Qashqadaryoda 500 dollar pora olgan direktor 5 yilga qamaldi

Qashqadaryoda 500 dollar pora olgan direktor 5 yilga qamaldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Qashqadaryo viloyatida maktabga fizika o‘qituvchisi sifatida ishga joylashtirish evaziga 500 dollar talab qilgan direktor 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
  • Mirishkor tumanidagi maktabda direktor vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan 62 yoshli F.G. talabadan kelishilgan mablag‘ o‘rniga 6 million so‘mni olayotgan vaqtda tezkor tadbirda ushlandi.

Qashqadaryo viloyatida ishga qabul qilish evaziga pora talab qilgan maktab direktoriga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Sud qaroriga ko‘ra, u 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 62 yoshli F.G. 2026 yil 26 fevral kuni Mirishkor tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Tayinlovdan so‘ng unga xodimlarni ishga qabul qilish va mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish vakolati berilgan.

Oradan ikki oyga yaqin vaqt o‘tgach, Qarshi davlat universitetining fizika yo‘nalishida tahsil olayotgan 4-bosqich talabasi ish izlab mazkur maktabga murojaat qilgan. Tergov materiallariga ko‘ra, direktor uni fizika o‘qituvchisi sifatida ishga joylashtirish uchun 500 AQSH dollari talab qilgan.

Talaba mazkur suhbatni telefoniga yozib olgan va bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Keyinchalik u kelishilgan mablag‘ o‘rniga 6 million so‘mni direktorga topshirgan vaqtda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Ma’lum qilinishicha, direktor pulni olgach, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ko‘rib, voqea joyidan qochishga uringan. U olgan pulni bedazorga uloqtirib, maktab devoridan oshib qochmoqchi bo‘lgan. Biroq taxminan 200 metr masofada qoqilib yiqilgan va tezkor xodimlar tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirishkor tumani sudi F.G.ni Jinoyat kodeksining pora olishga oid moddasi bilan aybdor deb topdi. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, u ikki yil davomida davlat ishtirokidagi tashkilot va muassasalarda rahbarlik hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum qilindi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar