07:00 / 03.11.2020
2 375

Amerikalik bokschi Muhammad Aliga bag‘ishlanadi

Amerikalik bokschi Muhammad Aliga bag‘ishlanadi
“Men ringda Amerika uchun jang qildim va Amerika uchun oltin medalni oldim. O‘sha kuni bir restoranga kirib, buni nishonlashni istadim, ammo amerikaliklar meni restorandan quvib chiqarishdi. “Qora tanlisan!” deb menga ovqat berishmadi. Alam bilan sohilda kezar ekanman, Amerika uchun olgan oltin medalni daryoga uloqtirdim.

Masjidga kelib qoldim va u yerda oq tanli bilan qora tanli bir safda o‘tirganini, bir-biri bilan og‘a-inidek suhbatlashishayotganini, birga namoz o‘qib, keyin bir-birini bag‘riga bosayotganini ko‘rdim. Men Islomni qabul qilishimni aytdim. Imom menga shahodat kalimasini o‘rgatdi.

Allohdan boshqa iloh yo‘q va Muhammad sallallohu alayhi vasallam Uning quli va elchisi ekaniga guvohlik beraman!
Men chempionlik shohsupasida turib, yig‘lamagandim, hozir yig‘ladim. Chempionligimdan ko‘ra hozir buyukroq martabada turganimni his qilib, yig‘ladim…”

Muhammad Ali

Bu dunyo rohatin qo‘yaver, hali
Jannatning ko‘rki-yu jamoliga to‘y!
Aziz birodarim, Muhammad Ali,
Xudodan qo‘ymasin, Amerikangni qo‘y!

Daryoga irg‘itib to‘g‘ri qilasan,
Oltin medal – makri yolg‘on dunyoning.
Oltin konidan ham ulug‘, bilasan,
Hidoyatli qalbing, nurli iymoning.

To‘g‘ri, chempionlik shohsupasi, bu –
Jannatiy o‘rningdan jarlar qadar past.
Xudosiz yashamoq eng mudhish qayg‘u,
Iymon keltirganing – eng mo‘’tabar qasd.

Nodonlar koridir irqchilik jangi,
U kaslar g‘amlarga lim to‘lgusidir.
Bilasan, Bilolning qop-qora rangi,
Jannatda hurlarga xol bo‘lgusidir.

Sho‘rlik Amriqoning amriga ko‘ra,
Balki qora tanli, bag‘ri kuyuksan.
Mo‘’minlik qadrini Allohdan so‘ra,
Uning nazdida sen zo‘rsan, buyuksan!

Haq bilan go‘zaldir har ikki olam,
Haqsiz hayot uvol, har fursat xazin.
Ey mening qoratan oqko‘ngil og‘am,
Qalbi qoralardan Xudo asrasin!

Botirjon Ergashev,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari


Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Amerikalik bokschi Muhammad Aliga bag‘ishlanadi