Bolaning og‘ziga mato tiqqan bog‘cha taqdiri hal bo‘lmoqda

Bolaning og‘ziga mato tiqqan bog‘cha taqdiri hal bo‘lmoqda

Toshkent shahrida tarbiyalanuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bilan bog‘liq mojaro markaziga aylangan Rayyan Kids Land xususiy bog‘chasining litsenziyasi bekor qilinishi mumkin. Mas’ul idoralar muassasa faoliyatida qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar davomida nodavlat ta’lim tashkiloti litsenziya shartlarini oltita holat bo‘yicha buzgani aniqlangan. Ular orasida 24 iyun kuni tarbiyachi tomonidan tarbiyalanuvchilardan biriga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilgani ham bor.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, agar litsenziya talablari bir marta qo‘pol ravishda buzilib, bu holat fuqarolarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgan bo‘lsa, litsenziyani bekor qilish uchun huquqiy asos yuzaga keladi.

Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur xususiy bog‘cha litsenziyasini bekor qilish masalasida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga rasmiy murojaat kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumanida joylashgan ushbu xususiy bog‘chada bolalarga nisbatan qo‘pol munosabat aks etgan videolar keng tarqalgan edi. Tasvirlarda tarbiyachilarning ayrim bolalarga bosim o‘tkazgani, bir bolaning og‘ziga mato tiqilgani va yana bir tarbiyalanuvchining qo‘li eshik orasida qisilgani aks etgani jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi — qiynash alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, jabrlangan tarbiyalanuvchilarning tan jarohatlarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar