Uchtepadagi janjal videosi bo‘yicha rasman jinoyat ishi ochildi

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi va bir guruh fuqarolar o‘rtasidagi keskin tortishuv aks etgan video tarqalgandan so‘ng, poytaxt IIBB holat bo‘yicha rasmiy izoh berdi. Ma’lumotga ko‘ra, voqea joriy yilning 9-fevral kuni Uchtepa tumanidagi Yusuf Sakkokiy mahallasi hududida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi N.A. (yo‘lovchisi — 2005 yilda tug‘ilgan X.N.) hamda fuqarolar — 1993 yilda tug‘ilgan S.S., 1990-yilda tug‘ilgan O.S., 2006-yilda tug‘ilgan S.A. va 2008 yilda tug‘ilgan A.A. o‘rtasida avval og‘zaki bahs boshlangan. Keyinchalik ushbu tortishuv nazoratdan chiqib, o‘zaro janjalga aylangan.
Eng og‘ir jihat shuki, janjal davomida yuk avtomashinasidagi yo‘lovchi X.N. temir jism bilan fuqaro O.S.ning bosh qismiga zarba bergani va natijada unga tan jarohati yetkazilgani aniqlangan. Ya’ni, masala oddiy “gap talashish” darajasidan chiqib, zo‘ravonlikka borib taqalgan.
Holat yuzasidan Uchtepa tumani Ichki ishlar organlari Faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Huquq-tartibot idoralari voqeaning barcha tafsilotlari, janjal kelib chiqish sabablari va har bir ishtirokchining harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda. Qisqasi, video “shov-shuv” uchun chiqmagan — ish rasmiy ravishda qonun doirasida ko‘rilyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!