Qibrayda 19 yoshli yigit soxta prokuror bo‘lib yurgani aniqlandi

Toshkent viloyatining Qibray tumanida o‘zini prokuratura xodimi deb tanishtirib, qalbaki xizmat guvohnomasidan foydalangan 19 yoshli yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 12 iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2007 yilda tug‘ilgan K.X. boshqaruvidagi Cobalt avtomobili to‘xtatilgan. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilayotgan vaqtda u qonuniy choralar qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘zini Qibray tumani prokuraturasi xodimi sifatida tanishtirgan hamda qalbaki xizmat guvohnomasini taqdim etgan.
Tekshiruv jarayonida unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Avtomobil ko‘zdan kechirilganda esa salondan boshqa davlat raqam belgisi — 25 C 836 AA aniqlangan.
Shundan so‘ng, gumonlanuvchidan qalbaki xizmat guvohnomasi hamda bir juft davlat raqam belgisi daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…