Rossiyaga ishlash uchun kirgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum bo‘ldi

Rossiyaga ishlash uchun kirgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • 2026 yilning birinchi yarmida 1 million 178 ming 609 nafar O‘zbekiston fuqarosi ishlash maqsadida Rossiyaga kirgan.
  • Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston xorijiy davlatlar orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
  • Mazkur raqamlar alohida shaxslar sonini emas, balki ishlash maqsadi ko‘rsatilgan kirishlarni aks ettiradi.

2026 yilning birinchi yarmida 1,1 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaga ishlash maqsadida kirgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston boshqa davlatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda 26 oktyabr kuni TASS Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida 1 million 178 ming 609 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaga ishlash maqsadida kirgan. Biroq bu raqam alohida shaxslar sonini emas, ishlash maqsadi ko‘rsatilgan kirishlarni aks ettiradi.

Reytingda ikkinchi o‘rinni Tojikiston egalladi. Ushbu davlat fuqarolari 494 ming 518 marta ishlash maqsadida Rossiyaga kirgan. Qirg‘iziston 289 ming 61 ta kirish bilan uchinchi o‘rindan joy olgan.

Shuningdek, Qozog‘iston fuqarolari 122 ming 654, Xitoy fuqarolari 89 ming 656, Armaniston fuqarolari 88 ming 629, Ozarbayjon fuqarolari 62 ming 440, Hindiston fuqarolari 27 ming 419, Turkmaniston fuqarolari 13 ming 428 va Turkiya fuqarolari 8 ming 360 marta Rossiyaga ishlash maqsadida kirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada ishlash tartibi fuqarolikka qarab farq qiladi. O‘zbekiston, Tojikiston va Ozarbayjon fuqarolari ishlash uchun patent olishi kerak. Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Armaniston fuqarolari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida patent olishdan ozod etilgan. Xitoy, Hindiston, Turkmaniston va Turkiya fuqarolari esa, odatda, ish vizasi va ishlashga ruxsatnoma olishi talab etiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga ishlash maqsadida kirishlari 2025 yilning birinchi yarmiga nisbatan 13,2 foizga kamaygan. Shunga qaramay, O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar