Ikki hududda yirik giyohvandlik holati fosh etildi...

«Qoradori — 2026» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida giyohvand moddalar bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi.
Shahrisabzdagi xonadon issiqxonasidan yuzlab kannabis tuplari topilgan bo‘lsa, Toshkentda qariyb ikki kilogramm gashishni sotishga urinishning oldi olindi.
Issiqxonada 714 tup kannabis yetishtirilgan
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari hamkorligida Shahrisabz shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Natijada 1985 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, u yashash xonadoni hovlisidagi 5,3 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qilib, sotish maqsadida 714 tup kannabis o‘simligini ekib, parvarishlab kelgan.
Kannabisning og‘irligi 201 kilogramm chiqqan
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan kannabis o‘simliklarining sof og‘irligi 201 kilogrammni tashkil etgan.
Barcha o‘simliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Yunusobodda qariyb 2 kg gashish topildi
Yana bir tezkor tadbir Toshkent shahrining Yunusobod tumanida o‘tkazildi.

DXX va bojxona organlari xodimlari Bekobod shahrida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan shaxsni to‘xtatib, tekshirgan.
Tekshiruv vaqtida uning qo‘lidagi sellofan paketdan 1 kilogramm 994 gramm gashish giyohvand moddasi topilgan.
Giyohvand modda kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur gashish qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kirilgan.
Uni Toshkent shahrida sotish rejalashtirilgani aniqlangan.
Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Hozirda giyohvand moddalarning kelib chiqishi, ularni sotish rejalari va ehtimoliy boshqa ishtirokchilarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari davom etmoqda.































Izohlar 0
…