Bola maktabni yoqtirmasa, bu har doim muammo emas

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Agar bola maktabga befarq bo'lsa, bu uning tabiiy qiziqishining boshqa sohada ekanligini ko'rsatishi mumkin.
- Bola biror ish bilan soatlab shug'ullanib, o'sha mavzu haqida tinimsiz gapirsa, mustaqil ravishda kitoblar o'qisa yoki videolar ko'rsa, buni "bekorchilik" deb qabul qilishga shoshilmaslik kerak.
- Bolaning qiziqishini tanqid va bosim bilan so'ndirish oson, lekin uning kuchli tomoni bo'lishi mumkin bo'lgan bu qiziqishni to'g'ri yo'naltirish muhimdir.
Bola maktabni yoqtirmasa yoki darslarga befarq bo‘lsa, ko‘pchilik ota-ona darhol xavotirga tushadi. Ammo ba’zan bolaning befarqligi emas, uning haqiqiy qiziqishi boshqa joyda ekanini ko‘rish muhim.
Agar farzandingiz biror ish bilan soatlab shug‘ullana olsa, o‘sha mavzu haqida tinimsiz gapirsa, mustaqil ravishda kitoblar o‘qisa, videolar ko‘rsa va yangi narsalarni o‘rganishga intilsa — buni shunchaki «bekorchilik» deb qabul qilishga shoshilmang.
Hatto uning qiziqishi kompyuter o‘yini bo‘lsa ham, avvalo nima uchun aynan shu narsa unga qiziq ekanini tushunishga harakat qiling.
Chunki bolaga mehnatsevarlik, qiziqish va bir ishga berilgan holda ishlash qobiliyatini majburan singdirish qiyin. Lekin uning tabiiy qiziqishini tanqid, bosim va taqiqlar bilan so‘ndirish juda oson.
Bolaning qiziqishi — uning kuchli tomoni bo‘lishi mumkin
Har bir bola maktabdagi barcha fanlarga birdek qiziqmasligi tabiiy. Muhimi, u umuman hech narsaga qiziqmaydimi yoki muayyan bir sohada juda kuchlimi?
Agar ikkinchi holat bo‘lsa, ota-onaning vazifasi bolani majburan boshqa yo‘lga burish emas, balki uning qiziqishini to‘g‘ri yo‘naltirishdir.
Kompyuter o‘yiniga qiziqqan bola keyinchalik dasturlash, dizayn, animatsiya, kibersport yoki texnologiyalarga qiziqishi mumkin. Kitobga berilgan bola esa yozish, tadqiqot yoki boshqa intellektual sohalarga yo‘nalishi ehtimol.
Albatta, bu maktabni butunlay tashlab qo‘yish kerak degani emas. Ta’lim va qiziqish bir-biriga raqib emas — ularni bir-biriga bog‘lash mumkin.
Eng muhimi, bolaning «menga qiziq» degan ichki hissini yo‘qotib qo‘ymaslik.
Chunki ota-ona va maktab bolaga bir ishga chin dildan berilishni o‘rgatishi qiyin. Ammo noto‘g‘ri munosabat bilan undagi bu xislatni juda tez o‘ldirib qo‘yishi mumkin.































Izohlar 0
…