09:16 / 01.03.2019
8 497

Depressiyaning shifosi Qur’onda?

Depressiyaning shifosi Qur’onda?
Amerikalik psixolog olim Jeykob Liberman: “Yigirma birinchi asr – rivojlangan texnologiya va ruhiy-asab kasalliklari davri” deya ta’kidlaganda ko‘pchilik unga shubha bilan qarashgan. Bugun esa olimning naqadar haqligini barchamiz kuzatib turibmiz…

Xo‘sh, Depressiya o‘zi nima? Tibbiyotda depressiya kayfiyatning keskin pasayishi, fikrlar karaxtligi va har qanday harakatga bo‘lgan intilishning yo‘qolishi bilan kechuvchi kasallik deya ta’rif beriladi.

Keng tarqalgan kasallikmi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra yer sharida depressiya bilan ro‘yxatga olinganlar soni 200.000.000 ga yaqin. Biroq, aksariyat mutaxassislar fikricha, depressiya bilan kasallangan har 3 bemordan ikkitasi vrach nazoratida turmaydi. Boshqa bir mutaxassislar fikricha, depressiya bilan kasallanganlar sonini aniqlash mushkul. Chunki depressiya turli xil klinik ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda va hamma vaqt ham tashxis to‘g‘ri bo‘lib chiqavermaydi. Buning ustiga depressiya bilan og‘rigan bemorlarning hammasi ham mutaxassislarga murojaat qilavermaydi.

Kelib chiqish sabablari?
Depressiyaning asosiy kelib chiqish sabablari – bular o‘tkir va surunkali ruhiy siqilishlar, ketma-ketma keluvchi muvaffaqiyasizliklar va uzoq davom etuvchi og‘ir kasalliklardir. Tashqi salbiy omillar sababli rivojlangan depressiyaga “ekzogen” depressiya deb aytiladi. Hech qanday sababsiz rivojlanadigan depressiyaga “endogen” depressiya deyiladi. Endogen depressiyalar rivojlanishida nasliy omilning o‘rni katta.

Niqoblangan depressiya nima?
Somatik simptomlar, ya’ni ichki a’zolar funksiyalari buzilishi bilan kechuvchi depressiyaga niqoblangan depressiya deb aytiladi. Nima uchun niqoblangan depressiya deyiladi? Chunki bemor depressiya bilan kasallangan bo‘lsa-da, uning shikoyatlari xuddi boshqa kasalliklarni eslatadi, ya’ni “Migren”, “Yurak og‘riqlari”, “Bo‘g‘im og‘riqlari”, “Oshqozon-ichak kasalliklari”, “Teri-tanosil kasalliklari” va h.k. Bemorni tekshirayotgan vrach bemorning kayfiyati og‘riqlar sababli tushgan deb o‘ylaydi. Aslida bemorda niqoblangan depressiya rivojlangan bo‘ladi. Bunday bemorga albatta psixolog yoki psixiatr kerak.

Kasallik belgilari?
Depressiyada ko‘p kuzatiladigan asosiy ruhiy-hissiy buzilishlar – bular kayfiyatning tushib ketishi, umidsizlik, g‘am-g‘ussa, doimiy xavotir, yomon voqealarni kutib yashash, aybdorlik hissi yoki o‘zini hadeb ayblayverish, qaysarlik, o‘jarlik, o‘z bilganidan qolmaslik, o‘z hayotidan qoniqmaslik va o‘zini kamsitish, atrofdagi voqealar va yaqinlariga qiziqishning yo‘qolishidir. Depressiyaga chalingan odamlarning kayfiyati kun bo‘yi o‘zgarib turishi mumkin. Masalan, ertalab kayfiyati juda yaxshi bo‘lsa, kechga yaqin uning kayfiyati umuman tushib ketadi. Ba’zi odamlarda buning teskarisi kuzatiladi.

Depressiyada bosh og‘riq, bosh aylanishi, ensa va bo‘yin sohasida og‘riqlar, yurak sohasida og‘riqlar, nafas yetishmasligi, ishtaha pasayishi, qabziyat, jinsiy zaiflik, hayz ko‘rishning buzilishi, turli umumiy xolsizlik kabi belgilar ko‘p kuzatiladi. Bosh og‘riq – depressiyaning eng ko‘p uchraydigan belgisidir. Demak, doimiy tarzda boshi og‘riydigan bemorda depressiya bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rish kerak. To‘g‘ri, aslida yuqoridagi belgilar boshqa xastalik sabablari bo‘lishi ham mumkin ammo, baribir mutaxassisga uchragan ma’qul.

Xulq-atvorga ta’siri?
Depressiyada hulq-atvor buzilishlari juda ko‘p uchraydi. Bular – o‘z joniga qasd qilishga intilish, biror-bir faoliyatga qiziqmaslik, kamharakatchanlik, uydan chiqmay yotaverish, yolg‘izlikka intilish, birovlar bilan muloqotdan qochish, ichkilikka yoki turli farmakologik dorilarga ruju qo‘yish.

Xotiraga ta’siri?
Depressiyada xotira va fikrlash jarayoni buzilishlari ko‘p uchraydi. Parishonxotirlik, xotira pasayishi, ayniqsa eslab qolishning buzilishi juda ko‘p kuzatiladi. Fikrlar karaxtligi – depressiyaning asosiy belgilaridan biridir.

Kimlarda ko‘proq kuzatiladi?
Depressiya odatda kuchli, maqsadga intiluvchan, biroq hissiyotga beriluvchan odamlarda ko‘p uchraydi. Ularning depressiyaga tushishdan oldingi hayoti o‘rganilganda, quyidagi xususiyatlar aniqlangan: depressiyaga uchragan shaxslarning o‘ziga xos dunyoqarashi bo‘ladi, ular atrofdagi voqealarni o‘z dunyoqarashidan kelib chiqqan holda tahlil qiladigan va hissiyotga beriluvchan shaxslardir. Ular ko‘pincha, hayotdan qoniqmay yashashadi, erishgan yutuqlari ularni qoniqtirmaydi, o‘z faoliyatiga tanqidiy munosabatda bo‘lishadi. Bu odamlar faqat marrani egallash uchun yashaydilar. Shu bilan birga boshqalar, masalan, hamkasblarining xatolarini topish va maslahat berib yurishni xush ko‘rishadi. Agar uning xatosini ko‘rsatishsa, bundan qattiq aziyat chekadi va shu odamni yoqtirmay qoladi.

Depressiyaning davosi bormi?
Bugungi kunda zamonaviy tibbiyot va psixologiya depressiyani asosan ikki uslubda davolaydi. Birinchisi antidepressant dori-darmonlar bilan davolash bo‘lsa, ikkinchisida psixoterapevtik suhbatlar qo‘llaniladi. Ammo, bu kasallikni muolaja qilishning yana bir uslubi bor. Bu – islom tibbiyoti muolajasi. Garchi bazi bir mutaxassislar tomonidan inkor etilsada, mazkur uslub so‘ngi yillardagi tadqiqotldar natijasida ko‘plab olimlar tomonidan tan olinmoqda.

Asrimiz boshida bir guruh AQShlik olimlar turli tovushlarning inson miyasiga ta’siri bo‘yicha izlanishlar olib boradi. Tadqiqotlar jarayonida barcha sadolar bosh miyaning hujayralariga salbiy yoki iyjobiy ta’sir yetkazishi aniqlangan. Ya’ni har qanday tovush qabul qilishda bosh miyaning har bir hujayrasi o‘ziga xos tartib bilan tebranadi va o‘z atrofidagi hujayralarga ham ta’sir o‘tkazadi. Ma’lumotni yetkazishda bu hujayralarning fa’oliyati, tebranish va asab tolalarining ishlab chiqarilish shaklida bo‘ladi. Tadqiqot jarayonida depressiyaga chalingan bir guruh bemorlarga turli xil tovushlar va musiqa ohanglari eshittirilib ularning miya xujayralari faoliyati o‘rganiladi. Sokin musiqa va mayin tovush inson miyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Ammo, olimlar bundan qoniqishmaydi va ishtirokchilarga Qur’on oyatlaridan qo‘yib beradi. Natijada… Natija shu darajada xayratlanarli bo‘ladiki, olimlar bu holatdan taajubga tushadi. Ya’ni, Qur’oni karim tinglagan bemorlarning markaziy asab tizimi va nerv tolalarida qayta dasturlashga o‘xshash jarayon yuzaga keladi. Bu degani, xatto xotirasi yo‘qolish arafasidagi odamning xotirasi qayta tiklanadi. Xuddi chaqaloqnikidek…

Alloh taolo O‘z Kalomida shunday marhamat qiladi:
“Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas”. (Darhaqiqat, Qur’oni Karim shifodir, Qur’oni Karim rahmatdir. Qur’oni Karim kufr, shirk va munofiqlik kabi eng zararli aqidaviy xastaliklarni davolaydi.)(Isro surasi, 82)

Biz musulmonlar Qur’oni karim najot va shifo ekanligiga zarracha shubha qilmaymiz. Zero, Alloh taolo O‘zi bu haqda ta’kidlagan. Quvonarlisi shundaki, bu haqiqatni bugunga kelib dunyo olimlari ham o‘z tadqiqotlari natijasida e’tirof etmoqdalar va albatta bundan keyin ham Qur’onda keltirilgan mo‘jizalar o‘zining ilmiy isbotini topaveradi. Chunki, Alloh taolo Qur’oni karimni butun insoniyatga rahmat, hidoyat va shifo o‘laroq nozil qilgan. Bu haqda ham Qur’oni karimda shunday oyat nozil etilgan:

“Ey odamlar! Sizga o‘z Robbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi”. (Ey odamlar! Qur’onni yolg‘on demang! Qur’onni falonchi to‘qigan, demang! Uning to‘g‘risida shubha qilmang. U qalbingizdagi ruhiy, ma’naviy dardlaringizning barchasiga shifo bo‘lib keldi. Kim Qur’onga iymon keltirib, musulmon bo‘lsa, u o‘sha odamni hidoyatga boshlaydi, Allohning rahmatiga erishtiradi.) (Yunus surasi, 57)

Mazkur maqolani mavzuga oid hadisi sharif bilan yakunlashni lozim deb topdik:
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Sizlar o‘zingizga ikki shifo – Qur’on va asalni lozim tutinglar!” (Bayhaqiy va Hokim rivoyati).

Alloh taolo barchamizning qalblarimizni O‘z Kalomi ila nurafshon etib, jismimizga salomatlik va shijoat ato etsin!
Saidabror Umarov tayyorladi

Manba: muslim.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Depressiyaning shifosi Qur’onda?