1 sentyabrdan talabga javob bermagan avtomobillarga gaz quyilmaydi

2026 yil 1 sentyabrdan O‘zbekistonda avtomobillarga gaz quyish bo‘yicha yangi va qat’iy tartiblar amal qila boshlaydi. Endilikda transport vositasi belgilangan xavfsizlik talablariga to‘liq javob bergan taqdirdagina unga gaz quyishga ruxsat etiladi.
Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridagi nazorat jarayonlari «U-Gas» va «Eco-Himoya» axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Tizim avtomobil va unga o‘rnatilgan gaz-ballon uskunasi haqidagi ma’lumotlarni tekshiradi.
Quyidagi holatlarda avtomobilga gaz quyish taqiqlanadi:
— gaz-ballon uskunasini o‘rnatish uchun ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmasa;
— transport vositasining majburiy texnik ko‘rik muddati o‘tgan bo‘lsa;
— foydalanish muddati tugagan gaz balloni ishlatilayotgan bo‘lsa;
— gaz uskunasi majburiy sinovlardan o‘tgani haqida ma’lumot topilmasa.
Ya’ni haydovchida hujjatlar to‘liq bo‘lmasa yoki avtomobil xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘z vaqtida o‘tmagan bo‘lsa, shoxobchada unga gaz quyilmaydi.
Shuningdek, mas’ul idoralar xavfli hududlarda joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining alohida reyestrini shakllantiradi.
Xavfsizlik talablarini buzib ishlayotgan yoki aholi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan obyektlar xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi. Buning imkoni bo‘lmasa, ularning faoliyati to‘xtatilib, shoxobchalar yopilishi mumkin.
Yangi tartib gaz ballonlarining portlashi bilan bog‘liq hodisalarning oldini olish, texnik nosoz avtomobillarni aniqlash va haydovchilar hamda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.































Izohlar 0
…