Ronaldu va Husanovning maydondagi sirli suhbati tafsilotlari oshkor bo‘ldi!

O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy Jahon chempionatidagi ishtiroki nafaqat shiddatli o‘yinlar, balki dunyo yulduzlari bilan bo‘lgan qiziqarli voqealar bilan ham muxlislar xotirasida qoladigan bo‘ldi. Ayniqsa, Portugaliyaga qarshi kechgan bahsda milliy jamoamiz va "Manchester Siti" himoyachisi Abduqodir Husanov hamda futbol afsonasi Krishtianu Ronaldu o‘rtasidagi suhbatlar butun dunyo OAV diqqat markazida bo‘lgan edi. O‘shanda ularning aniq nima haqida gaplashgani sirligicha qolayotgandi.
Xushxabar! Taniqli sport jurnalisti Davron Fayziyev o‘zining Instagram sahifasida Xyustondagi uchrashuvdan eksklyuziv lavhalar joylashtirib, ikki yulduz o‘rtasidagi o‘sha sirli suhbat tafsilotlarini ochiqladi.
29-daqiqadagi bahs: «Abbos qo‘pol o‘yinchi emas!»
O‘yinning eng hayajonli va muhokamali lahzasi 29-daqiqada yuz berdi. Yarim himoyachimiz Aziz G‘aniyev uzoq masofadan dahshatli va o‘ta chiroyli supergol urib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirgandi. Biroq marokashlik hakam Jalol Jayed VAR takrorini ko‘rib, hujum boshlanishida Abbosbek Fayzullayev Portugaliya himoyachisi Joau Kanseluga nisbatan qoida buzgan deb topdi va golni bekor qildi. Aynan shu epizoddan keyin Ronaldu va Husanov o‘rtasida bahs kelib chiqqan.
Jurnalist Davron Fayziyevga Abduqodir Husanovning o‘zi vaziyatni quyidagicha tushuntirib bergan:
"O‘yin davomida juda ko‘p gaplashdik. Asosan maydondagi vaziyatlar haqida fikr almashdik. Aynan o‘sha videoda bir-birimizga nimalar deganimizni aniq eslay olmayman. Masalan, bekor qilingan golimizdan keyin biroz tortishib qoldik. Ronaldu o‘sha epizodda qoida buzilganini aytdi, men esa Abbos qo‘pol o‘ynaydigan futbolchi emasligini ta’kidladim. Biroq har safar suhbatimiz iliq va do‘stona ruhda o‘tdi".
60-daqiqa: Ronaldudan o‘zbek himoyachisiga do‘stona dalda
Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni Xyuston shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turida Portugaliya terma jamoasi debyutant O‘zbekistonni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Krishtianu Ronaldu terma jamoa safida yirik turnirlardagi 10 ta o‘yinlik golsiz seriyasiga aynan biz bilan o‘yinda chek qo‘yib, dubl qayd etdi. Qolgan gollarni Nunu Mendesh va Rafael Leau kiritdi, yana bir to‘p esa darvozabonimiz Abduvohid Ne’matovdan avtogol bo‘lib darvozamizga kirdi.
Aynan 60-daqiqada, o‘sha baxtsiz avtogol sodir bo‘lgan paytda maydonda juda chiroyli holat kuzatildi. Portugaliya sardori Ronaldu "Manchester Siti"ning yosh himoyachisi Abduqodir Husanovning yoniga kelib, uni iliq quchoqladi, yelkasidan do‘stona silkitib, ruhan qo‘llab-quvvatladi.
Garchi tablodagi hisob biz istagandek bo‘lmasa-da, 22 yoshli himoyachimizning Krishtianu Ronaldudek afsona bilan maydonda tengma-teng bahslasha olishi va undan bunday hurmat ko‘rishi o‘zbek futbolining kelajagi buyuk ekanidan dalolatdir!































Izohlar 0
…