16:30 / 27.07.2021
5 160

«Jamiyat puliga binolar qurib, bu bizga foyda keltiradi, deb o‘ylaymiz» - Iqtisodchi Behzod Hoshimov


Kadr: YouTube
Iqtisodchi va bloger Behzod Hoshimov «Ular» loyihasining navbatdagi sonida «kargo-kult» g‘oyasi haqida fikr bildirdi. U ushbu g‘oya haqida «Doroga k svobode. Besedi s Kaxoy Bendukidze» kitobida o‘qiganini aytib o‘tgan, deb yozadi «Gazeta.uz».

«Kargo-kult» — o‘zi uchar jismlar hamda havo xudolariga ishonishni targ‘ib qiluvchi e’tiqod. XIX asrlarda Mikroneziya aholisiga g‘arb mamlakatlari tomonidan samolyotlar orqali oziq-ovqat mahsulotlari yuborilgan. Buning oqibatida esa mikroneziyaliklar «samolyotlar bizni boqadi», deya ularning kichik modellarini yasab, unga sig‘ina boshlashgan.

«O‘sha qabiladagilar samolyotlarning haykallarini yasashgan. Chunki samolyot ularni boqqan. Bendukidzening (Kaxa Bendukidze — gruziyalik tadbirkor va davlat arbobi — tahr.) fikricha, biz sovet tizimidan chiqqan insonlar ham katta ‘kargo-kult’da yashayapmiz. Masalan, men bir viloyatga borganimda u yerdagi bir odam biror binoni ko‘rsatib, buni hokim qurgan, deydi. Hokim quruvchimas, me’mormas, qanday qilib yo‘q narsani bor qiladi hokim? Biz davlatni ‘kargo-kult’ kabi qabul qilamiz. Hokim pulni ishlab chiqarmaydi, u oylikka ishlaydigan byurokrat. U shifoxona qurolmaydi yoki bolalar bog‘chasi qurolmaydi. U faqat jamiyatning pulini taqsimotini qiladi. Ya’ni bizning ularga nisbatan ‘kargo-kult’imiz bor», — deydi Behzod Hoshimov.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, ikkinchi «kargo-kult» bu — o‘zbekcha «kargo-kult».
«Biz kelajakda pul olamiz deb, xuddi Mikroneziyada samolyot qurishgani kabi tijoriy tashkilotlar quramiz. Zavodlar, fabrikalar, biznes markazlar… Masalan, Toshkentdagi NBU (Milliy bank — tahr.) yonida joylashgan biznes markaz ham ‘kargo-kult’ga o‘xshaydi. Biz bilamizki, chet elda shunaqa banklar, binolar bor. Biz ham shunday qilsak boyib ketamiz, deymiz. Bizga Mikroneziyadagi samolyot kulgili ko‘rinyapti, aslida bizda ham xuddi shunaqa samolyot ko‘p», — deydi u.

Behzod Hoshimov O‘zbekiston, asosan, xalq xo‘jaligi ob’ektlari, masalan, zavodlar, mehmonxonalar, osmono‘par binolar qurishini aytib o‘tdi. «Bizning ham o‘sha ‘kargo-kult’chilardan prinsipial farqimiz yo‘q. Biz ham jamiyat puli evaziga quramiz-da, shu narsa bizga foyda olib keladi, deb o‘ylaymiz. Biz mohiyatni suratga almashtiryapmiz», — deydi iqtisodchi.

Iqtisodchining aytishicha, Andijon viloyatining Asaka tumanidagi avtomobil zavodi ham «kargo-kult». «Zavod bo‘lsa, pul bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Pul — puldek turishi kerak», — deya qo‘shimcha qiladi u.

«Mening xohishim shuki, o‘zimizga but yasab qo‘ymaylik. Ko‘p dinlarda Muso alayhissalomni Misrdan ketishi haqida aytilgan voqea bor. Ma’no qanaqa bo‘ladi: ular o‘zlariga but qurib olishadi va 40 yil cho‘lda aylantirib yuradi. Sababi o‘sha ‘kargo-kult’ni yaratmaslik. Sizlar o‘zlaringizga sigir yaratib oldinglar. Sizlarga ne’matni beradigan u sigir emas, deydi Muso. Biz ham shunaqa sigirlar qilib olyapmiz. O‘zi pulimiz yo‘q, o‘sha hikoyada ham puli bo‘lmaydi, lekin bor pulidan sigir yaratib olishadi. Bizda ham hamma yoqda sigir», — deya ta’kidlaydi Hoshimov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » «Jamiyat puliga binolar qurib, bu bizga foyda keltiradi, deb o‘ylaymiz» - Iqtisodchi Behzod Hoshimov