Yer savdosi: firibgarlik bilan pora olgan hokim o‘rinbosarlari ushlandi

Surxondaryo va Namanganda yer masalasi atrofidagi “tezlashtirib beramiz” degan sxemalar yana bir bor ochilib qoldi. Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, bir holatda tuman hokimi o‘rinbosari, ikkinchisida esa hokim yordamchisi qonunga zid harakatlarda gumon qilinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalanib, hokimlik zaxirasidagi 9 gektar yer maydonini ijaraga “chiqarib berish”ni rejalashtirgan. Yerni Sherobod tumanida yashovchi fuqaroga poliz ekinlari ekish uchun 4 oyga ijaraga rasmiylashtirish evaziga 90 mln so‘m talab qilingan.
Kelishuvga ko‘ra, u joriy yil yanvar oyida pulning 30 mln so‘mini olgan, qolgan 60 mln so‘mni esa Termiz shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida qabul qilib olayotgan paytida fosh etilgan. Tezkor tadbir Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgani qayd etildi. Holat bo‘yicha mansabdorga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Ikkinchi holat Namangan viloyati Chust tumanida kuzatildi. Mahallalardan birida ishlovchi hokim yordamchisi 2022 yilda “Sadacha” kichik sanoat zonasi hududidan qarindoshiga tadbirkorlik uchun ajratilgan 43 sotix yerning 20 sotix qismini “tanishlar orqali” boshqa fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 23 ming dollar talab qilgan. U oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingani bildirildi.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Qisqasi: yer — katta resurs, ammo “bitta qo‘l telefon, bitta qo‘l konvert” uslubi oxiri baribir kameraga tushadi. Endi eng muhimi — tergov yakunida qarorlar ochiq va adolatli bo‘lishi, bunday “kelisha qolamiz” degan yo‘llar esa tizimli ravishda berkitilishi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!