date

Noxaq qamalgan inspektor 19 yil o‘tib oqlandi

Noxaq qamalgan inspektor 19 yil o‘tib oqlandi

Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi sobiq bojxona xodimi 19 yildan so‘ng oqlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Husniddin Choriyev o‘z vaqtida Surxondaryo viloyati Bojxona boshqarmasiga qarashli maskanda katta inspektor lavozimida ishlab kelgan. Unga qarshi 2006 yilda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida u bir necha shaxslar bilan til biriktirib, miqdori juda katta bo‘lgan mandarin mahsulotlarini bojxona yuk bayonnomasiga kiritmasdan, nazoratdan yashirib o‘tkazganlikda ayblangan. Shuningdek, undan davlatga to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlari to‘lanmay qolgani aytilib, Choriyev davlat va jamiyat manfaatlariga katta zarar yetkazganlikda gumon qilingan.

Shu ayblovlar asosida 2006 yil 31 oktyabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi tomonidan unga hukm chiqarilgan. Keyinchalik Qashqadaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi ham shu qarorni 2006 yil 27 dekabrda tasdiqlagan. Natijada, Choriyev qariyb ikki o‘n yildan ziyod vaqt davomida nohaq jazo orqali huquqiy oqibatlardan aziyat chekdi.

Biroq, uzoq yillar davomida olib borilgan shikoyat va takroriy murojaatlardan so‘ng ish qayta ko‘rib chiqildi. Joriy yilning 22 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasi yangi qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, Husniddin Choriyev to‘liq oqlandi va unga nisbatan avvalgi sud hukmlari bekor qilindi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu holat mamlakatimizda sud-huquq islohotlarining amaliy samarasini ko‘rsatadi. Noxaq jazoga mahkum etilgan shaxslar uchun adolat kech bo‘lsa-da, tiklanishi mumkinligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

Shu bilan birga, jamoatchilik bunday holatlar kelgusida takrorlanmasligi uchun sud-tergov jarayonlarida aniqlik va xolislikka yanada ko‘proq e’tibor qaratirish zarurligini qayd etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Noxaq qamalgan inspektor 19 yil o‘tib oqlandi