18:16 / 03.06.2019
3 328

Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan 575 nafar mahkumni avf etdi

Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan 575 nafar mahkumni avf etdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida davlatimiz gumanistik siyosatining hamda xalqimizga xos ezgulik va mehr-oqibat, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Mazkur insonparvarlik akti – davlatimizning har qanday holatda ham fuqarolar uchun g‘amxo‘rligining yorqin misolidir. Jinoyatga qo‘l urgan, boshi devorga tekkandan so‘ng adashganligini tushunib yetgan odamlarni afv etish – muqaddas dinimizning ham asosiy arkonlaridan biri sanaladi.

Farmonga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 575 nafar fuqaro avf etildi.

Ularning 361 nafari jazodan to‘liq ozod qilinib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag‘riga qaytariladi, shuningdek, 214 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazo muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini ayollar, 1 nafarini chet el fuqarosi tashkil etadi.

Davlat rahbari farmonda qayd etganidek, jinoyat sodir etgan shaxslarni faqat jazolash emas, balki “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida qayta tarbiyalash, ularning o‘z halol mehnati bilan jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun barcha birdek mas’ul.

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish yuzasidan mas’ul vazirliklar, idoralar va hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan 575 nafar mahkumni avf etdi