Odilxon qori qariyb 8 yilga hukm qilindi

Odilxon qori qariyb 8 yilga hukm qilindi

Toshkent shahridagi bir qator masjidlarda imom-xatib bo‘lib faoliyat yuritgan hamda “Rayxon oilaviy milliy taomlari” tarmog‘i asoschisi sifatida tanilgan Odilxon qori Ismoilovga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Odilxon Ismoilov va yana olti nafar shaxsga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, jami yetti nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi, hujjatlarni yashirish hamda qalbaki hujjatlardan foydalanishga oid moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Hukmga muvofiq, Odilxon Ismoilovga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sud tomonidan qamoqda saqlangan vaqt hisobga olingani sababli jazo muddati 7 yil 11 oy 28 kun etib belgilangan.

Qolgan olti nafar sudlanuvchiga esa ularning jinoiy harakatlari darajasidan kelib chiqib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llangan.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida aniqlangan moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilangan.

Oliy sudning ta’kidlashicha, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan qonunda belgilangan tartibda Namangan viloyati sudining apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish mumkin.

Ma’lumot uchun, Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li 1977 yil Namangan shahrida tug‘ilgan. U turli yillarda Toshkent shahridagi “Hazrati Umar”, “Shayx Zayniddin”, “Firdavs” va “Xo‘ja Alambardor” masjidlarida imom-xatib sifatida xizmat qilgan. Shuningdek, u bir muddat “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar