Zamonaviy issiqxonalar kengayib oziq-ovqat taʼminoti mustahkamlanadi

2026 yil 25 mart kuni qabul qilingan “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori mamlakatda agrosanoat sohasini yana-da rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Hujjatga muvofiq, 2026–2027 yillarda respublika bo‘ylab issiqxona xo‘jaliklarini kengaytirish va ular samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olindi.
Jumladan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy va yuqori texnologiyalarga asoslangan issiqxona majmualarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu nafaqat hududiy iqtisodiyotni jonlantiradi, balki aholini yangi ish o‘rinlari bilan taʼminlashda ham muhim omil bo‘ladi. Shu bilan birga, energiya tejamkor va muqobil manbalarga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish vazifasi ham qo‘yilgan.
Qaror doirasida Surxondaryo viloyatida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va issiqxona egalari uchun qator yengillik va imtiyozlar taqdim etiladi. Xususan, yer uchastkalari elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda, tadbirkorlar 5 yil davomida ijara to‘lovidan to‘liq ozod etiladi.
Bundan tashqari, issiqxonalarda sug‘orish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova hamda yerosti suvlari uchun to‘lovlardan 3 yil muddatga ozod qilish kabi qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirib, mahsulot tannarxini arzonlashtirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda, anomal sovuq ob-havo sharoitlarida ekologik talablarga qatʼiy amal qilingan holda, istisno tariqasida ko‘mir yoqishga ham ruxsat berilishi belgilandi. Bu yechim fermerlar va tadbirkorlar uchun qish faslida uzluksiz ishlash imkoniyatini taʼminlaydi.
Umuman olganda, mazkur keng qamrovli chora-tadbirlar issiqxona xo‘jaliklarini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish va aholini yil davomida sifatli oziq-ovqat bilan barqaror taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa kelajakda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yana-da mustahkamlashga zamin yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!