13:08 / 04.01.2019
2 221

Zafar Hoshimov: "Soliq olishning yangi tartibiga qaramasdan, chakana savdodagi narxlar o‘zgarishsiz qolgan"

Zafar Hoshimov: "Soliq olishning yangi tartibiga qaramasdan, chakana savdodagi narxlar o‘zgarishsiz qolgan"
2 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida davlat organlari vakillarining ayrim tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Taklif etilganlar orasida taniqli biznesmen, Korzinka.uz tarmog‘ining asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov ham bor edi, u uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bayon etdi.

Moliya vazirligida juda muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi rahbarlari va davlatimizning boshqa iqtisodiy hamda moliya tashkilotlari raislari tizimli chakana savdoning soliqqa tortishning yangi tizimiga o‘tkazilishi jarayonini muhokama qilish uchun yig‘ilishdi. Moliya vaziri uchrashuv avvalida soliq islohotining qabul qilingan chora-tadbirlari va prinsiplari to‘g‘risida qisqacha gapirib o‘tdi. U, shuningdek, o‘tmishda davlat soliq siyosati asosi sifatida qurilgan yo‘lning oxiri bo‘lmagani, imkonsizligini ta’kidlar ekan, ayni damdagi soliq siyosatida amalga oshirilgan yangiliklarni asoslab beruvchi bir qator omillarni sanab o‘tdi, davlat organlari faoliyatida mamlakat iqtisodiyotiga taalluqli barcha masalalarda o‘sib borayotgan ochiqlik, shaffoflikni qayd etdi.

Agar yodingizda bo‘lsa, 2018 yil yakunlari bo‘yicha yaqindagina yozgan postlarimning birida ham ana shu makroiqtisodiy hamda statistik ma’lumotlarning shaffofligi va ochiqligini ham o‘tgan yilda erishilgan natijalar safiga kiritgan edim.

Menimcha, bunday uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad, birinchi galda, tadbirkorlardan yangilik va o‘zgarishlarni joriy etish jarayoni qanday boshlanganini bilish, bozor hamda iste’molchilarga vaziyat to‘la nazoratda ekanligi xususida o‘ziga xos ishonchli bir belgi berishdan iborat edi.

Aksariyat mushtariylarimizga ayonki, tarkibida QQS narxi qayd etilgan kassa cheklari kecha ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarning markazida turdi.

Ko‘pchilik foydalanuvchilar shoshma-shosharlik bilan buni narxlarning ustiga yana 20% qo‘shilishi, deb xato fikr yuritishdi.

Kecha bizning xarid cheklarimiz mazkur virtual muhokamalarda qayd etilmaganiga qaramasdan (tarmog‘imiz do‘konlari kecha ishlamadi, xodimlarimizga bir kunlik hordiq berdik. Buning ustiga mahsulotlarning narxlari tarkibidagi QQS ko‘rsatilgan qatorni hali cheklarimizda joriy etmadik), chakana savdodagi hamkasblarimiz himoyasi uchun bir qancha omillarni keltirishni lozim topdim.

Kecha cheklarni ko‘rib, shaxsan o‘zim shahrimizdagi bir qancha supermarketlarni (bizning supermarketlarimiz ishlamaganini yana bir bor yodga solsam) aylanib chiqdim. Xarid qilib, chek hamda narx yorliqlaridagi narxlarni tekshirdim. Cheklarda QQS bilan birgalikda inobatga olingan narxlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, mahsulotlarning umumiy qiymati, shu jumladan, QQS ham bir tiyinga oshmagan edi. Xaridorlarning o‘zlari ham bunga osongina ishonch hosil qilishlari mumkin. Barcha narx yorliqlarida narx o‘rnatilgan sana mavjud. Shu tariqa, peshtaxtalarda narxi bilan ko‘rsatilgan ushbu mahsulotlarning barchasi oktyabr, noyabr va dekabr sanalarida qayd etilgan. Men sanalar bilan birga ko‘rsatilgan yuzdan ortiq narx yorliqlarini ko‘zdan kechirdim. Chakana savdoda narxlar o‘smaganiga amin bo‘ldim.

Ehtimol ushbu so‘zlarim ayrim xaridorlarimiz uchun birmuncha yangilik bo‘lar, ammo xohlaysizmi, yo‘qmi, o‘zimizga ma’lum yoki noma’lummi, barchamiz tomonimizdan xarid qilinadigan mahsulotlarning narxlari tarkibida soliqlar bor.

Soliqlarning miqdori hamda ustamalarining cheklarda paydo bo‘lishi mahsulotlar narxlarining tarkibidagi soliqlarning namoyish etilishidan boshqa narsa emas. Bu esa juda ijobiy holat, deb o‘ylayman.

Biz avval ham ushbu va boshqa shu kabi soliqlarni to‘lab kelganmiz. Ilk marta mazkur jarayon shaffof va ochiq namoyon etilmoqda, bu ulkan taraqqiyot.

Shaxsan men uchun bu talvasa yoki jazavaga tushish uchun sabab emas, balki xushxabardir. Yana bir bor ta’kidlayman, soliq olishning yangi tartibi joriy etilganiga qaramasdan, chakana savdodagi narxlar o‘zgarishsiz qolgan.

Muhokamalar chog‘ida ayni holatlarga to‘xtalib o‘tdim, ularni maqolamda ham takrorlab o‘tishim joiz.

Biroq, men qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bir qancha turining narxlari borasida xavotirda ekanligimni qo‘shimcha qildim. Ma’lumki, hukumat sotuvi bo‘yicha aylanmasi qo‘shilgan qiymat soliqlari (QQS)dan go‘sht, tuxum, baliq, guruch, non mahsulotlari, kartoshka, piyoz va shakarni ozod qilib iste’molchilarni ushbu muhim mahsulotlarga bo‘lgan narxlarning o‘sishidan muhofaza qildi. Mening fikrimcha, ushbu qadamning o‘ziyoq ulkan bir o‘sish bo‘lishiga qaramasdan, joriy etilayotgan QQS sezilarli darajada narxini ko‘tarib yuboradigan yana bir qancha muhim hamda ijtimoiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari borligiga e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylayman. Axir, sabzi, lavlagi, sut mahsulotlari, karam, mosh, pomidor, bodring va boshqa shu kabi mahsulotlar savdoda QQSga tushadi, buning ustiga, agrar ishlab chiqarishda QQS yo‘qligi sababli ularga ko‘ra to‘langan soliqlarni hisoblashning imkoni yo‘q. Ushbu mahsulot turlarida QQS to‘g‘ridan-to‘g‘ri narxlarga ta’sir etmasdan qolmaydi. Men, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish bo‘yicha imtiyoz berilishi kerak bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining to‘liq ro‘yxatini taqdim etdim. Ammo, rostini aytsam, yagona yer solig‘ining bekor qilinishi va qishloq xo‘jaligida to‘liq QQS tartibi joriy etilishi tarafdoriman. Chunki qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayonining o‘zidayoq tarkibida QQS mavjud bo‘lgan juda ko‘plab xom-ashyo hamda materiallar: yemish, o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqalardan foydalaniladi. Ushbu QQS esa jarayonda zanjir ko‘rinishida o‘tmasdan, mahsulotlarning tannarxiga bor bo‘yicha “yotib oladi”. Shu tarzda ulardan ushbu mahsulotni QQSsiz xarid qila turib, biz, chakana savdo vakillari yana bir bor ushbu miqdordan yana to‘lig‘icha soliq to‘lab, olib xaridorlarga “uzatishimiz” kerak. O‘z-o‘zidan, tabiiyki, ushbu qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi soliqqa tortishning boshqaruvi yo‘qligi sabab oshib boraveradi. Aytishim kerakki, mening tanqidlarimni diqqat bilan tinglashdi, umid qilamanki, tez orada ular kerakli manzillar tomon yetkazilib, hal etiladi.

Boshqa toifadagi mahsulotlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, sanoat ishlab chiqarishi va import tovarlari bo‘yicha narx borasida hech qanday muammo yo‘q va bo‘lishi ham kutilmayapti. Hattoki ushbu tovarlarning narxlari biroz tushishi ham mumkin. Uchrashuv mobaynida inflyatsiya borasida ham so‘z ketdi. Jamshid Anvarovichning (moliya vaziri) aytishicha, yil yakuniga ko‘ra, inflyatsiya 14,3% ni tashkil qilgan. Shu o‘rinda ushbu raqamlar bizning kuzatuvlarimizga qanchalik mos kelishini so‘rab qolishdi. Men tasdiqladim.

Biz har yili tarmog‘imizda “korzinka.uz” indeksini hisoblaymiz. Buning uchun biz tarmog‘imizda sotiladigan barcha mahsulotlarning o‘rtacha me’yoriy narxini olamiz va o‘tgan yildagi narxi bilan solishtiramiz. Shu tarzda mazkur narx indeksi o‘tgan yilda 11,4%ni tashkil qildi. Ya’ni, mamlakatdagi o‘rtacha inflyatsiya indeksidan ham kamroq.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, davlat 17-18% atrofidagi nisbatan ko‘proq inflyatsiyani kutgan ekan. Lekin, aynan bozordagi raqobat o‘sishi, xo‘jalik sub’ektlarining konvertatsiyaga bo‘lgan talabining bir xilda qondirilishi va iste’mol bozorining mahsulotlar bilan to‘ldirilishi inflyatsiyani 15% atrofida ushlab qolishga olib keldi.

O‘zimdan misol keltiradigan bo‘lsam, tarmog‘imiz chiqimlarning optimallashtirilishi, samarali logistika va kengayish ortidan keltirilgan samara tufayli inflyatsiya ko‘rsatkichidan ham pastroq narxlarni bozorga taklif eta oldik.

Xulosa o‘rnida umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, islohotlarning samarali borishi uchun aloqa o‘rnatish va talab-takliflarga quloq tutish muhimdir. Bugungi uchrashuvni ham shularning sirasiga kiritish va nihoyatda foydali bo‘lganini e’tirof etishim zarur.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Iqtisodiyot » Zafar Hoshimov: "Soliq olishning yangi tartibiga qaramasdan, chakana savdodagi narxlar o‘zgarishsiz qolgan"
[/banner_pushhouse