08:00 / 10.09.2024
30

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
Foto: Bosh vazir matbuot xizmati
Toshkent shahrida 9 sentyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning beshinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida o‘tgan yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarining bugungi holati, istiqbollari muhokama etildi.

Majlisda ikki davlat rahbarlarining uzoqni ko‘zlagan siyosiy irodasi tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilib borayotgani ta’kidlandi.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati
Keyingi yetti yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 baravar ko‘paydi. Joriy yilning yetti oyida esa tovar ayirboshlash hajmi yana 30 foizga oshgan.

Majlisda davlatlar rahbarlari tomonidan hukumatlar zimmasiga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 milliard dollargacha yetkazish vazifasi qo‘yilgani, bunga erishish uchun hamkorlik loyihalarini izchil amalga oshirish hamda import o‘rnini bosish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi alohida qayd etildi.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati
Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda uch mingdan ziyod qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida Rossiyada ham o‘zbek kapitali ishtirokida ko‘plab tadbirkorlik subyektlari ishlamoqda.

Metallurgiya, energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari yo‘lga qo‘yilgan.

Transport-tranzit yo‘nalishi o‘zaro hamkorlikning yana bir muhim tarmoqlaridan biridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar soni haftasiga qariyb 300 taga yetdi. Temir yo‘lda yo‘lovchi tashish esa to‘laligicha tiklandi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Madaniyat, san’at, turizm, fan, sport yo‘nalishlarida aloqa jadallashdi. Yetakchi oliy o‘quv yurtlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Rossiya yetakchi oliy o‘quv yurtlarining 14 ta filiali yurtimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati
Majlisda istiqbolli sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarining amalga oshirilishini ta’minlash hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish rejalari ko‘rildi.

Shuningdek, erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilinib, o‘zaro hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlari kelishib olindi.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike qabul qilindi hamda bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.

Shu kunining o‘zida Rossiya Federatsiyasi hukumati delegatsiyasi Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi va Texnoparkda bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar bilan tanishdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi