14:48 / 15.06.2021
4 886

Oʻzbekistonda yangi banknotalar muomalaga chikarildi: bu nimaga olib keladi?


Bugungi kunda Oʻzbekistonda 2000 va 20000 sumlik yangi kupyuralar muomalaga chikarildi. Ushbu mavzuda Sputnik muxbiri savollariga Markaziy bank departament direktori Akmal Nazarov javob berdi.

2000 soʻmlik va 20 000 soʻmlik banknotlarni muomalaga chiqarishdan maqsad nima?
- Mazkur nominaldagi banknotlarni muomalaga chiqarishdan asosiy maqsad – aholi uchun naqd puldagi hisob-kitoblarda toʻlovlarni amalga oshirish uchun qulayliklar yaratish hisoblanadi.

Naqd pullarning nominal qatorini belgilashning butun dunyo mamlakatlari amal qiladigan nazariyasiga koʻra, misol tariqasida aytadigan boʻlsak,
1 va 5 qiymat nominalidagi banknotlar orasida - 2 qiymatli,
10 va 50 qiymat nominalidagi banknotlar orasida - 20 qiymatli,
100 va 500 qiymatdagi banknotlar orasida - 200 nominal va hokazo tartibda boʻlishi naqd puldagi toʻlovlar uchun qulay ekanligi maʼlum qilingan.
Nega endi chiqarilmoqda degan savol tugʻilishi mumkin - Markaziy bank tomonidan 2017 yilning mart oyidan 10 000 soʻmlik banknotlar, avgust oyidan 50 000 soʻm nominaldagi banknotlar muomalaga chiqarilgan edi.

Yuzaga kelgan holat, yaʼni naqd pul muomalasining erkinlashtirilishi ortidan iqtisodiyotda va banklar orqali naqd pul aylanmalari hajmlarining kengayib borishi oqibatida:
1. Naqd pulda toʻlovlarni amalga oshirishda, ularni olib yurish, saqlash;
2. Naqd pullar bilan ishlash, ayniqsa banklarda naqd pullarni sanash, saralash va oʻrab-bogʻlash jarayonlarida qulaylik va yengillik yaratish maqsadida yanada kattaroq nominaldagi banknotga ehtiyoj yuzaga kelishi 2019 yil fevralda 100 000 soʻmlik banknotning muomalaga chiqarilishiga sabab boʻldi.

Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, mamlakatimizda qisqa muddat ichida amalga oshirilgan iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari ortidan naqd pulga boʻlgan talabning oshishi va ushbu talabni qondirish uchun (oraliq nominaldagi pul belgilaridan sakrab oʻtib) kattaroq nominaldagi banknotlarni muomalaga chiqarish zaruriyati yuzaga keldi.

Ikkinchidan, Markaziy bank tomonidan amalda 2018 yildan boshlangan muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini optimallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida:
  • 50, 100, 200, 500 soʻmlik yangi namunadagi tangalarning muomalaga chiqarildi hamda ushbu nominaldagi eski namunadagi tangalar va banknotlar bosqichma-bosqich muomaladan qaytarib olindi (bu jarayon Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan haliyam amalga oshirilmoqda);
  • 25 soʻm va undan kichik nominaldagi banknotlar va tangalarning 2020 yil 1 martdan boshlab qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotdi.
Ushbu chora-tadbirlarning davomi sifatida bugungi kunda 2000 soʻmlik va 20 000 soʻmlik banknotlarni muomalaga chiqarish orqali pul belgilarining nominal qatori toʻldirilmoqda.

- 2000 soʻmlik va 20 000 soʻmlik banknotlarni muomalaga chiqarilishi inflyatsiyaga taʼsir koʻrsatmaydimi?
- Yangi banknotalar muomalaga chiqarilishining milliy valyuta qadriga, pul massasiga yoki inflyatsiya darajasiga hech qanday taʼsiri boʻlmaydi. Bunda yangi banknotning muomalaga chiqarilishi bu muomalaga qoʻshimcha pul mablagʻlarining chiqarilishi sifatida koʻrilmasligi lozim.

Aholiga naqd puldagi toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida chiqarilayotgan mazkur pul belgilari muomalada boʻlgan boshqa banknotlarning oʻrniga chiqariladi. Yaʼni, muomaladagi naqd pul mablagʻlari hajmida ham va iqtisodiyotdagi pul massasi hajmida ham oʻzgarish boʻlmaydi.

Iqtisodiyotdagi pul massasi oʻzgarmaganidan keyin yangi muomalaga chiqarilayotgan banknotlar inflyatsiya darajasiga va soʻmning almashuv kursiga taʼsir etmaydi.

Bunda iqtisodiy faollikning tiklanishi va iqtisodiy oʻsish bilan bir qatorda pul massasiga, xususan, naqd pul mablagʻlariga boʻlgan talab mos ravishda ortib boradi hamda qoʻshimcha pul mablagʻlari muomalaga chiqariladi.

Yangi qiymatdagi banknotlar ham aynan iqtisodiyotda tabiiy ravishda shakllangan pulga boʻlgan talabning bosqichma-bosqich ortib borishi fonida boshqa qiymatdagi banknotlar bilan birgalikda chiqarib boriladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsion targetlash rejimida amalga oshirilayotgan boʻlib, asosiy eʼtibor iqtisodiyotda inflyatsiya darajasini pasaytirish, narxlar barqarorligini taʼminlash va shu orqali makroiqtisodiy barqarorlikka erishishga qaratilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Oʻzbekistonda yangi banknotalar muomalaga chikarildi: bu nimaga olib keladi?