O‘zbekiston xalqaro zaxiralari sentyabrda 5,55 mlrd dollarga kamaydi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari sentyabr oyida 5,55 mlrd dollarga kamayib, 66,6 mlrd dollarni tashkil etdi.
- Zaxiralar hajmining pasayishiga asosiy sabab oltin qiymatining London Fixing ko‘rsatkichiga ko‘ra 9 foizga tushishi bo‘ldi.
- Shu bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 11,6 mlrd dollarga yoki 21,1 foizga o‘sgan.
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2026 yil 1 oktyabr holatiga 66,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyida zaxiralar hajmi 5,55 mlrd dollarga yoki 7,7 foizga kamaygan. 1 sentyabr holatida bu ko‘rsatkich 72,1 mlrd dollar edi.
Zaxiralar kamayishining asosiy sababi oltin qiymatining pasayishi bo‘ldi. Oltin zaxiralarining puldagi qiymati bir oy ichida 64,9 mlrd dollardan 60,1 mlrd dollarga tushdi. Biroq oltinning fizik hajmi kamaymagan, aksincha, 14,1 mln troy unsiyadan 14,3 mln troy unsiyaga oshgan.
Xalqaro bozorda ham oltin narxi pasaydi. London Fixing ko‘rsatkichiga ko‘ra, sentyabr davomida bir troy unsiya oltinning narxi 9 foizga tushib, 4188,75 dollarni tashkil etdi. 7 oktyabrga kelib esa narx 4119 dollargacha pasaygan.
Zaxiralar tarkibida oltinning ulushi 90,2 foiz darajasida saqlanib qoldi. Valyuta zaxiralari sentyabr oyida 10,6 foizga kamayib, 6,6 mlrd dollardan 5,9 mlrd dollarga tushdi. Asosiy pasayish naqd xorijiy valyuta va depozitlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu aktivlar 629 mln dollarga kamayib, 4,24 mlrd dollarni tashkil etdi.
Xalqaro qimmatli qog‘ozlar hajmi ham qisqardi. Ularning qiymati 1,77 mlrd dollardan 1,69 mlrd dollarga tushdi, ulushi esa umumiy zaxiralarning 2,5 foizini tashkil etdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining maxsus qarz olish huquqlari, ya’ni SDR aktivlari 571 mln dollarga teng bo‘ldi.
Shunga qaramay, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan yuqori. Bir yil ichida zaxiralar 11,6 mlrd dollarga yoki 21,1 foizga o‘sgan. 2025 yilning shu davrida ular 55 mlrd dollar atrofida edi.
Yil davomida oltin zaxiralarining qiymati 44,2 mlrd dollardan 60,1 mlrd dollargacha ko‘tarildi. Bu 35,8 foizlik o‘sishni anglatadi. Oltinning fizik hajmi ham 11,6 mln troy unsiyadan 14,3 mln troy unsiyaga yetdi. Bu taxminan 85 tonna qo‘shimcha oltinga teng.
Aksincha, valyuta zaxiralari yil davomida 10,2 mlrd dollardan 5,9 mlrd dollargacha kamaydi, ya’ni 41,7 foizga qisqardi. Yil boshidan beri xalqaro zaxiralar umumiy hisobda 0,4 foizga o‘sgan. Biroq 2026 yil 1 martda qayd etilgan 77,1 mlrd dollarlik eng yuqori ko‘rsatkichdan 13,6 foiz pastligicha qolmoqda.

























Izohlar 0
…