O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyodov 79 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyodov 79 yoshida vafot etdi

Bugun, 23 sentyabr kuni qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga ko‘p yillarini bag‘ishlagan taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyodov 79 yoshida vafot etdi. Prezident uning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Parda Ziyodov 1947 yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida tug‘ilgan. Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumida agronom mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. Harbiy xizmatdan so‘ng mehnat faoliyatini jamoa xo‘jaligida tabelchi sifatida boshlab, keyinchalik brigada boshlig‘i va boshqa mas’ul lavozimlarda ishlagan.

U 2003–2018 yillarda Sharof Rashidov tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilib, paxtachilik va g‘allachilikda o‘z tajriba maktabini yaratgan. Shuningdek, ko‘p yillar davomida yoshlarga ustozlik qilib, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashga hissa qo‘shgan.

Parda Ziyodov 1990–1995 yillarda Oliy Majlis deputati, 2005–2015 yillarda esa Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lgan. U ko‘p yillar davomida viloyat va tuman Kengashlari deputati sifatida ham faoliyat yuritgan.

Uning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlanib, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.

Prezident ta’ziya xatida Parda Ziyodovni mamlakat qishloq xo‘jaligining yorqin namoyondasi, mehnat faxriysi, samimiy va kamtarin inson sifatida yodga olgan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar