O‘zbekiston zaxiralari bir oyda 7,7 foizga qisqardi

O‘zbekiston zaxiralari bir oyda 7,7 foizga qisqardi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari sentyabr oyida 7,7 foizga kamayib, 1 oktyabr holatiga 66,6 mlrd dollarni tashkil etdi.
  • Zaxiralarning asosiy ulushi bo‘lgan oltinning qiymati xalqaro bozordagi narxlarning pasayishi sababli 4,8 mlrd dollarga tushib, 60,1 mlrd dollarga yetdi, biroq fizik oltin hajmi oshdi.
  • Valyuta zaxiralari ham 10,6 foizga qisqarib, 5,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
  • Shunga qaramay, O‘zbekiston zaxiralari bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 21,1 foiz yuqori.

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2026 yil sentyabr oyida 5,55 mlrd dollarga yoki 7,7 foizga kamayib, 1 oktyabr holatiga 66,6 mlrd dollarni tashkil etdi, deb xabar beradi UzDaily.

Zaxiralar tarkibidagi asosiy ulush oltinga to‘g‘ri keladi. Sentyabr oyida oltin zaxiralarining qiymati 4,8 mlrd dollarga kamayib, 64,9 mlrd dollardan 60,1 mlrd dollarga tushgan. Biroq fizik oltin hajmi oshgan. U 14,1 mln troy unsiyadan 14,3 mln troy unsiyaga yetgan.

Oltin qiymatining pasayishiga xalqaro bozordagi narxlar ta’sir qilgan. Sentyabr oyida London Fixing bo‘yicha oltinning bir troy unsiyasi 9 foizga arzonlab, 4188,75 dollarga tushgan. 7 oktyabr holatiga kotirovkalar yana pasayib, bir unsiya uchun 4119 dollarga kelgan.

Shunga qaramay, oltinning O‘zbekiston xalqaro zaxiralari tarkibidagi ulushi 90,2 foiz darajasida qolgan.

Valyuta zaxiralari ham sentyabr oyida qisqargan. Ularning hajmi 6,6 mlrd dollardan 5,9 mlrd dollarga tushib, 10,6 foizga kamaygan. Asosiy pasayish naqd valyuta va depozitlar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu ko‘rsatkich 629 mln dollarga kamayib, 4,24 mlrd dollarni tashkil etgan.

Regulyator portfelidagi xalqaro qimmatli qog‘ozlar hajmi sentyabrda 74 mln dollarga qisqarib, 1,77 mlrd dollardan 1,69 mlrd dollarga tushgan. Qimmatli qog‘ozlarning xalqaro zaxiralar tarkibidagi ulushi 2,5 foizni tashkil etgan.

Maxsus qarz olish huquqlari, ya’ni SDR aktivlari esa 571 mln dollar miqdorida qayd etilgan.

Sentyabr oyidagi qisqarishga qaramay, O‘zbekiston zaxiralari bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 21,1 foiz yoki 11,6 mlrd dollar yuqori. Bir yil avval zaxiralar 55 mlrd dollar atrofida bo‘lgan.

Yil boshida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 66,3 mlrd dollar edi. 1 mart kuni esa 77,1 mlrd dollar bilan eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. 1 oktyabr holatidagi 66,6 mlrd dollarlik zaxira ushbu cho‘qqi ko‘rsatkichdan 13,6 foiz past.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar