq“ naqli dono xalqimizning hayotiy tajribalari asnosida topib aytilmagan. Ammo qaysar er o‘z fikrida qat’iy turib oldi. Uni er ham, yer ham berishga majburlay boshladi. Chunki, Abdusalom uyni ikkiga bo‘lishni ham rejalashtirgan edi-da!

Shu bo‘ldi-yu, bu xonadondan urush-janjal arimay qoldi. Abdusalom arzimas bahonalar bilan janjal chiqarib, Madinaga shafqatsiz muomalada bo‘la boshladi. Shunday kunlarning birida, aniqrog‘i, 2016 yilning 22 dekabr kuni Madina bolalarini olib, Muxlisaning ota hovlisiga bordi. Maqsad ularni o‘zaro murosaga keltirib, birga yashashga ko‘ndirish edi. Lekin u chuchvarani xom sanaganini anglab olish qiyin emasdi. Shunday ham bo‘ldi. O‘zaro kelishishi kerak bo‘lgan ayollar o‘zaro gap talashib ketishdi. Yuzaga kelgan kelishmovchilikka Madinani aybdor, deb bilgan Abdusalom endi uni otasining uyiga olib bordi. M.Abduhakimovaning ota-onasiga qizlari unga turmushga chiqqanida bokira bo‘lmaganini aytib, turli tuhmatlarni qalashtirib, tashlab ketdi.

Shuncha gap-so‘zlarga qaramay, Madina farzandlarining kelajagini o‘yladi, biroz vaqtdan keyin uyiga qaytib keldi. Biroq Abdusalom shashtidan qaytmagan edi. U xotinini tahqirlashda davom etib, turli bahonalar bilan kamsitar, urib-do‘pposlab, ro‘shnolik bermasdi. Madina hammasi iziga tushib ketishidan umidvor bo‘lib, sabr qildi. Ammo vaziyat yaxshi tomonga o‘zgaradiganga o‘xshamasdi. Abdusalom battar “quturib“ borar, kunora ichib olib, bolalarining ko‘z o‘ngida ayolini ayovsiz kaltaklar, xotinining yolvorishlarini pisand qilmay, bolalari bilan birga uydan haydab chiqarishga harakat qilardi. Go‘yo shu yo‘l bilan ayoli kundosh bilan yashashga ko‘niktiradigandek. Vaziyat shu darajagacha yetib bordiki, mast ahvolda uyga kelgan Abdusalom uni urib-do‘pposlab, o‘zi sovchilikka borib, Muxlisani uyga olib kelishga ham majburlaydi. Shuncha xo‘rliklarga qaramay Madina oilasini saqlab qolish umidida uydan ketmadi. Ammo...

Sabr-bardoshning ham chegarasi bo‘ladi. 2017 yilning 8 fevral kuni Abdusalom hech bir sababsiz xotinini farzandlarining ko‘z o‘ngida kaltakladi. Mushtning zarbi emas, oxiri ko‘rinmayotgan tahqirlashlar ayolning jon-jonidan o‘tib ketdi. Ortiq bardosh qilolmayman, degan to‘xtamga keldi. Qo‘liga arqonni olib, darvozaxonaning devoriga sirtmoq tayyorladi va...

Xulosa o‘rnida aytar so‘zimiz, qachonki oila mustahkam, tinch bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, farovon bo‘lishi kecha yoki bugun paydo bo‘lgan gap emas. Chunki oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Lekin buni A.Qalandarov yaxshi anglab yetmagan ko‘rinadi. Ko‘ngli qo‘shxotinlikni tusab, oqibatda bir insonning shirin hayotidan voz kechishiga sabab bo‘ldi.

Sud tomonidan mazkur holat atroflicha o‘rganib chiqildi. Aybdorga og‘irroq jazo tayinlanishi, u umrining anchagina qismini panjara ortida o‘tkazishi ham mumkin edi. Ammo qaror chiqarishda shundoq ham onasini yo‘qotgan farzandlarning kelgusi taqdiri e’tiborga olindi. Chunki ular qarovsiz qolib ketishi mumkin edi. Shularni inobatga olgan holda sud tomonidan A.Qalandarovga JKning 72-moddasiga asosan tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartliga almashtirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sovchilikka majburlangan ayol joniga qasd qildi